O‘zbekiston dunyoda birinchi bo‘lib yashil vodoroddan mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaradi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘zkimyosanoati” AJ axborot xizmati rahbari Rustambek Eshbekov ma’lum qildi.

“O‘zkimyosanoat” AJ tomonidan Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda Chirchiq shahrida “Yashil vodorodni ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Qiymati 88,0 million AQSh dollarini tashkil qiladigan mazkur loyiha doirasida birinchi bosqichda 2025-yilda respublikada 3 ming tonna yashil vodorod va quvvati 52 MVt shamol trubinasi, ikkinchi bosqichda esa 500 ming tonna yashil ammiak va 2,4 GVt shamol trubinalari ishga tushiriladi.

Muqobil elektr energiya resurslaridan samarali foydalanish natijasida dunyoda birinchilardan bo‘lib yashil vodoroddan mineral o‘g‘itlarni ishlab chiqarishga va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlarni dunyo bozorlariga yo‘naltirishga erishiladi.

“Bugungi kunda Yevropa davlatlarida yashil mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan talab juda yuqori bo‘lib, ularni 15−20 foiz qimmat sotish mumkin. Bu kabi mahsulotlarni ishlab chiqarish O‘zbekiston kimyo sanoati geografiyasini yanada kengaytirish imkonini beradi”, — dedi Rustambek Eshbekov.

Qayd etilishicha, loyihani amalga oshirishdan quyidagi maqsadlar ko‘zlanyapti:

  • Mamlakatga kimyo sohasidagi eng oxirgi innovatsion va energiya tejamkor texnologiyalarni olib kirish va shu orqali kimyo sanoati sohasini dekarbonizatsiya qilish, shu bilan birga yashil texnologiyalarga o‘tish;
  • o‘g‘it ishlab chiqarishda tabiiy gazdan foydalanishni qisqartirish va har yili qariyb 33 mln metr kub tabiiy gazni iqtisod qilish;
  • ushbu texnologiyalarni amalda sinab ko‘rgan va ularni ishlata olish ko‘nikmasiga ega bo‘lgan mutaxassislar bazasini shakllantirish.

Avvalroq O‘zbekistonda yashil vodorod ishlab chiqarish majmuasini qurish avgust oyida boshlanishi rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi. Saudiya kompaniyasi yashil vodorod ishlab chiqarish majmuasini yaratishga sarmoya kiritadi. Inshoot Chirchiq shahridagi ammiak zavodi negizida quriladi. Majmuaning loyiha quvvati yiliga 3 ming tonna vodorodni tashkil etishi aytilmoqda.