Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-noyabr kuni o‘tkazgan yig‘ilishda elektrotexnika sanoatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, so‘nggi olti yilda bu sohada 640 million dollarlik 224 ta loyiha ishga tushirilgan. Bu yil yakunida eksport 1 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekistonga yiliga 800 mln dollarlik elektrotexnika tovarlari import bo‘lmoqda. Umuman olganda, mintaqamizda 3 mlrd dollarlik bozor bor.

“Bunda munosib o‘rin egallash uchun nufuzli brendlar bilan hamkorlik o‘rnatib, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish zarurligi qayd etildi. Kelgusi yilga mo‘ljallangan 2 mlrd dollarlik 141 ta loyihada bunga alohida e’tibor qaratiladi”, — deyiladi xabarda.

2023-yilda 2 gigavatt, 2024-yilda yana 4 gigavatt quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushiriladi. Ularga juda ko‘p kabel, generator, invertor, transformatorlar zarur. Bu mahsulotlarni mahalliylashtirib, xalqaro sifat sertifikatlari olish vazifasi qo‘yildi.

Shavkat Mirziyoyev sohada ilg‘or texnologiya, innovatsiya va xalqaro standartlarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun 100 mln dollar yo‘naltirilishini ma’lum qildi.

Mutasaddilar kelgusi yilda ishlab chiqarishni 20 foizga oshirish, misni qayta ishlash hajmini 140 ming tonnaga olib chiqish rejalarini bayon etdi. Shuningdek, eksportni 1,5 milliard dollarga, 2025-yilda 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyati borligi qayd etildi.