O‘zbekiston endokrinologlar milliy uyushmasi raisi professor Feruza Haydarovaning so‘zlariga ko‘ra, noto‘g‘ri ovqatlanish, kamharakatlilik oqibatida kelib chiqadigan ortiqcha vazn, nosog‘lom turmush tarzi sabab qandli diabet bilan kasallanganlar soni yildan-yilga ko‘paymoqda, kasallikning o‘zi esa borgan sari “yosharmoqda”.

“Hozir dunyoda yarim milliarddan ortiq kishi ushbu darddan aziyat chekmoqda. Ularning aksariyati xastalikning ikkinchi turiga chalingan. Diabetning bu turi rivojlanishiga inson tanasida mushak to‘qimasining kamayib, yog‘ to‘qimasining ko‘payishi sabab bo‘ladi. Ammo xastalik vazni ortiqcha bo‘lmagan insonlarda ham rivojlanishi mumkin”, — deydi u.

Aram Gukasyanning “Ichki kasalliklar” nomli kitobida qandli diabet paydo bo‘lishining bir necha sabablari keltirilgan. Unga ko‘ra, aksariyat hollarda asabiy-emotsional kechinmalar, vahima, qo‘rqish va ba’zan ruhiy jarohatlar ham diabetga olib kelishi mumkin.

Noyabr diabet haqida xabardorlikni oshirish oyi hisoblanadi. Shu bois “Gazeta.uz” ushbu kasallikda nimalarga e’tibor qaratish lozimligi haqida material tayyorladi.

Qandli diabetning “achchiq” raqamlari

Hozir dunyo bo‘yicha 540 mln kishida qandli diabet bor. 1980−2014-yillarda diabet bilan kasallanganlar soni 108 mlndan 422 mlngacha ko‘paygan. Xalqaro diabet federatsiyasi prognoziga ko‘ra, 2030-yilga borib ushbu ko‘rsatkich 643 mln, 2045-yilda esa 783 mln kishiga yetishi mumkin. Eng yomoni, har ikki bemordan biri o‘zida diabet borligidan bexabar.

Kam va o‘rta daromadli mamlakatlarda diabetning tarqalish sur’ati yuqori daromadli davlatlarga qaraganda balandroq. Ya’ni, shunday tashxis qo‘yilgan har 4 katta odamdan 3 tasi O‘zbekiston kabi kam va o‘rta daromadli mamlakatda istiqomat qiladi.

Jahon bankining 2019-yilgi ma’lumotlarida 20 yoshdan 79 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston aholisining 7 foizida qandli diabetning birinchi va ikkinchi turi borligi ta’kidlanadi. Xalqaro diabet federatsiyasining O‘zbekistondagi qandli diabetga doir 2021-yilgi ma’lumotida kattalarning 6,3 foizida diabet borligi qayd etilgan. IDF Atlas ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilda O‘zbekistonda diabet tashxisi qo‘yilmagan aholi soni 74 foizni tashkil qilgan. Bu — xalqaro tashkilotlar tomonidan berilgan baho.

O‘zbekistondagi rasmiy raqamlar esa ancha kamtarona. Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019-yilgi ma’lumotida O‘zbekistonda 230 610 kishi diabet tashxisi bilan ro‘yxatga olingan aytiladi (2021-yilda ular soni 245 mingdan oshgan — ya’ni, O‘zbekiston aholisining 1 foizi ham emas). Butun dunyoda ushbu kasallikka chalinish holatlari soni oshib borayotgan bir vaqtda, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti O‘zbekistonda qandli diabetning ikkinchi turi bilan kasallanish (har 100 000 kishiga) 2017-yildagi 21,4 nafardan 2021-yilda 18,3 nafargacha kamayganini hisoblab chiqqan.

Akademik Yolqin To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan Endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazidan “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishlaricha, O‘zbekistonda 2022-yil davomida jami 48 711 kishi (ularning 616 nafari bolalar, 151 nafari o‘smirlar)da qandli diabet aniqlangan. 2023-yilning yarim yili davomida bemorlar soni 17 970 kishiga ko‘payib, jami 363 585 nafar (O‘zbekiston aholisining 0,99 foizi)ga yetgan; ularning 3206 nafari bolalar, 1175 nafari esa o‘smirlardir. Markazning qo‘shimcha qilishicha, butun 2022-yil davomida O‘zbekistonda 10 778 kishi qandli diabet asoratlaridan vafot etgan.

Qo‘rqinch

“Nega aynan men?”, “Endi bir umr shu kasallik bilan yashaymanmi?” — diabeti borligidan xabar topgan aksar bemorlar shu kabi savollar girdobida qolib, shokka tushadi. Lekin Dilfuza Karimovada unday bo‘lmagan. U “saxar”i borligi haqidagi tashxisdan otasining o‘limi haqidagi xabarni eshitganchalik larzaga kelmagan. Shifokorlarning “ertaga javob beramiz” degan gapiga ishonib, padari buzrukvorining ahvolidan xotirjam tortgan ayol otasi allaqachon vafot etganini tushunib yetganida hushini yo‘qotgan.

Dilfuza opaning otasida ham diabet bor edi. U otasini ko‘rikka olib chiqqan vaqtlari o‘zi ham tahlilga topshirar, qonidagi qand miqdori me’yordan baland chiqmasdi. Unda xususan diabetning ham darakchisi hisoblangan holsizlik, og‘iz qurishi va tez och qolish singari alomatlar ham bo‘lmagan. Hammasi otasining o‘limidan keyin boshlangan — o‘sha vaqtda kuchli stressni boshdan o‘tkazgan Dilfuza opa qandli diabetning ikkinchi turini orttirib olgan.

“Janozadan keyin qabristonga borganimizda, singlimga: „Menga ham shu yerdan joy tayyorlanglar“, deganim esimda. Singlim bunday gaplar Yaratganga ham xush kelmaydi, deb koyigan, hayot davom etishini aytib, dalda bergandi o‘shanda. Singillarim o‘z oilasi, bola-chaqasi, ularning kelajagi bilan yashagani uchun qaysidir ma’noda tushkunlikdan chiqib keta oldi. Men esa yolg‘iz ekanim sabab bu voqea ruhiy holatimga qattiq ta’sir qildi. Boz ustiga, onam har kun yonimda otamning rasmlariga qarab, yig‘lagani sayin yaram yangilanaveradi”, — deydi u.

Diabet o‘ziga nisbatan bepisandlikni yoqtirmaydi — beparvomisan, tanadagi biror organ orqali o‘zining borligini tezda bildiradi. Dilfuza opada ham shunday bo‘lgan. Oiladagi yo‘qotishdan so‘ng ruhiy holati va salomatligiga e’tibor bermay qo‘ygach, bir kuni uning buyragi qattiq og‘riydi. Shifokor ko‘rigidan keyin unga qandli diabetning ikkinchi turi tashxisi qo‘yiladi. Diabet allaqachon boshqa a’zolarni ham “istilo qilib” bo‘lgani bois opa besh yil ichida yetti operatsiyani, xususan, saraton amaliyotini ham boshdan o‘tkazadi.

20 yoshli Elyorbekka bundan sakkiz yil avval diabetning birinchi turi tashxisi qo‘yilgan. O‘shanda u o‘zini birdan xorg‘in his qilgan, to‘satdan ozib ketib, og‘zi quriydigan bo‘lib qolgan. Shundan keyin uning ota-onasiga bolani diabetga tekshirib ko‘rishni tavsiya qilishgan.

“Yaqin qarindoshlarim biolog-kimyogar bo‘lgani uchun qon, qand degan narsalarni bilardim. Lekin menga qanday tashxis qo‘yilganini, shifokor bergan qog‘ozni olgan onam nega yig‘lab yuborganini, davlat kasalxonasidan chiqib, nima uchun yana xususiy shifoxonada qayta tekshirtirishganini o‘shanda tushunmaganman”, — deydi Elyorbek.

U bormagan shifokoru tabib qolmagan, uni hatto chet elda davolatmoqchi bo‘lishgan. Diabet tashxisi qo‘yilganidan keyin o‘zi tanimaydigan qarindoshlari ham uning holidan xabar olgani kela boshlagan.

“Chunki 12 yosh bolaning diabetga chalinishi ular uchun ham yangilik bo‘lgan-da. Keyin bilsam, o‘sha yili O‘zbekistonda juda ko‘p bolalarda qandli diabet kuzatilgan ekan. Endokrinologiya shifoxonasida davolanayotganimda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni ham shu tashxis bilan olib kelishganini ko‘rganman”, — dedi Elyorbek.

Professor Feruza Haydarovaning tushuntirishicha, qandli diabetning birinchi turi tashxisi odatda 30 yoshgacha bo‘lgan bemorlarga qo‘yiladi, shu bois kasallikning bu turi “voyaga yetmaganlar diabeti” yoki “bolalar diabeti” ham deb ataladi. Diabetning birinchi turida immun tizimi ta’siri ostida oshqozonosti bezining endokrin hujayralari nobud bo‘ladi. Organizm insulin ishlab chiqara olmasligi oqibatida kasallik juda tez rivojlanadi.

Qandli diabet tekshiruvi qanday bo‘ladi?

Qandli diabet biokimyoviy diagnostikasi bemorda yetarli miqdorda insulin mavjudligini aniqlashni o‘z ichiga oladi, bu klinik belgilar bilan tasdiqlanadi. Shu maqsadda bir qator laboratoriya sinovlar o‘tkaziladi. Ular quyidagilardan iborat:

  • Glyukoza va kapillyar qonning normal darajasini aniqlash;
  • Och qoringa va mashqdan keyin glyukoza miqdorini aniqlash bilan glyukoza bardoshlik testi;
  • Siydikdagi keton tanachalari (atseton)ni tekshirish;
  • Glikirlangan gemoglobinni tahlil qilish;
  • Qonda S-peptid konsentratsiyasini aniqlash.

Feruza Haydarovaning qo‘shimcha qilishicha, laboratoriya diagnostikasining boshqa usullari ham bor — ular umumiy qon va siydik tahlillari, oshqozonosti bezi hujayralarida otoantikorlar, gormonlar darajasi (rezistin, adiponektin, grelin, leptin)ni aniqlashni o‘z ichiga oladi.

Elyorbek eslashicha, “o‘shanda shifokorlardan biri tinchlantirib, agar sog‘lom va to‘g‘ri turmush tarziga amal qilinsa, hamma ko‘rsatmalar bajarilsa, qo‘rqishga va vahimaga hojat yo‘qligi, shunchaki hamma narsa vaqtida, me’yorida bo‘lishi kerakligini aytgan”. Shuning uchun ham u diabetni “hayotni tartibga soluvchi xastalik” deb ataydi.

Ayni vaqtda, Elyorbek o‘zida bu kasallik qattiq qo‘rquv ortidan paydo bo‘lgan, deb hisoblaydi. “Biologiya bo‘yicha 7-sinfga o‘tish imtihonidan birinchi urinishda o‘tolmaganman — a’lochi, intizomli o‘quvchi bo‘lganim uchun bu menga yomon ta’sir qilgan, „uydagilarga nima deyman“, deb qo‘rqqanman. O‘qituvchilar shu imtihonni deb „seni sinfda qoldiramiz“ deganida ikki karra qo‘rqqanman”, — deb eslaydi u.

Mana shunday arzimas holatni deb og‘ir dardga chalingan Elyorbek nafaqat maktabda, balki oilada ham bolalarni o‘qishga jalb qilishga to‘g‘ri yondashish kerakligini ta’kidlaydi, kattalar shu jihatga e’tiborli bo‘lishlarini xohlaydi.

“Darslari deb boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini ko‘p koyishadi. Ammo nuqul tanbeh berish, qo‘rqitish bilan bola ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatish, fanga bo‘lgan qiziqishining yo‘qolishiga sababchi ham bo‘lish mumkin”, — deydi u.

Uning o‘rnida boshqasi bo‘lsa, o‘zining ta’biri bilan aytganda, maktabdan, hech yo‘g‘i biologiya fanidan ko‘ngli qolishi mumkin edi, ehtimol. Lekin Elyorbek taslim bo‘lmay, boshqacha yo‘l tutdi — maktabdagi biologiya imtihonidan yiqilgach, hayotiga qandli diabet kirib kelganiga qaramay, u aynan ximiya-biologiyadan puxta tayyorlanib, Kimyo-texnologiya institutiga davlat granti asosida o‘qishga kirdi.

Dalda

Diabetga chalingan kishilar uchun eng asosiysi — e’tibor va g‘amxo‘rlik. Avvalo, ular o‘ziga nisbatan beparvo bo‘lmasligi lozim ekani yuqorida ta’kidlandi. Ayni vaqtda, atrofdagilar ham ularga befarq bo‘lmasliklari maqsadga muvofiqdir. Jahon tajribasida diabetli kishilarni qo‘llab-quvvatlaydigan, ularga yordam beradigan tashkilotlar, tadqiqot markazlari va fondlar kam emasligiga guvohi bo‘lish mumkin.

Masalan, aholisining 8,5 mlnga yaqini diabetga chalingan Germaniyada German Diabetes Aid nodavlat tashkiloti diabeti borlar, ularning oilalari, tadqiqotchilar va boshqa mutaxassislarni o‘z qanoti ostida birlashtiradi. Mamlakatda Diabet assotsiatsiyasi, kasallik haqida bilim va maslahatlar beruvchi Association of Diabetes Educating and Councilling Professions tashkiloti bor.

AQShda butun O‘zbekiston aholisidan ham ko‘proq — 37,3 mln kishi diabetga chalingan. Mamlakatda kasallikka chora ko‘rish va u bo‘yicha ogohlikni oshirish yo‘nalishida faoliyat olib boruvchi ko‘plab tashkilotlar bor. Amerika diabet assotsiatsiyasi, Diabet advokatsiya birlashmasi, Diabet, ovqat hazm qilish va buyrak kasalliklari milliy instituti shular jumlasidan. Unga qo‘shni Kanadada 11,7 mln kishi diabet yoki prediabet bilan yashaydi. U yerda ham alohida Diabet assotsiatsiyasi, Diabet harakati, Diabetes Canada tashkilotlari bor. Bu tashkilotlarning bari bemorlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

O‘zbekistonga yaqinroq Turkiyada 20−79 yosh oralig‘idagi 7 mln kishi diabetdan aziyat chekadi. Ularga Turk diabet jamiyati, Turk diabet vaqfi kabi jamoat tashkilotlari yordam berib keladi. Qo‘shni Qozog‘istonda esa vaziyat O‘zbekistondagi o‘xshash — bemorlar soni rasman 431 mingdan ko‘proq, ammo aslida undan ko‘proq ekani taxmin qilinadi. Mamlakatning Qarag‘anda, Atirau, Turkiston viloyatlarida diabet markazlarini ochish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda ham “Diabet maktabi” kabi loyihalar, “Umid-D” kabi tashkilotlar bor. “Umid-D” Samarqand viloyatidagi qandli diabet va boshqa imkoniyati cheklangan shaxslarga yordam xayriya markazi bo‘lib, uning rahbari Karine Tatinsyan 1987-yildan beri diabet bilan yashaydi. O‘shanda u 11 yoshda edi. Ota-onasi bu xabardan qattiq xafa bo‘lgan, ammo bolaligidan kurashuvchan bo‘lgan Karine uyini ko‘z-yosh va g‘am-g‘ussa egallashiga yo‘l qo‘ymagan.

“Boshidanoq ota-onamga tashvishlanmasliklari va men bilan hammasi yaxshi bo‘lishini aytganman. O‘shanda qiyin vaqtlar edi. Biz tozalik darajasi past bo‘lgan insulindan boshlaganmiz, ammo men nima bo‘lishidan qat’iy nazar, har doim olg‘a borishni maqsad qilganman”, — deydi u.

1995-yilda qandli diabetli bolalarning tashabbuskor ota-onalari va Samarqandning Endokrinologiya dispanseri shifokorlari tomonidan “Umid” qandli diabet bilan kasallangan bolalar uyushmasiga asos solinadi. O‘sha vaqtlarda Samarqand viloyatidagi diabetga chalingani ma’lum bolalar soni 80−100 nafar edi.

2002-yilda tashkilot raisi o‘rinbosari etib tayinlangan Karine Valerevna oradan bir yil o‘tib qandli diabetning birinchi turi tashxisi qo‘yilgan bolalar, o‘smirlar va kattalarni birlashtirishni taklif qiladi. Ushbu taklif ma’qullanib, tashkilot “Umid-D” nogironlar va qandli diabet bilan kasallanganlar uyushmasi sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Bu vaqtga kelib diabetga chalingani ma’lum bolalar soni 120 nafarga yetgan edi.

Karine Tatinsyan 2004-yilda tashkilot raisiga aylandi, 2014-yilda esa tashkilot yana qaytadan tashkil etildi — bu safar ikkinchi guruhdagi qandli diabetlilarga ham g‘amxo‘rlik qilishga kirishilgan edi. “Shunday bo‘lsa-da, birinchi turdagi qandli diabeti bor bolalar, o‘smirlar va kattalar bizning maqsadli guruhimizdir”, — deydi Tatinsyan xonim.

Hozir diabetga chalingan odamlarga yordam beruvchi Toshkentda ikkita (biri kattalar, ikkinchisi bolalar uchun), Qo‘qon va Samarqandda bittadan (xususan, “Umid-D”) tashkilot bor. Ularning bari bemor tashkilotlari (bemor tashkilotlar muayyan kasalligi bor kishilar tomonidan tuziladi — tahr.). Bundan tashqari, O‘zbekiston endokrinologiya va diabet assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston endokrinologlar milliy assotsiatsiyasi nomli shifokorlik tashkilotlari ham bor.

Karine Tatinsyan diabetli kishilarga yordam beruvchi tashkilotlar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi bo‘lishini ta’kidlarkan, Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida ham faollar tomonidan shu kabi nodavlat-notijorat tashkilot (NNT)larni ochishga harakatlar bo‘lgani, ammo bu ishlar o‘lda-jo‘lda qolib ketganini afsus bilan ta’kidlaydi.

“NNTda ishlash — hayotimizning qiyin bir qismi. Bunday tashkilotlarning xodimlari odatda jamoatchilik asosida, asosan maosh olmay ishlashini tushunish bilan qabul qilish kerak”, — deydi u.

Tatinsyan xonim rahbarlik qilayotgan markaz sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha barcha chora-tadbirlarni amalga oshirish, qandli diabetli odamlarning davolanish darajasini zamonaviy texnologiya va dori-darmonlar bilan yuqori darajaga ko‘tarish, zamonaviy texnologiya va intellektual resurslarini jalb etgan holda, sog‘liqni saqlash tashkilotlari bilan hamkorlikda ilg‘or davolash usullarini hayotga tatbiq etish kabilarni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

“Hozir Samarqanddagi qandli diabeti bor bola va o‘smirlar soni 400 dan ziyod. Ilgari biz insulin, o‘z-o‘zini nazorat qilish vositalari, shprits va boshqa ko‘p narsalar shaklida doimiy ravishda gumanitar yordam ko‘rsatardik. Endilikda diabeti bor bola va o‘smirlar insulin analoglari bilan 100 foiz, 27 yoshgacha bo‘lganlar, shuningdek, homiladorlar ham insulin analogi va o‘zini-o‘zini nazorat qilish vositalari bilan ta’minlangan”, — deydi Karine Tatinsyan.

Ayni vaqtda, uni ba’zilarning o‘z salomatligiga nisbatan beparvoligi, bu masalaga jiddiy qaramasligi ranjitadi. Tatinsyan xonimning fikricha, bu bemorlarning emin-erkin yashashi yo‘lidagi eng katta to‘siqlardan biridir. Masalan, “ertaga oila qurolmay qoladi” deb farzandini endokrinologiya markaziga hisobga qo‘ymaslik — ham mana shunday yomon misollardan.

“Dori vositalari va shifokor nazoratisiz qolgan diabetli inson ko‘pincha qanday qiyinchiliklarga duch kelishi haqida uning atrofidagilar o‘ylab ham ko‘rmaydi. Ammo biz buning ustida ishlayapmiz. Ota-onalar bilan suhbatlashib, qandli diabetli odam diabetsiz boshqa odamdan hecham farq qilmasligini tushuntiryapmiz. Baxtiyor juftliklar va serfarzand oilalar misolida ularning farzandi ham baxtli, avvalo, sog‘lom bo‘lishga loyiqligini ko‘rsatamiz”, — deydi u.

Xuddi o‘sha” nomli filmda qandli diabet bilan yashaydiganlar ham boshqalar singari psixologik qiyinchiliklarga duch kelishi ko‘rsatib berilgan. Tushunish, ruhiy dalda nafaqat qandli diabetli insonlar, balki boshqalar uchun ham o‘ta muhim. Normal — romantizatsiya va diskriminatsiyadan xoli — munosabat, to‘g‘ri muomala ham tort singari shirin va yoqimli, shu bilan birga shakarsiz va zararsiz bo‘lishi mumkin.

“Kasallik bo‘lsa, uni inkor qilib bo‘lmaydi. Xastalik bilan birga kishi hayotiga cheklovlar va uzoq umr ko‘rish uchun amal qilinishi zarur bo‘lgan yangi majburiyatlar ham kirib keladi. Hayot endi avvalgidek bo‘lmasligini qabul qilish muhim, ammo bu falokat emas. Axir yaqinlar davrasidagi iliq oqshomlar, yangi g‘oyalar, yorqin lahza va taassurotlarga to‘la hayot hali davom etadi. Ammo bularning bari malakali psixolog tomonidan tushuntirilishi kerak”, — deydi Karine Tatinsyan.

U bemorlar uchun hayotiga “Sizda diabet bor” so‘zi bilan kirib keladigan yangilikni qabul qilish va vaziyatni idrok qilish uchun ham psixologik yordamni zarur, deb hisoblaydi. Ayni vaqtda, qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarga psixologik yordam ko‘rsatish yondashuvi puxta ishlab chiqilishi kerak.

Bizga bemorning ahvolini ichidan anglaydigan endokrinolog-psixologlar kerak. Bu kasallikni qabul qilish va kompensatsiya uchun juda muhimdir. Hozir esa klinikalarda oddiy bemor muammosining mohiyatini ichdan anglamaydigan, endokrinolog yordamidan voz kechgan u yoki bu bemor bilan nima qilishni umuman tushunmaydigan psixologlar (agar hali ham bor bo‘lsa) ishlaydi”, — deydi Tatinsyan xonim.

Mutaxassislardan tashqari oddiy insonlar — jamiyatdagi har bir kishi ham kasallik bilan yashayotganlarga ruhiy dalda bo‘lishi mumkin. Masalan, Elyorbekning “yaxshimisan, o‘zingni qanday his qilyapsan?”, deb ahvoli bilan qiziqadigan, har ehtimolga qarshi birinchi yordam qanday ko‘rsatilishini bilib olgan kursdoshlari, hammasidan xabardor bo‘lgani uchun sessiyada qiynamaydigan ustozlari, tushkunlikka tushgan Dilfuza opani esa “o‘zingni qo‘lga ol”, deya qo‘llab-quvvatlaydigan singillari va dugonalari singari.

“Ahvoli og‘irlashganida odam bu dunyoda rizqim tugayapti, deb o‘ylab qolishi mumkin. Lekin yaqinlarimning daldasi, qolaversa, ishim borligi ertangi kun uchun motivatsiya bo‘lgan. Yotgan joyimda ham onlayn ishlab uyimning romlarini yangilab oldim, kerakli texnikalar sotib qildim. Xullas, kurashdan to‘xtamadim. Onamning nafaqasiga qarab qolmaslik uchun ham harakat qildim. Hozir ishlamayapman, lekin orada tarjimalar qilib turaman, Yevropa loyihalarida masofadan qatnashaman. Asosiysi, o‘zimni qo‘lga olishim kerakligini tushunib yetdim”, — deydi Dilfuza opa.

Shifo

Diabetning asosiy shifosi — insulin. Insulin — me’daosti bezi ishlab chiqaradigan, qondagi qand miqdorini nazorat qiluvchi modda. U organizmdagi shakarni qayta ishlashga yordam beradi. Qand miqdorining nazoratsiz qolishi hayot uchun xavfli. Professor Feruza Xaydarovaning ta’kidlashicha, qandli diabetning birinchi turi kasallik boshidanoq insulinga bog‘liq. Ikkinchi turida xastalik rivojlanayotganida ehtiyoj bo‘lmasa-da, oradan ma’lum vaqt o‘tgach insulin kerak bo‘lishi mumkin.

“Diabetni davolashda uning turi ahamiyatga ega. Birinchi turni faqatgina insulin bilan davolash talab qilinadi. Ikkinchi turida esa kasallik klinikasi, kechishiga qarab davo turlari tanlanadi. Hozirda bir qancha insulin preparatlari mavjud. Ular ta’sir qilish davomiyligi (o‘ta qisqa, qisqa, o‘rta, uzoq ta’sir qiladigan), tozalik darajasi (monopik va monokomponent), o‘ziga xosligi (genetik muhandislik yo‘li bilan olinadigan yoki jonivorlardan olinishi)ga qarab turlarga bo‘linadi”, — deydi mutaxassis.

Insulin oshqozon-ichak traktida parchalanib ketadi, shu bois u faqat in’eksiya orqali, ovqatlanish vaqtida beriladi. Qat’iy parhezga amal qilib, ovqat ratsionidan yengil hazm bo‘luvchi uglevodlar (shakar, shirinlik va mevali sharbatlar) butunlay chiqarib tashlanishi kerak. Shuningdek, qand miqdorini kamaytiradigan dorilarni qat’iy belgilangan vaqtlarda olish, ularni o‘zboshimchalik bilan almashtirmaslik, dozasini o‘zgartirmaslik kerak. “Shifokor tavsiyasisiz dorilarni bekor qilish, ko‘rsatmasisiz qabul qilish mumkin emas”, — deydi Feruza Haydarova.

Elyorbek ikki xil insulinni ishlatadi. Ulardan biri ovqatdan keyingi uglevodlarni parchalash, ikkinchisi esa kun davomida qand miqdorini me’yorda ushlab turish uchun mo‘ljallangan. Insulinlarni vaqtida olgani, tartibga qat’iy amal qilgani bois o‘zini xasta his qilmaydi. Uning uchun bu xuddi tonggi yuvinish, nonushta qilish kabi kundalik odatlarning biri xolos.

U har ikkala turdagi insullini davlat hisobidan oladi — bu vositalar unga 8 yildan buyon, ilk bor diabet tashxisi qo‘yilganidan beri beriladi. Bu jarayon u 25 yoshga to‘lguniga qadar davom etadi. Shundan so‘ng unga bepul insulin berish to‘xtatiladi, ammo, baxtga qarshi, kasallik o‘zi to‘xtamaydi. U shuni o‘ylarkan, boshi qotadi. Hali ham bo‘lsa, vaziyat yaxshilangan — 2022-yilgacha insulin faqat 18 yoshgacha bepul berilardi.

“18 yoshga to‘lganimdan keyin bir muddat (insulinni bepul olish yoshi 25 yoshgacha uzaytirilguniga qadar — tahr.) o‘zimiz insulin sotib olishimizga to‘g‘ri keldi. O‘shanda poliklinikada mahalliy ishlab chiqaruvchining insulinini taklif qilishgan. Bir oy olib ko‘rdim, lekin u shu vaqtgacha doimiy olganim Fransiya insuliniga nisbatan samarasiz ekan”, — deb eslaydi Elyorbek.

Muammo

Qandli diabetli insonlarni qanday muammolar qiynaydi? Bu savolga har kim o‘z hayotiy tajribasidan kelib chiqib, turlicha javob beradi. “Umid-D”ning rahbari, agar gap diabetning ikkinchi turi bor bemorlar haqida ketayotgan bo‘lsa, ularni dori vositalari bilan ta’minlash lozimligi, shuningdek, diabet tashxisli barcha yoshlarni hayotga tayyorlash dolzarbligini ta’kidlaydi.

“Diabeti bor yigit-qizlar turmush qurishdan oldin hayotga tayyorlanishi kerak. Ko‘pincha, yosh yigitlar aspermiyaga duch keladi. Afsuski, bizda ularga o‘z vaqtida yordam beradigan mutaxassis yo‘q. Bu muammo zamonaviy davolash usullari, diabetni nazorat qilish va boshqa jihatlar bilan hal qilinishi lozim. Asosiysi, o‘qitib-tayyorlangan mutaxassislar kerak”, — deydi Karine Tatinsyan.

“Umid-D”ning rahbari fertil yoshdagi qizlar uchun maktab ham tashkil qilinishi kerak, deb hisoblaydi. Unda turmush qurishdan avval birinchi va keyingi homiladorlikka qanday tayyorgarlik ko‘rish, bolani qanday ko‘tarish kerakligi tushuntirilishi kerak va bular turmushga tayyorgarlikning zaruriy bandlari bo‘lishi lozim.

Elyorbekning nazdidagi qiyinchilik esa biroz boshqacha. U tashxis qo‘yilgan bolaning o‘zidan ham ko‘ra ota-onasiga, yaqinlariga qiyinroq bo‘ladi, deydi. Ayniqsa, bola vaqti onasi unga yaxshiroq qarashlari — ya’ni qonun doirasidagi o‘z vazifalarini bajarishlari — uchun shifokorlarga yalinganini eslasa, tepa sochi tikka bo‘ladi va “katta odam bo‘lib ketsam, onamni davlat shifoxonalarida sarson bo‘lishiga yo‘l qo‘ymayman”, — deb niyat qilganini eslaydi.

Diabetga chalingan ayrim yoshi katta bemorlar na insulin oladi, na parhez qiladi. Ular orasida insulindan qo‘rqadigan, uni zararli deb o‘ylaydiganlar ham bor; “tabletka ichyapmanu, shuning o‘zi yetadi”, deydi. Kattalarning bunday qiliqlari Elyorbekka tushunarsiz, hatto g‘alati ko‘rinadi. Uning aytishicha, insulinsiz diabeti bor insonga qiyin.

“Insulinsiz diabetga chalingan kishining ahvoli yomonlashishi mumkin. Birinchi navbatda ko‘z ishdan chiqadi. Keyin buyrak, jigar… Sog‘lom odam oshqozonosti bezining uchinchi qismida insulin chiqadi. Diabetli insonlarda bu to‘xtaydi, ya’ni endi boshqa insulin manbasidan foydalanish, qondagi qand me’yorda bo‘lishi uchun insulin yetkazib berish kerak”, — deya tushuntiradi u.

Ayni vaqtda, u kattalarning chetdan qaraganda g‘alatidek ko‘rinadigan bunday “injiqliklari” moddiy-moliyaviy ahvol bilan izohlanishi mumkinligini ham e’tirof etadi. Chunki insulin va boshqa kerakli vositalar 25 yoshgacha davlat tomonidan muntazam bepul taqdim etiladi. Agar insulinni, unga qo‘shimcha shprits, glyukometrni doimiy ravishda sotib olishga to‘g‘ri kelsa, “o‘zim ham qiynalib qolgan bo‘lardim”, deydi (yuqorida ta’kidlanganidek, hozirdan shu haqda o‘ylasa, uning boshi qotadi).

Qandli diabet asorati sabab otasi shifoxonaga yotqizilgan bo‘lgan Shahnozaning aytishicha, davlat kasalxonalari xizmatidan foydalanish uchun navbatga turish kerak, ammo gangrena (qorason) va boshqa jiddiy asoratlar “bular navbatda ekan-ku” deb qarab turmaydi. Xususiy shifoxonalarda davolanish, jarrohlik amaliyotlari uchun esa har safar ko‘p pul sarflashga to‘g‘ri keladi.

“Otam uchun har qancha sarflashga ham rozimiz, lekin xususiy shifoxonalarda davolanish oddiy odamga oson emas. Dori-darmonlar qimmatligi, harajatlar ko‘pligidan sharoiti ko‘tarmaganlar, noiloj, „kesib tashlayvering“ deydi. Xususiy shifoxonalardagi jarrohlik amaliyotlari, davolanish jarayonlari nazoratga olinsa yaxshi bo‘lardi”, — deydi u.

Operatsiya bilan ahvol o‘nglanib ketsa qani endi — shifoxonadan chiqqach, tiklanish jarayoni, yaralar bitish uchun doimiy malham qo‘yish ham yaxshigina mablag‘ talab qiladi.

* * *

2021-yili Kiyevda “Diabet — hukm emas” nomli ko‘rgazma o‘tkazilgandi. Unda fotorassomlar g‘oyasiga binoan barcha qahramonlar shakar bilan suratga tushgan. Mualliflar bu orqali qandli diabetning kelib chiqishi haqidagi eng keng tarqalgan stereotipga e’tibor qaratmoqchi bo‘lgan. Bunday to‘qimalar juda ko‘p va ijodkorlar bu loyiha bilan odamlarga vaqtida qilingan diagnostika hayotni saqlab qolishi mumkinligi, qandli diabet esa hukm emasligini aytishga uringan.

Qandli diabetga chalingan insonlar ham hamma qatori ishda, o‘qishda faol bo‘lishi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi mumkin. Elyorbek — bunga yaqqol misol. Rus va ingliz tillarini yaxshi biladigan Elyorbek o‘qishdan tashqari vaqtda mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmatida operator bo‘lib ishlaydi. Shu kungacha erishganlariga qandli diabet to‘siq bo‘lolmagan Elyorbek ratsional fikrlash tarafdori. U butkul tuzatib qo‘yadigan sehrli tayoqcha yo‘qligini to‘g‘ri anglagani holda, kasallikni boricha qabul qilishni va shu asnoda faol bo‘lishni afzal biladi.

“Vaqtida hamma tadbirlarga amal qilinsa, diabet men uchun kasallik emas — shamollash yoki grippdan ham osonroq. Insulinni vaqtida olsa, tartibli hayot kechirsa, diabetli odam o‘rta statistik odamdan ham ko‘proq umr kechirishi mumkin. Masalan, soppa-sog‘ odam ham yo‘l-transport hodisasida hayotdan ko‘z yumishi mumkin. Odamning ko‘rinishidan unda diabet bor yo yo‘qligi bilinmaydi — o‘zim aytmasam, shu paytgacha birov bilmagan. Umuman olganda buni to‘g‘ri qabul qilaman va uyalmayman — uyaladigan narsa ham emas aslida”, — deydi u.

Feruza Haydarova ham qandli diabet bilan bemalol normal hayot kechirish mumkinligini ta’kidlaydi — kompensatsiyalangan diabet nikoh va normal oilaviy hayotga to‘sqinlik qilmaydi. “Qandli diabet — to‘g‘ri hayot tarzini olib borish, degani. Agar shifokor maslahatiga quloq solib, parhez va jismoniy yuklamaga rioya qilinsa, holat doimiy ravishda nazorat qilib turilsa, asoratlarning oldini olish va to‘laqonli hayot kechirish mumkin”, — deydi u.

Professorning qayd etishicha, birinchi va ikkinchi tur diabetning chidamli shakllarini butunlay davolash imkoni yo‘q, lekin doimiy nazorat ostida va shifokor tavsiyalariga amal qilgan holda kasallik asoratlarining oldini olish yoki butunlay cheklash mumkin. “Zero, kasallikning o‘zi emas, asoratlari xavfli”, — deya qo‘shimcha qiladi Feruza Haydarova.

Karine Tatinsyan ham professorning fikrlarini ma’qullarkan, diabetli odamlar haqida katta muammoli insonlardek gapirmaslik, ularni “diabetiklar” deb atamaslikni so‘raydi va, asosiysi, diabet bilan do‘st bo‘lib yashashni tavsiya qiladi.

Dunyoda hali hech bir odam diabetdan o‘lmagan! Uni deb hayotdan ko‘z yumayotganlarning bari diabet asoratlaridan vafot etadi. Asoratlar esa mana shu — beparvolik hamda o‘zimizga bo‘lgan hurmatsizlik”, — deydi u.