O‘zbekistonda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan jahonda mashhur 1000 ta kitob o‘zbek tiliga tarjima qilinib, “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasi amalga oshiriladi. Bu bo‘yicha prezidentning tegishli qarori qabul qilindi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Kitoblarni tarjima qilish va nashr etish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

  • Birinchi bosqichda ekspertlar kengashi tomonidan har yili kitoblarning dastlabki ro‘yxati shakllantiriladi;
  • ikkinchi bosqichda esa aholi tomonidan ovoz berish yo‘li bilan tanlab olish uchun dastlabki ro‘yxat Yoshlar ishlari agentligining axborot tizimlariga joylashtiriladi hamda bu orqali yakuniy ro‘yxat shakllantiriladi.

Loyiha doirasida har yili nashr etiladigan kitoblar ro‘yxatiga kamida 20 foiz ilmiy-ommabop asarlar kiritiladi. 2023−2024-yillarda dastlabki tanlangan 50 nomdagi kitobni tarjima qilish, nashrga tayyorlash va chop etish choralari ko‘riladi.

Kitoblarni tarjima qilish, nashrga tayyorlash va chop etish bilan bog‘liq davlat xaridlari talabgorlar o‘rtasida eng yaxshi takliflarni tanlash hamda tender o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

O‘zbek tilidagi adabiyotlar jamlanadigan va aholi tomonidan bepul foydalaniladigan maxsus mobil ilova yaratiladi.