Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflari belgilandi. Bu haqda Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi matbuot markazi xabar berdi.

Qayd etilishicha, respublikada qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun tasdiqlangan to‘lov tariflari oxirgi 2−4 yil davomida qayta ko‘rib chiqilmagan. Oqibatda bu sanitar tozalash korxonalarining moliyaviy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularning 2022-yil yakuni bo‘yicha rentabellik darajasi keskin pasayib ketgan.

Endilikda tariflar quyidagicha bo‘ladi:

  • Toshkent viloyatining jami 22 ta shahar va tumanida jismoniy shaxslar uchun 1 kishiga oylik 4400 so‘m (oldin 2800 so‘mdan 3600 so‘mgacha edi), yuridik shaxslar uchun esa 61 000 (68 320 QQS bilan) so‘m;
  • Samarqand shahri va Samarqand tumanida jismoniy shaxslar uchun 1 kishiga oylik 5000 so‘m (3400 so‘m edi) va yuridik shaxslar uchun 90 000 so‘m, viloyatning boshqa tumanlarida esa jismoniy shaxslar uchun 1 kishiga 4129 so‘m (2900 so‘m edi) va yuridik shaxslar uchun 59 693 so‘m;
  • Farg‘ona viloyati shaharlarida jismoniy shaxslar uchun 1 kishi oylik 5000 so‘m (4000 so‘m edi) va yuridik shaxslar uchun 48 000 (53 760 QQS bilan) so‘m, viloyat tumanlarida esa jismoniy shaxslar uchun 1 kishiga 4000 so‘m (3000 so‘m edi) va yuridik shaxslar uchun 48 000 (53 760 QQS bilan) so‘m;
  • Andijon viloyatining jami 16 ta shahar va tumanida jismoniy shaxslar uchun 1 kishiga oylik 3500 so‘m (2500 so‘m edi) va yuridik shaxslar uchun esa 47 500 so‘m.

Infografika: Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markaziInfografika: Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi

Respublikaning boshqa hududlarida ham bunday xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflarini belgilash rejalashtirilmoqda, deyiladi xabarda.