27-noyabr kuni Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 99-sonli umumta’lim maktab o‘quvchisi vafot etdi, deya xabar bermoqda Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati.

O‘sha kuni soat 18:15 atrofida maktabning 8-“I” sinf o‘quvchisi A.A. maktab hovlisidagi sport maydonidan chiqib ketayotganida tobi qochgan va hushidan ketgan. Shu vaqtda qorovul tomonidan tez tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilingan.

Bola tez yordam mashinasida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markaziga olib ketilgan. Biroq shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan yordamga qaramay, hushiga kelmagan va vafot etgan.

Boshqarma ijtimoiy tarmoqlarda holatga bolaning ochiq qolgan elektr tokiga tegib ketish sabab bo‘lgani aytilgan xabarlarni rad etdi.

“O‘quvchini tok urmagan va mazkur hududda hech qanday elektr toki kabeli uzilgan holat kuzatilmagan. Maktab stadioni va uning atrofida elektr energiya uzatkichlari borligi aniqlanmadi”, — deyiladi xabarda.

Hozirda huquq-tartibot idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.