Prezidentning 27-noyabr kuni imzolangan farmoni bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining bir qator jarayonlarni internet orqali jonli efirga uzatish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.

Hujjatga ko‘ra,

  • falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun ilmiy kengash tomonidan o‘tkaziladigan dissertatsiya himoyasi (yopiq ilmiy ishlar bundan mustasno);
  • o‘rta-maxsus va professional ta’lim muassasalarining, (shu jumladan, “Temurbeklar maktablari” harbiy-akademik litseylarining) test sinovlari hamda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari;
  • oliy ta’lim muassasalari bazasidagi harbiy ta’lim fakultetlariga (harbiy kafedra) qabul qilishdagi saralash tanlovlarining umumjismoniy tayyorgarlikni baholash va chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik dasturi bo‘yicha bilim darajasini baholash bosqichlari internet orqali jonli efirga uzatiladi.

Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga davlat organlari va tashkilotlarining qayta aloqa tizimi samaradorligi darajasini baholash maqsadida “Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish vazifasi yuklatilgan.

“Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbiri davlat organlari va tashkilotlaridagi ishonch telefonlarining (Call-markaz) hamda ularning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilingan telefon raqamlarining doimiy ravishda ishchi holatdaligi, ma’lumotlar almashinuvi samaradorligi, qayta aloqaning mavjudligi, shu jumladan, tezkorligi va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi darajasini tekshirish maqsadida o‘tkaziladi.

Tadbirni agentlikning mas’ul xodimlari aloqa vositalaridan (telefon qo‘ng‘iroqlari, elektron pochta va boshqa aloqa kanallari) foydalangan holda masofaviy tartibda o‘tkazadi. Uning natijalari bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlariga o‘zining ochiqlikni ta’minlashga oid faoliyatini yaxshilash hamda takomillashtirish uchun ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma yuboriladi.

Jarayonda quyidagilar taqiqlanadi:

  • Tadbirni o‘tkazishda huquqbuzarliklar sodir etishga og‘dirish va undash, shu jumladan, nizoli, bahsli holatlarni va kamchiliklarni sun’iy ravishda keltirib chiqarish;
  • Tadbirni o‘tkazishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimlaridan tashqari boshqa shaxslardan foydalanish;
  • o‘rganish obyektiga tashrif buyurish.

Tadbir natijalari bo‘yicha aniqlangan kamchiliklar vazirlik va idoralar xodimlarini javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lmaydi, ish beruvchi tomonidan shaxsiy tashabbus ko‘rsatilgan holatlar bundan mustasno.

Shuningdek, farmon bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xalqaro tashkilotlar va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda uch oy ichida davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni ta’minlashga mas’ul xodimlarini ochiqlik sohasidagi milliy qonunchilik va xalqaro standartlar talablari bo‘yicha o‘qitishga qaratilgan onlayn malaka oshirish tizimini elektron platforma asosida yo‘lga qo‘yishi belgilangan.

Bundan tashqari, hujjat bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023−2024-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi tasdiqlangan.