O‘zbekistonda so‘nggi 3 yilda 30 kishi qimmatbaho metallar qazib olish jarayonida xavfsizlik talablariga rioya etilmagani oqibatida vafot etgan. Bu haqda 28-noyabr kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida aytildi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, Toshkent, Namangan, Jizzax, Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyatlarida aholi tomonidan ochiq maydonlarda oltin va qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish holatlari yildan-yilga ko‘paymoqda.

Xususan, 2020-yilda oltin va qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish holatlari yuzasidan 34 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, 2021-yilda bu ko‘rsatkich 463 tani, 2022-yilda esa qariyb 1500 tani tashkil qilgan.

Ochiq maydonlarda qazib olish ishlari jarayonida xavfsizlik talablariga rioya etilmagani oqibatida 2021, 2022 va 2023-yilning 10 oyida qariyb 30 nafar fuqaro is gazidan yoki qum va tosh bosib qolib, vafot etgan. Bundan tashqari, ochiq maydonlarda noqonuniy oltin qazib olish jarayonlariga voyaga yetmaganlarni ham jalb qilish holatlari mavjud.

“Tarkibida oltin va qimmatbaho metallar bo‘lgan rudalarni noqonuniy qazib olish bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 702-moddasi bilan qo‘llaniladigan jarima miqdori kam belgilangani qonunbuzilish holatlarining ayni bir shaxslar tomonidan takror sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda 102 nafar jismoniy shaxs tomonidan qimmatbaho metallarni noqonuniy yo‘l bilan qazib olish holati takroriy sodir etilgan. “NKMK”, “OKMK” va boshqa konlar tomonidan zaxiraga olingan shaxta va karerlar atrofi o‘rab olinib, qo‘riqlanishi ta’minlanmagan.

oltin qazib olish, qimmatbaho metallar
Foto: Senat matbuot xizmati.

Senat xabariga ko‘ra, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining hududiy ekspeditsiyalari tomonidan shaxta va shtolnyalarni loyiha bo‘yicha ish tugatilgandan so‘ng o‘rnatilgan tartibda to‘liq yopish choralari ko‘rilmagan, bu esa mazkur hududlarda oltin izlovchilar usulida qimmatbaho metallarni qazib olayotgan fuqarolarga noqonuniy qazib olish ishlarini olib borishga sharoit yaratmoqda.

Ma’danli toshlar tarkibida qimmatbaho metallar miqdorini aniqlash yuzasidan ekspertiza o‘tkazishga oid normativ-huquqiy hujjat ham mavjud emas.

Muhokamalardan so‘ng qo‘mita tomonidan Vazirlar Mahkamasiga mutasaddi vazirlik va idorlarni jalb qilgan holda sohadagi kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan qator takliflar ilgari surilgan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Jinoyat kodekslaridagi tegishli javobgarlik choralarini qayta ko‘rib chiqib, ularni takomillashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan.

Shuningdek, xalq deputatlari Toshkent, Namangan, Jizzax, Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyatlari, tuman (shahar)lar kengashlariga hududiy mas’ul idoralar rahbarlarni jalb qilgan holda muntazam tanqidiy muhokamalar tashkil qilish tavsiya etilgan.