Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi talaba va o‘quvchilar uchun qishki ta’til 25-dekabrdan boshlanishini e’lon qildi.

Bunda oliy o‘quv yurtlari talabalari, texnikum, kollej, kasb-hunar maktabi va akademik litseylar o‘quvchilariga qishki ta’til muddati 25-dekabrdan 2024-yilning 7-yanvariga qadar etib belgilandi. Darslar 8-yanvardan boshlanadi.

Ta’lim sohasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi Bektosh Xotamov rasmiy xabar e’lon qilinishidan avval ta’til muddati nodavlat va xorijiy OTMlarga ham tegishli ekani haqida yozdi.

Ta’lim sohasi bo‘yicha ekspert Komil Jalilov esa “Vazirlik xorijiy va nodavlat ta’lim muassalari uchun ta’til muddatlari va davomiyligini belgilashga qay darajada vakolatli?” deya savol qoldirdi.

“Oliy va professional ta’lim muassasalarida odatda akademik kalendar bo‘ladi. Unda o‘quv yili va semestrlar qachon boshlanib, qachon tugashi, o‘quv va imtihon haftalari, kurs ishlarini topshirish va qayta topshirish muddatlari belgilanadi. Akademik kalendar aksar hollarda keyingi o‘quv yili uchun universitet kengashida tasdiqlanadi va o‘quv yili boshlanishidan oldin universitet sayti yoki intraneti orqali talabalarga yetkaziladi. Deylik, xorijiy yoki nodavlat OTM tasdiqlagan akademik kalendarda ta’tilning boshqacha muddatlari belgilangan bo‘lsa va bu vazir buyrug‘ida belgilangan muddatlarga mos kelmasa, OTM tasdiqlangan va e’lon qilingan akademik kalendarga o‘zgartirish kiritishi kerakmi?” — deya post qoldirdi ekspert.

U “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 35-moddasiga yuzlanar ekan, “mohiyatan, qonun vazirlikka faqat davlat OTMlari o‘quv rejalari (akademik kalendari)ga aralashish vakolatini bermoqda”, — deb ta’kidladi.

Vazirlik matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzovaning “Gazeta.uz” so‘roviga binoan aniqlik kiritishicha, bu muddat faqatgina davlat OTMlariga taalluqli.

“Xususiy va nodavlat ta’lim muassasalari uchun esa tavsiyaviy xarakterga ega. Ular o‘zlarining kalendar rejalaridan kelib chiqqan holda ta’til vaqtlarini mustaqil belgilaydi”, — deydi u.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 3-oktabrdagi qarorida ta’lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlarining dekabr oyining oxirgi 10 kunligi va yanvar oyining birinchi 10 kunligi oralig‘ida o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalari talaba (o‘quvchi)larining har yilgi ikki haftalik qishki ta’tilini o‘tkazish bo‘yicha tartibi nodavlat ta’lim tashkilotlari uchun tavsiyaviy hisoblanishi keltirib o‘tilgan.