O‘zbekistonning Nyu-Yorkda yangi tayinlangan bosh konsuli Jamil Sharapov o‘z vazifasini bajarishga kirishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Jamil Sharapov 1981-yilda tug‘ilgan. U Toshkent davlat sharqshunoslik institutini (hozirgi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti) tamomlagan.

Faoliyati davomida Tashqi ishlar vazirligi, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida turli lavozimlarda ishlagan. Tayinlovga qadar TIVning Konsullik-huquqiy departamenti direktori o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Jamil Sharapov mazkur lavozimda 2018−2023-yillarda Nyu-Yorkdagi bosh konsullikni boshqargan Kamol Ikromov o‘rnini egalladi.

Ma’lumot uchun, bosh konsullikning konsullik okrugiga AQShning quyidagi shtatlari va ma’muriy hududlari kiradi: Aydaxo, Ayova, Alyaska, Arizona, Vayoming, Vashington, Vermont, Virjiniya orollari, Viskonsin, Gavayi, Illinoys, Indiana, Kaliforniya, Kanzas, Konnektikut, Massachusets, Minnesota, Missuri, Michigan, Montana, Men, Nebraska, Nevada, Nyu-Gempshir, Nyu-Jersi, Nyu-York, Nyu-Meksiko, Ogayo, Oregon, Pensilvaniya, Puerto-Riko, Rod-Aylend, Shimoliy Dakota, Janubiy Dakota, Yuta, shuningdek, Meksika va Lotin Amerikasi mamlakatlari (Kuba va Braziliyadan tashqari — ushbu davlatlar O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi konsullik okrugiga kiradi).