Samarqand shahrida 20-noyabr kuni chaqiruvga ko‘ra xonadonga borgan profilaktika inspektori kaltaklandi, deb xabar bermoqda viloyat IIB axborot xizmati rahbari Jaxongir Sagdullayev.

O‘sha kuni soat 19:30 da shaharning Bunyod mahallasida yashovchi fuqaro M.R. 102 operatoriga qo‘ng‘iroq qilib, yashash xonadonida janjal bo‘layotganini ma’lum qilgan va inspektor yuborishni so‘ragan.

Shunga ko‘ra, IIO FMB 6-sonli IIB profilaktika inspektori A.T. xonadonga borgan.

“Shu vaqtda muqaddam Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan sudlangan fuqarolar M.R., uning opasi, turmush o‘rtog‘i va ukasi o‘zaro janjallashayotganini ko‘rib, ularni ajratib, janjalga chek qo‘ymoqchi bo‘lgan. Ammo fuqarolar profilaktika inspektoriga faol qarshilik ko‘rsatib, uning turli joylariga urib, tan jarohati yetkazgan. Shuningdek, inspektorga tegishli Spark mashinasining old oynasini sindirib, moddiy zarar yetkazgan”, — deyiladi IIB bayonotida.

Fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

IIBning aniqlik kiritishicha, fuqarolarning biri protsessual tartibda qamoqqa olingan, yana bir fuqaro uy qamog‘ida saqlanmoqda. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yuqoridagi moddaga ko‘ra aybdor deb topilgan shaxslar 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.