Toshkentdagi AQSh elchixonasi DV-2023 (Grin kard) dastur yili davomida immigratsion vizalarni taqdim etish bo‘yicha dunyo bo‘ylab 7-o‘rinni egallaganini ma’lum qildi.

“AQShda mehnat faoliyatini olib borish, yashash va ta’lim olish uchun ko‘plab usullar mavjud. Qonuniy va xavfsiz sayohat yo‘lini tanlang”, — deyiladi elchixona xabarida.

Ma’lumot o‘rnida, AQSh hukumati “Turli millatga mansub immigrantlar vizasi — DV” dasturi (Green Card / Grin kard) doirasida 50 mingta doimiy yashash huquqini beruvchi vizalar ajratadi. 2023-yilgi mavsum uchun ushbu vizani qo‘lga kiritish maqsadida taxminan 119 mingdan ziyod kishi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, o‘zbekistonlik ishtirokchilar lotereyani eng ko‘p yutganlar orasida misrliklar va jazoirliklardan keyin uchinchi o‘rinni egallagandi:

  • Misrda — 5529;
  • Jazoirda — 5526;
  • O‘zbekistonda — 5511;
  • Eronda — 5506;
  • Rossiya — 5505 nomzod g‘alaba qozongan.

7-sentabr kuni elchixona 2023-yilgi Grin kard dasturini muddatidan oldin yakunlashini e’lon qildi. Bunga mavjud bo‘lgan barcha 55 mingta viza berib bo‘lingani sabab qilib ko‘rsatilgan. AQShning Toshkentdagi elchixonasida 3100 dan ortiq murojaatchi bilan suhbat o‘tkazilib, viza berilgan.

Eslatib o‘tamiz, Grin kard dasturining 2024-yil uchun mavsumida ro‘yxatdan o‘tish 2023-yil 4-oktabrdan 2023-yil 7-noyabrgacha bo‘lib o‘tdi. Natijalar 2024-yilning may oyi boshida chiqishi kutilmoqda.