O‘zbekistonda tadbirkorlar o‘rtasida “Yong‘in xavfsizligi a’lochisi” tanlovi o‘tkaziladi. Hukumat qarori bilan tanlovni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom qabul qilindi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Tanlov 2024-yildan boshlab, har yili oktabr — dekabr oylarida yong‘in chiqish xavfi bo‘yicha I va II guruhga mansub obyektlarga ega tadbirkorlar o‘rtasida navbat bilan yillar ketma-ketligida o‘tkaziladi (yangi qurilayotgan, rekonstruksiya qilinayotgan, kengaytirilayotgan, texnik jihatdan qayta jihozlanayotgan va kapital ta’mirlanayotgan obyektlar bundan mustasno).

Nomzodlarning arizalari tanlov e’lon qilingan kundan boshlab 20 kun mobaynida Favqulodda vaziyatlar vazirligining maxsus elektron axborot tizimi orqali tuman (shahar) komissiyalari tomonidan qabul qilinadi (tanlovda ishtirok etish bepul).

Tanlovda qatnashish istagini bildirgan nomzodlar o‘z arizalari bilan birga quyidagilarni taqdim etadi:

  • tadbirkorlik subyektlari to‘g‘risidagi umumiy ma’lumot (obyektning manzili, faoliyat turi, tashkiliy-huquqiy shakli va boshqalar);
  • belgilangan tadbirlarning bajarilganini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari, fotoalbom, 5 daqiqadan oshmagan, sifati yuqori bo‘lgan videolavhali taqdimot materiali.

Tanlov 3 bosqichda tashkil etiladi:

  1. Birinchi bosqichda tanlovda ishtirok etish uchun munosib nomzodlarni tanlab olish maqsadida tuman (shahar) darajasida saralash tadbirlari o‘tkaziladi.
  2. Ikkinchi bosqichda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalari tuman (shahar) darajasida eng ko‘p ball to‘plagan nomzodlar bo‘yicha taqdim etilgan hujjatlar va materiallarni ko‘rib chiqadi va baholaydi.
  3. Uchinchi bosqichda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalari tomonidan taqdim etilgan nomzodlar o‘rtasida tanlov o‘tkaziladi.

Tanlovning yakuniy bosqichi har yili dekabr oyining ikkinchi 10 kunligida Toshkent shahrida o‘tkaziladi.

Tanlovda g‘olib deb topilgan nomzod 100 mln so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi hamda uning faoliyati tanlov natijalari rasmiy e’lon qilingan kundan keyingi 2 yil davomida davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan tekshirilmaydi.