Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida 14 yoshli qizni 7 oy davomida majburan saqlab kelib, turli shaxslar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlagani aytilgan ayol qamoqqa olindi. Bu haqda bolalar ombudsmani matbuot xizmati xabar qildi.

25-noyabr kuni fuqaro N.A. (ayol) gumonlanuvchi tariqasida jalb qilinib, 26-noyabr kuni unga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Kitob tumani sudining ajrimi bilan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Eslatib o‘tamiz, bolalar ombudsmaniga viloyatning Kitob tumanida yashovchi voyaga yetmagan (2009 y.t.) Ch.T. murojaat qilgan. Unda qiz 2023-yilning may oyidan 15-noyabrga qadar Shahrisabz tumani Xo‘jabog‘ qishlog‘ida yashovchi fuqaro N.A. (ayol)ning uyida zo‘rlik va tahdid orqali turli shaxslar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlangani haqida so‘z borgan.

Viloyat prokuraturasi 24-noyabr kuni hodisani o‘rganishni boshlagan. Kitob tumani prokurori tomonidan fuqaro N.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (18 yoshga to‘lmagani aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov guruhi tuzilgan va tezkor ravishda tergov harakatlariga kirishilgan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligining xabar qilishicha, qiz Kitob tumanida yashovchi otasi G‘.J.ning qaramog‘ida bo‘lgan, onasi X.S. 2023-yil yanvar oyida Rossiyaga ishlash uchun ketgan va bugungi kungacha yashash manziliga qaytib kelmagan. Qizning tog‘asi X.M. tomonidan qilingan murojaatga asosan, holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tegishli surishtiruv ishlariga kirishilgan.

Hozirda agentlikning Kitob tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan psixolog va pedagoglardan iborat ishchi guruh qizning jismoniy va ruhiy salomatligini tiklash, mazkur holatning kelib chiqish sabablari hamda uni bartaraf etish choralarini, shuningdek, holat yuzasidan kompleks o‘rganishlarni davom ettirmoqda.

“Mazkur ish yuzasidan bolalar ombudsmani voyaga yetmagan Ch.T.ning qonuniy manfaatlari ta’minlanishi ustidan parlament nazoratini davom ettiradi”, — deyiladi ombudsman bayonotida.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining yuqorida keltirilgan moddasi bilan aybdor deb topilgan shaxslar 8 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi.