Namangan viloyati Chortoq tumani tez tibbiy yordam xizmati Alixon shoxobchasi haydovchisi YTH oqibatida vafot etdi. Bu haqda viloyat SSB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 26-noyabr kuni 35 yoshli haydovchi A.N. Damas rusumli mashinada feldsher H.T. bilan birga dori-darmon olish uchun Alixondan tuman tez tibbiy yordam markaziga yo‘lga chiqqan. Ularga yana bir haydovchi S.I. o‘z xohishi bilan hamrohlik qilgan.

Ular Pastki Qorabog‘ qishlog‘ida ketayotgan vaqtda oldinda harakatlanib ketayotgan yo‘lovchi tashuvchi Damas to‘satdan to‘xtagan. Tez yordam mashinasi haydovchisi esa YTHning oldini olish maqsadida qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan.

Shundan so‘ng qarama-qarshi yo‘nalishdagi Cobalt bilan to‘qnashib ketgan. Oqibatda haydovchi A.N. og‘ir jarohat olgan. Yonida o‘tirgan haydovchi sherigi S.I. bilan birga tuman tez tibbiy yordam shifoxonasiga olib kelingan.

Shifoxonada A.N.ga shoshilinch yordam ko‘rsatilishiga qaramay, hayotiy nomutanosiblik holatida bo‘lgani sababli vafot etgan. Haydovchi S.I. esa bosh miya yopiq shikasti, peshana sohasi shilinib-yirtilgan jarohati tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan, uning ahvoli qoniqarli. Feldsher H.T. hech qanday jarohat olmagan, deyiladi boshqarma xabarida.

SSB, shuningdek, sanitar mashinaning texnik holati soz bo‘lgani, YTH baxtsiz hodisa ekanini qo‘shimcha qildi.