Ijtimoiy tarmoqlarda tarbiyachining o‘z tarbiyalanuvchisini urib “tartibga chaqirayotganligi” aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, holat Kogon shahridagi “Quyoshjon” oilaviy nodavlat ta’lim tashkilotida ro‘y bergan. Mazkur ma’lumotlarga aniqlik kiritish maqsadida Kogon shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan tegishli tashkilotlar hamkorligida o‘rganish olib borilgan.

Jarayonda ushbu holat 2023-yilning 20-noyabr kuni soat 9:30 larda Kogon shahridagi “Quyoshjon” oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida sodir bo‘lgani aniqlandi. Tarbiyachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Ayni paytda uning xatti-harakatlariga qonuniy baho berish maqsadida huquq-tartibot idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Bolalar ombudsmani ham voqeaga munosabat bildirdi. Unda qayd etilishicha, holat o‘rganilmoqda. Voyaga yetmagan O‘.Q.ga nisbatan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Kogon shahar IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.