Yerusti transport liniyalariga tutash hududlarda savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirish uchun binolar yaratishni nazarda tutuvchi loyiha ishlab chiqildi. Bu haqda poytaxt hokimligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, yerusti metro liniyalari ostidagi foydalanilmayotgan yerlarning umumiy maydoni 100 ming kvadrat metrni tashkil etib, uning kamida 50 foizi tadbirkorlar uchun qo‘shimcha daromad nuqtasiga aylanishi va shu orqali aholi farovonligini va hududlardan foydalanish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi mumkin.

Ta’kidlanishicha, ushbu binolarni sotib olish yoki ijarasi narxi turar joy majmualarining birinchi qavatlaridagi noturarjoy obyektlariga nisbatan ancha hamyonbop bo‘ladi.

Sinov tariqasida o‘tgan yilning o‘rtalarida 2-metro bekati yaqinida tijorat binolari ochildi. Loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgach, uni 3 va 4-stansiyalar oralig‘ida — aholi zichroq joylashgan hududlarda amalga oshirishga qaror qilindi. Keyinchalik birinchi bosqichda “Rohat” aylanma yo‘ligacha, ikkinchi bosqichda esa “Rohat” aylanma yo‘lidan “Qo‘yliq” bozorigacha bo‘lgan obyektlar tashkil etish rejalashtirilgan.

“Albatta, biz bunday ish sur’ati normal emasligini tushunamiz, tezkor ish sur’ati mahalliy aholi uchun keltiriladigan noqulayliklar davomiyligini qisqartirish va ushbu mavsumda qulay ob-havo sharoitidan foydalanish istagi bilan izohlanadi. Bu borada shahar va tuman hokimliklari boshlagan ishni tezroq nihoyasiga yetkazish uchun birlashdi”, — deyiladi xabarda.

Hokimlik ushbu joylarni ijaraga olish niyatida bo‘lganlar 71 210 02 50 telefon raqamiga murojaat qilishi mumkinligini bildirdi.