Shavkat Mirziyoyev 21-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonda yerlardan samarasiz foydalanayotgan hokimlarni tanqid qildi.

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, oxirgi besh yilda qishloq xo‘jaligidan 42,5 ming gektar qisqartirilib, aholi punktlari va sanoat yerlari toifasiga o‘tkazildi. Lekin viloyat, tuman va shahar hokimlari ulardan samarali foydalana olmayapti, dedi prezident.

Jumladan, 100 ta tumandagi toifasi o‘zgartirilgan 17,5 ming gektar yer maydoni na tadbirkorlarga berilgan, na kimoshdi savdosiga qo‘yilgan. Prezident viloyat hokimlarini bu yerlar yil oxirigacha auksionga qo‘yilmasa, qishloq xo‘jaligi toifasiga qaytarilishi haqida ogohlantirdi.

Shuningdek, toifasi o‘zgarib, tadbirkorlarga ajratilgan 19 ming 300 gektar yerdan 5 ming 400 gektari bo‘sh turibdi. Sanoat zonalarida ham loyiha joylashtirilmagan yerlar bor. Aksincha, tayyor infratuzilmasi bo‘lgan sanoat yerlaridan boshqa maqsadda foydalanish ko‘p uchramoqda, deyiladi xabarda.

Toifasi o‘zgargan yerlar evaziga shu yilning oxirigacha 15 ming gektar yangi yerlar o‘zlashtirilishi kerak edi. Biroq 8 ming gektar yerlar haligacha o‘zlashtirilmagan.

Prezident yil yakunigacha yangi yerlarni o‘zlashtirish va’dasini bajarmagan hokimlar jarimaga tortilishi, ularning yer toifasini o‘zgartirish bo‘yicha takliflari umuman qabul qilinmasligini ta’kidladi.

Kadastr agentligiga 2024-yil 1-martga qadar barcha sanoat yerlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish, viloyat hokimlariga esa 2021-yilgacha ajratilib, qurilish boshlanmagan 7 ming gektar yerni zaxiraga qaytarish topshirildi.

Bosh prokuraturaga bu boradagi jazoning qonuniyligi va muqarrarligini ta’minlash topshirildi.

2021-yil oxirida prezident kadastr muammolarining markazida “pora va korrupsiya” turganini aytgandi.