Toshkent viloyati “Qanqa shahristoni” yodgorligiga yetkazilgan jiddiy zarar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar qildi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi.

Holat bo‘yicha agentlik tomonidan Milliy arxeologiya markazi, Madaniy meros agentligi va Kadastr agentligi mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan o‘rganishda ayrim fuqarolar tomonidan yodgorlik hududiga jiddiy zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.

Yodgorlikning kadastr hujjatiga ko‘ra, uning umumiy yer maydoni 104,99 gektarni tashkil etadi. Hozirda uning 0,5 gektariga fuqaro A.B., 0,79 gektariga fuqaro T.B. qishloq xo‘jalik ekinlari (makkajo‘xori) ekib, o‘zboshimchalik bilan ushbu yer maydonidan noqonuniy tarzda foydalanib kelmoqda.

Bundan tashqari, sohaga oid huquqiy-me’yoriy hujjatlarning bir qator talablariga zid ravishda Oqqo‘rg‘on tuman hokimining 2016-yil 8-iyundagi 566-sonli qarori bilan fuqaro A.P.ga turar joy bino-inshootlari va ular bilan band bo‘lgan yer uchastkalari meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi bilan yodgorlik hududidan 0,56 gektar yer maydoni ajratilgan. Ushbu maydonning 140,4 kv metr qismiga 3 ta yashash uyi, 2 ta kirish xonasi, qurilishi tugallanmagan bino va bostirma qurilgan hamda bir qismiga bog‘ tashkil qilingan.

O‘rganish jarayonida viloyat Madaniy meros boshqarmasi xodimlari tomonidan A.B., T.B. va A.P.ga moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obyektiga yetkazgan moddiy zarar bo‘yicha tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirildi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektiga A.P. tomonidan 10 mlrd 367 mln 448,3 ming so‘m, A.B. tomonidan 2 mlrd 423 mln 520,0 ming so‘m, T.B. 1 mlrd 93 mln 950,0 ming so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.

Agentlik taqdim etgan o‘rganish hujjatlariga ko‘ra, viloyat prokuraturasi tomonidan aybdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 132-moddasi (Moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish) tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.