Ijtimoiy tarmoqlarda bir ayolning 3 nafar kichik yoshdagi bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lib, ularni yoqib yuborish bilan bevosita tahdid qilishi aks etgan video tarqaldi. Bolalar ombudsmani holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, holat Xorazm viloyati, Urganch tumanida bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, hozirda holatni to‘la aniqlash bo‘yicha ichki ishlar organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borishga kirishilgan. Hodisa Bolalar ombudsmanining alohida nazoratiga olingan.

“Bolalarga nisbatan bunday jinoiy harakatlar ularning ota-onasi yoki boshqa yaqin qarindoshlari tomonidan sodir etilishidan qat’iy nazar, aybdor shaxslarni qonunda ko‘zda tutilgan javobgarlikka tortish choralari ko‘rilishi ta’minlanadi. Bolaning hayoti va sog‘lig‘i davlat himoyasidadir”, — deyiladi munosabatda.

Holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi qayd etilgan.