Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari 2022-yilda O‘zbekistonga sitrus mevalar, keshyu yong‘og‘i va xurmo importi 2018-yildagiga qaraganda sezilarli darajada oshganini ma’lum qildi.

Bunga quyidagi omillar sabab bo‘lgan.

  • Respublika iqtisodiyotining barqaror o‘sishi va aholi sonining ortishi. 2018−2022-yillarda yalpi ichki mahsulotning o‘rtacha o‘sish sur’ati 5,3 foizni, aholi sonining o‘sish sur’ati esa 1,9 foizni tashkil etdi.
  • Qulay makroiqtisodiy sharoit. Yalpi ichki mahsulotning aholi jon boshiga ulushi 2018-yildagi 1604 dollardan 2022-yilda 2255 dollarga ko‘tarildi. Bu esa, o‘z navbatida, 2018−2022-yillarda aholi real umumiy daromadlarining 32,1 foiz oshishiga sabab bo‘lgan.
  • Import bojxona to‘lovlarini nolga tushirish. Jumladan, 2021-yilning oktabr oyidan boshlab O‘zbekistonda sitrus mevalarni olib kirishda nol bojxona stavkasi tartibi joriy qilindi va bu muddat bir necha bor uzaytirildi. So‘nggi bor nol stavka 2024-yilning 1-yanvarigacha uzaytirilgan.
  • Oziq-ovqat chakana savdosi rivojlanishi. Marketing tadqiqotlariga ko‘ra, 2015−2021-yillarda respublikaning zamonaviy chakana savdo bozori yiliga o‘rtacha 17 foizga o‘sgan. Savdo hajmining 58 foizdan ortig‘i chakana oziq-ovqat savdosining ulushiga to‘g‘ri kelgan. 2026-yilga borib, O‘zbekiston bozoridagi zamonaviy chakana savdoning ulushi deyarli ikki barobar oshishi mumkin.

2022-yilda sitrus mevalar va yong‘oqlar importi hajmi 2018-yildagiga nisbatan quyidagicha oshgan:

  • keshyu yong‘og‘i — 8,2 barobar;
  • xurmo — 7,6 barobar;
  • mandarin — 6,6 barobar;
  • kivi — 4,7 barobar;
  • apelsin — 3,9 barobar.

MHTI bu mahsulotlarning foydali jihatlari bo‘yicha bir qator tadqiqotlar natijalarini ham ilova qilgan.

Jumladan, Garvard universiteti Jamoatchilik sog‘lig‘ini saqlash maktabi tadqiqotiga ko‘ra, sitrus mevalar salomatlik uchun ko‘plab foydali xususiyatlarga ega. Ularning tarkibida S vitamini, shuningdek, yurak qon-tomir tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan va surunkali yurak va qon-tomir kasalliklarining rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi flavonoidlar katta miqdorda mavjud.

Keshyu yong‘og‘i mis va magniyga boy bo‘lib, suyak mustahkamligini oshiradi.

Xurmo tarkibida ko‘p miqdorda polifenollar (antioksidantning bir turi) mavjud bo‘lib, ular tanani saratonning ayrim turlaridan, shuningdek, diabet va yurak qon-tomir kasalliklaridan himoya qiladi.