O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, kinorejissyor Xayrulla Jo‘rayev 78 yoshida vafot etdi, deya xabar bermoqda Kinematografiya agentligi matbuot xizmati.

U 1945-yilda Jizzax viloyati Zomin tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan. Mehnat faoliyatini O‘zbekiston ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasida rejissyor, muharrir, bosh muharrir, “Videofilm” markazining direktori bo‘lib boshlagan.

1990−1992-yillarda prezident devonida mas’ul xodim, 1992−1993-yillarda Davlat kinokompaniyasining raisi, 1993−1996-yillarda prezidentning davlat maslahatchisi, 1996-yillarda madaniyat ishlari vaziri sifatida ishlagan.

Xayrulla Jo‘rayev “Ahmatovlar oilasi”, “Abdumannon Umarov”, “Abdulla Qodiriy”, “Hamid Olimjon” kabi qisqametrajli, “Fuqaro”, “Barcha fazilatlar senda mujassam”, “Afg‘oniston, 85-yil kuzi”, “Ikki million tanish chehra” kabi to‘la metrajli filmlar yaratgan.

Marhum 2000-yilda “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan.