16-noyabr kuni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva MDH ishtirokchi davlatlari Parlamentlararo Assambleyasining navbatdagi yalpi majlisida ishtirok etish uchun Qirg‘izistonning Bishkek shahriga bordi.

Tanzila Narbayeva tashrif doirasida Qozog‘iston Parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev bilan uchrashdi. Qayd etilishicha, mavjud munosabatlarni amaliy harakatlar bilan yanada boyitish masalalari muhokama qilindi.

танзила нарбаеva

Bunda O‘zbekiston va Qozog‘iston Senatlari o‘rtasidagi parlamentlararo komissiya faoliyati samaradorligini oshirish, xususan Komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish va uning doirasida ikki davlat parlamentlari o‘rtasida yangi “Yo‘l xaritasi”ni imzolash taklifi ilgari surildi.

Maulen Ashimbayev O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi yetakchiligini alohida ta’kidlab, mamlakatni barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha parlament komissiyasi faoliyatini yuqori baholadi. Qozog‘iston parlamentida ham huddi shunday komissiya faoliyat boshlagani, mazkur yo‘nalishda O‘zbekistonning tajribasi muhimligini qayd etdi.

Xalqaro parlament tuzilmalari, shuningdek, boshqa bir qator xalqaro tashkilotlar doirasida qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini faol davom ettirishga kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida mamlakatlar va qardosh xalqlar o‘rtasidagi hamkorlik bundan buyon ham o‘zaro hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillariga asoslangan holda konstruktiv tarzda rivojlanib borishi, bunda parlamentlararo muloqotni yanada faol davom ettirilishiga ishonch bildirildi.

Shuningdek, 16-noyabr kuni Tanzila Narbayeva Bishkek shahrida Belarus Milliy Majlisi Kengashi raisi Natalya Kochanova bilan ham uchrashdi. O‘zbekiston va Belarus yetakchilarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli ikki tomonlama munosabatlar o‘zaro ishonch va do‘stona muhitda rivojlanayotgani alohida qayd etildi.

Muloqot davomida prezidentlar tomonidan oliy darajada erishilgan barcha kelishuvlarni huquqiy jihatdan ta’minlashda parlamentlarning faolligini oshirish zarurligi aytib o‘tildi. Muzokarada ikki davlat o‘rtasida parlamentlararo muloqotni samarali davom ettirish masalalariga e’tibor qaratildi.

танзила нарбаеva

Hududlarni rivojlantirish, ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish, ular o‘rtasida biznes aloqalarini mustahkamlash yo‘nalishlarida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib olindi.

Shuningdek, mamlakatlar o‘rtasida yuqori darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini ta’minlash uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirishi zarurligiga to‘xtalindi.

Bundan tashqari. 16-noyabr kuni Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi Bishkek shahrida Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi tashkil etilganining 85 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.

Unda Qirg‘iziston parlamenti tarixi butun qirg‘iz xalqining tarixi bilan chambarchas bog‘liq ekani, kollegial organ sifatida barcha muhim masalalarga xalq bilan maslahatlashgan xolda yondashib kelayotgani qayd etildi. Bugungi kunda Jogorku Kenesh aholining turli qatlamlarining fikrlarini bildirish uchun milliy platformaga aylangani ta’kidlandi.

Konferensiyada MDHga a’zo davlatlar parlamentlari vakillari ham so‘zga chiqib, qirg‘iz xalqini va Qirg‘iziston Jogorku Keneshi deputatlarini Jogorku Kenesh tashkil etilganining 85 yilligi bilan qutladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva o‘z so‘zida ikki mamlakat rahbarlarining ochiq, o‘zaro ishonchga asoslangan muloqoti o‘zbek-qirg‘iz munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqqanini, bu o‘z navbatida parlamentlararo aloqalarning yanada samarali bo‘lishiga xizmat qilayotganini aytib o‘tdi.

Shuningdek, Tanzila Narbayeva Qirg‘iziston erishayotgan yutuqlarda mamlakat parlamenti faol rol o‘ynayotganini, demokratik tamoyillar asosida muhim qonunlarni samarali ishlab chiqib, qabul qilayotganini, ochiq jamiyat qurish va xalq manfaatlariga xizmat qiladigan davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etayotganini, shuningdek, mintaqa va xorijiy davlatlar bilan faol parlament diplomatiyasini olib borayotganini alohida qayd etdi.