Toshkent shahri Mirobod tumani hokimligi tarmoqlarda haydovchilar bir-biriga yo‘l bermagani oqibatida mushtlashuv yuz bergani aytilgan video yuzasidan munosabat bildirdi.

Tarqalgan videolavhada avvaliga fuqarolar gap talashgani, keyin mushtlashuv boshlangani, bir muddat o‘tib, mojaroga yana bir necha kishilar qo‘shilganini ko‘rish mumkin.

Tuman IIO FMB 4-sonli IIB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, hodisa 12-noyabr kuni sodir bo‘lgan.

20 yoshli X.V. tanishlari — 23 yoshli M.B. va 18 yoshli M.A. bilan Spark avtomobilida Munis ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan bo‘lgan. Qo‘yliq-5 dahasida Nexia-3 haydovchisi 34 yoshli A.B. bilan bir-biriga yo‘l bermay, kelishmovchilik yuzaga kelgan.

So‘ng Spark`dagi yo‘lovchilar — M.B va M.A. hamda Nexia-3 haydovchisi A.B va uning sherigi 21 yoshli Yu.M. gap talashib, janjallashgan. Janjal Spark haydovchisi — X.V. tomonidan videoga olinib, tarmoqlarga joylangan, deyiladi xabarda.

Hodisa oqibatida Spark yo‘lovchilaridan biri — M.B. Toshkent davlat stomatologiya klinikasiga murojaat qilgan. Fuqaroga yuqori lab sohasi ezilishi va yirtilishi, shuningdek, chap yonoq sohasi shilinishi tashxisi qo‘yilgan.

Hokimlikka ko‘ra, janjalda ishtirok etgan boshqa fuqarolar tan jarohati olmagan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bu jinoyat uchun 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.