Futbol bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Indoneziyada o‘tayotgan U-17 jahon chempionati guruh bosqichining uchinchi uchrashuvida Ispaniya bilan durang o‘ynadi. 16-noyabr kuni Indoneziyaning Surakarta shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuv 2:2 hisobida yakunlandi.

O‘zbekiston terma jamoasi dastlab ikkita tezkor gol o‘tkazib yubordi. Birinchi bo‘lib, 10-daqiqada hujumchi Igor Oyono hisobni ochgan bo‘lsa, oradan 9 daqiqa o‘tib yarim himoyachi Roberto Martin yana gol urdi.

Birinchi bo‘limning qo‘shib berilgan qismida, ya’ni 45+4ʼ daqiqada yarim himoyachi Behruz Shukurullayev farqni qisqartirdi. Ikkinchi bo‘lim boshida (53ʼ) darvozabon Muhammadyusuf Sobirov o‘ng qanotdan to‘pni Behruzxon Karimovga yo‘lladi, u hujumchi Amirbek Saidovga qoyilmaqom uzatmani amalga oshirdi va Saidov darvozabon bilan birga-bir vaziyatda gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

Qolgan vaqtlarda har ikki jamoada ham oldinga chiqib olish imkoniyati yuzaga kelgan bo‘lsa-da, yakunda durang hisob saqlanib qoldi.

jahon chempionati u-17, фuтбол

Shu tariqa, 4 ochko bilan O‘zbekiston “B” guruhida Ispaniya (7 ochko) va Mali (6 ochko)dan keyin uchinchi o‘rinni egalladi. Bungacha yoshlar terma jamoasi Maliga 0:3 hisobida yutqazgan, Kanadani esa 3:0 hisobida mag‘lub etgandi.

Har bir guruhdan ikkita eng yaxshi jamoa va uchinchi o‘rinni egallagan to‘rtta eng yaxshi jamoa jahon chempionatining 1/8 final bosqichiga yo‘l oladi. O‘zbekiston ana shu eng yaxshi 3-o‘rin egallaridan biri sifatida musobaqaning play-off bosqichiga yo‘l oldi.

O‘yin statistikasi

jahon chempionati u-17, фuтбол

Video

Foto