13-noyabr kuni “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda bir nafar guvoh va to‘qqiz nafar jabrlanuvchi ko‘rsatma berdi. “Gazeta.uz” jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalarini matnga tushirdi.

Sudya Muso Yusupov va har bir advokat jabrlanuvchilar bilan muloqotga kirishishdan avval, har doimgimdek, ularga hamdardlik bildirdi va Xudodan sabr so‘radi. Sud jarayonida savollarga imkon qadar og‘ir-vazmin javob berish iltimos qilindi. Eshituv davomida jabrlanuvchilardan biri sudlanuvchilar kursisida o‘tirgan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi sobiq direktori Sardor Kariyev bilan muhokamaga kirishdi. Kariyev sud jarayonlari OAV tomonidan to‘liq yoritilmaganini ta’kidlab, vaziyat yuzasidan o‘z nuqtai nazarini ma’lum qildi.

Jarayon davomida jabrlanuvchilarning javoblaridan kelib chiqib, sudlanayotgan Quramax Medical kompaniyasi direktorining advokati Davron Ahmadov raislik qiluvchi sudya Muso Yusupovdan bemorlarni ojiz ahvolda qoldirib, o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragan va shu tufayli bolalarning o‘limiga sabab bo‘lgan tibbiyot xodimlari bo‘yicha tergov organiga ma’lumot berishni va bu bo‘yicha alohida ajrim chiqarishni so‘radi. Advokatning bu iltimosiga qo‘shimcha sifatida sudlanuvchilardan biri “har bir shifoxonani kerakli vositalar bilan ta’minlamagan Sog‘liqni saqlash vazirligini ham shu ishda ko‘rib chiqish kerak”ligini ta’kidladi.

Jabrlanuvchi Mahbuba Usmonovaning ko‘rsatmasi

Jabrlanuvchi Mahbuba Usmonova 1981-yil Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug‘ilgan. Hozirda shu tumandagi 5-maktabda o‘qituvchilik qiladi. Uning 2020-yil 27-iyunda tug‘ilgan qizi — E’zoza Fozilova 2022-yil noyabr oyida shamollashdan davolanish uchun dori ichgach, ahvoli og‘irlashib, vafot etgan.

Ko‘rsatmadan oldingi shaxsga oid qisqa savol-javobdan:

Sudya: Oilangiz bor-a?

Jabrlanuvchi: Ha.

Sudya: Nechta farzandingiz bor?

Jabrlanuvchi: Uchta edi (yig‘lamsirab gapirdi — tahr.)

Sudya: Sudlanuvchilarni taniysizmi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q. Bugun ko‘rgani keldim.

Qizim E’zoza Fozilova 2020-yil 27-iyunda tug‘ilgan. U mening 12 yil kutgach dunyoga kelgan farzandim edi (shunday deb yig‘lab yubordi — tahr.). E’zozada 1-noyabr kuni shamollash belgilari paydo bo‘ldi: isitmasi chiqib, tomog‘i og‘riy boshladi. 2-noyabr kuni Kitob tuman ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasiga murojaat qildim. Navbatchi vrachga uchradim, tekshirdi. “Tomog‘ida qizarish bor ekan, shuning hisobiga isitma qilyapti” deb, ikkita dori yozdi. Birinchisi “Dok-1 Maks”, ikkinchisi (nomi aytilmadi — tahr.). “Agar [harorati] 38 dan yuqori bo‘lsa, ikkinchisidan foydalanasiz”, dedi. Men asosan “Dok-1 Maks”dan foydalandim. Retseptda yozilgan dorilarni [shifoxona] tashqarisidagi dorixonadan sotib olib, farzandim bilan uyga qaytdik.

["Dok-1 Maks"] berishni 2-noyabrdan boshladim. Avvalo shifokor ko‘rsatmasidagi miqdorga e’tibor berdim, keyin siropning ichidan chiqqan yo‘riqnomani ham o‘qib chiqdim. Farzandim 2,5 yosh edi. Adashmasam, ikki va uch yosh oralig‘idagi bolalarga beriladigan miqdori “2,5 milligrammdan, kuniga uch mahalgacha” deb yozilgandi. Farzandim bog‘chaga borgani uchun dorini, odatda, ikki mahal, ko‘rsatilgan miqdorda berganman.

Hech qachon do‘xtirning ko‘rsatmasisiz bolalarga [dori] ichirmayman. Albatta, yo‘riqnomaga ham qarayman, belgilangan miqdori, yoshiga e’tibor beraman. Ayniqsa, yosh bolalarnikiga. Men bu bolamni osonlikcha olmaganman. Sog‘lig‘iga judayam e’tibor berardim. U karantin vaqtida tug‘ilgandi. Farzandlarimning immuniteti past deb ularni shunchalik himoya qildimki, ikki yillik karantindan hech birini kasal qilmasdan olib chiqdim.

Odatda dori ichirganimdan keyin kuzataman. Ba’zilarining [ijobiy ta’siri] sezilishni boshlaydi. Lekin ["Dok-1 Maks"]ni ichirishni boshlaganimdan 3−4 kun o‘tar-o‘tmas bolamda ishtahasizlik, holsizlik boshlandi, injiqlanaverdi. Yaxshi tomonga o‘zgarish ko‘rmadim, bola shamollashdan tuzalavermadi. Yo‘tal, isitma bezovta qilmayaptiyu bora-bora avval yaxshi ko‘rib yeydigan narsasini ham xohlamay, yemasdan, injiqlanib boryapti.

Bir yoki ikki hafta o‘tganidan keyinmikan, bog‘cha opalari telefon qilib: “Bolangiz yeganini qayt qilib tashladi, olib ketasizmi?”, dedi. O‘sha kunning o‘zidayoq olib kelib, yana Kitob tuman shifoxonaga murojaat qildim. Shifokor dori yozib: “Yana bir-ikki kun uyda qarang-chi, bolangiz ko‘p ham yomon emas, yaxshi-ku” deb, bitta antibiotik qilib jo‘natdi. Uyga olib ketdim. Yo‘q, ikki kunda ham hech qanday o‘zgarish ko‘rinmadi. Aksincha, orqaga ketyapti: umuman ko‘zini ochmayapti, holsiz, ovqat yemayapti, yegan-ichganini o‘sha zahoti qayt qilyapti.

Yana shifokorga borishdan oldin hatto belgilaridan gumonsirab, qonini gepatitga ham tekshirtirdim. Bir soatlarda gepatit yo‘qligi haqida javob chiqdi. Yana shifokorga, pulmonologiya bo‘limiga olib bordim. “Do‘xtir, hech qanday o‘zgarish sezmayapman, olib qolmasangiz bo‘lmaydi”, dedim. 21 yoki 22-noyabr kuni shifoxonaga tushdik. Birinchi kundan bolamda siymaslik holatini kuzatdim. Do‘xtirga: “Bolam, siymayapti-ku. Ertalab taqqan pampersim qup-quruq turibdi. Yuzlari, asta-sekinlik bilan oyoqlarida shish paydo bo‘lyapti”, desam, “Balki hech narsa yeb-ichmayotgani uchun suvsizlangandir, ikkinchi kun ham kutaylik-chi”, dedi. Shifokor nazoratida qoldirdik.

Ikkinchi kun ham xuddi shu holat kuzatildi. Osma ukollar qilishdi, o‘zgarish yo‘q. Uchinchi kun ham siymadi, yana shifokorga aytdim. Ultratovush tekshiruv (UZI)lar o‘tkazishini aytdi. UZI natijalaridan so‘ng uch-to‘rt do‘xtir ko‘rdi-da: “Buyragida o‘zgarish bor. Bizda uni davolaydigan apparatlar yo‘q, Qarshiga olib bormasangiz bo‘lmaydi”, deyishdi. Keyin bilsam, dializ apparati haqida gap ketgan ekan.

Qarshiga yo‘llanma berishdi. Ertalab 10:00 larda borsak, Saidov degan vrach qabul qildi. Adashmasam, reanimatsiya bo‘limiga tushdik. Tahlillar o‘tkazishni boshlashdi. Bolada “kreatin” moddasi miqdori oshib ketgani aniqlandi. 16:00 larda: “Bizda faqat kattalarning dializ apparati bor. Bolalarniki Samarqandda, o‘sha yerga olib bormasangiz, bo‘lmaydi. Qancha tez harakat qilsangiz, shuncha yaxshi, bolaning buyragi ishlamayapti”, deb yo‘llanma berishdi. Adashmasam, 23-noyabr edi. O‘sha kunning o‘zida, shifokorlar aytgan zahoti Samarqandga yo‘l oldik.

Samarqand ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga qabul qilishdi. Qayta tahlillar o‘tkazildi. Javob oldingi bilan xil: “Buyragi ishlamayapti, „kreatin“ miqdori oshib ketgan. Bir-ikki muolaja qilamiz. Agar shundan keyin ham siymasa, dializ apparatiga ulaymiz”, deyishdi. Natija bo‘lmagach, dializga ulashdi.

Bilmadim, yosh bolalarda buyrak yetishmovchiligi kam uchrarkanmi, kichik yoshdagi bolalarga ulaydigan kateter apparatini hatto Samarqanddan topolmay, Toshkentdan olib bordik. Biz uch kishi edik — bittamizga bir kun oldin, ikki kishiga bir kundan keyin keldi.

Dializning uchinchi kunida shifokor: “Ahvoli og‘irlashib, „kreatin“ miqdori [yanada] oshib ketyapti. Hamma narsaga tayyor turing”, deb ogohlantirdi.

Shu o‘rinda Samarqand shifokorlariga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Kunduzi olish kerak bo‘lgan dializni kechqurun olishimizga to‘g‘ri kelganda, gemodializ bo‘limidagi mutaxassis kechki soat bir bo‘lishiga qaramasdan kelib ketdi. Oldin buyrak ishlamadi, [zaharli modda] asta-sekinlik bilan o‘pkasiga o‘tishni boshladi. Dializdan chiqdi, lekin ahvoli og‘irlashib qoldi. Apparatlarni ulab tashlashdi. Kechqurun ahvoli og‘irlashdi, 2:00 da juda og‘irlashdi, tonggi 6:00 ga borib jon berdi.

O‘sha payt so‘rashganda qanday kasal bo‘lganidan tortib, nima ichirganimgacha, hammasini aytib berdim. Qarshi, Kitobdagi [do‘xtirlar yozgan] qog‘ozlarni berdim. “Siz buyrak yetishmovchiligi bilan kelgan 15-bemorsiz”, deyishdi.

Bolamda shundan oldin hech qanday jiddiy kasallik kuzatilmagan, oddiy kasalliklar ham og‘ir o‘tmagan. Bunaqa muammoni shu dori ["Dok-1 Maks"]dan keyin kuzatdim. Shuni ichgach, ikkita buyragi bir xil vaqtda ishlamay qoldi, nol. Do‘xtir: “Siysa, o‘sha zahar chiqib ketadi”, deb aytgandi. Siyishini kutdik. Hattoki dializ apparatidan keyin ham grammlarda siydi. Vaholanki, u bir hafta davomida siydik chiqarolmay qiynalgan edi. Aslida dializdan keyin ko‘pincha buyraklar ishlab ketishi kerak ekan (yana yig‘lab yuboradi — tahr.).

Sudya: “Dok-1 Maks”ni necha kun, necha mahal ichirgansiz?

Jabrlanuvchi: O‘zi har qanday dorini uzog‘i bilan besh kun ichiraman, undan oshirmayman. Uch mahal deyilgandi, men ikki mahallab ichirdim. Shamollash belgilari endi kuzatilgan paytda o‘ynab yurgandi, o‘tirib, yotib qoladigan darajada emas edi. To‘g‘ri, isitmasi bor edi, isitmasi tushgandan keyin o‘ynab ketardi.

Sudya: Necha grammdan berdingiz?

Jabrlanuvchi: Adashmasam, yo‘riqnomada ko‘rsatilgandek o‘zining qopqoqchasida ikki yarim milligramdan bergandim. Hamma, ayniqsa, onalar e’tibor beringlar, hech qachon bolangizga dori berayotgan paytda ko‘r-ko‘rona, qoshiq bilan, ichmasa ham tiqib [bermanglar]. [Dorilarni noto‘g‘ri] ichirgansizlar deyishsa, men qiynalaman-da (yana yig‘lab yuboradi — tahr.), “men ichirmovdim-ku, do‘xtirning aytganini qilgandim-ku, nimaga bunaqa bo‘ldi?” [deyman].

Shunchalik e’tibor berardimki, yaqinlarim: “Sen shunchalik e’tibor berarding-ku, nimaga sening bolangga shunaqa bo‘ldi?”, deb hayratda qoldi. Aytyapmanku, dorini do‘xtirning qog‘ozi bo‘yicha olaman, yana yo‘riqnomasini ham ochib o‘qiyman. Kuni, vaqt-soati, miqdori, hamma narsasiga qarayman. Men bu narsaga qo‘shilmayman. Qoshiq-qoshiq tiqilmaydi, bolaga litr-litr dori ichirilmaydi (yana yig‘lab yuboradi — tahr.). Ayniqsa, yosh bolalarga. XXI asrda yashayapmiz. Uquvsiz, o‘qimagan odamlar yo‘q-ku bu yerda?

Sudya: Dorining qolgani nima bo‘ldi?

Jabrlanuvchi: Samarqanddaligimizda [shu holatga dori sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini] bilganimdan keyin, qizimni olib keliboq hamma dorilarni otib yuborgandim. [Yo‘l bo‘yi]: “Balki men ko‘p ichirib yuborgandirman, nimaga bunday bo‘ldi?”, deb ko‘p o‘yladim. Uyga kelib qarasam, hech qancha ham ichirmagan ekanman, anchasi qolib ketgan ekan. Aytyapman-ku hech qanaqa dorini besh kundan ortiq ishlatmayman. Tuzalib bo‘lgach ham keyingi safar shamollasa, ichirarman deb olib qo‘yish xayolimning ko‘chasiga ham kirmaydi. Bir marta ichiraman, tashlab yuboraman. Bo‘ldi, qanchasi qolsa, qolib ketavermaydimi?

Sudya: Demak, dorini tashlab yuborgansiz?

Jabrlanuvchi: Ha. “Dok-1 Maks”ni to‘kib yuborib, uning idishi va farzandimga ichirgan har qanday tabletkalarni tashlab yubordim. Tergovchilar telefon qilgandan keyin bolalarimga otib yuborgan joyimni aytgandim, idishini topib kelishdi, topshirdik.

Sudya: Mahbuba opa, uchinchi farzandingiz bilan oldingisining orasida 12 yosh farq bor ekan. Katta farzandlarining o‘g‘ilmi, qizmi?

Jabrlanuvchi: Qiziga hamroh qilishni, o‘g‘liga sherik qilishni kim xohlamaydi? O‘zbekmiz, ikkita farzand bilan cheklanib qolishni xohlamaymiz, lekin hayot — shuncha yil kutdim, bo‘lmadi. 12 yil deganda dunyoga kelgandi.

Prokuror: Kimga qanday da’voyingiz bor? Moddiy, ma’naviy, jazo masalasida.

Jabrlanuvchi: Birinchidan, moddiy-ma’naviy zararini qoplab berishlarini xohlayman. Sog‘lig‘imdan ayrildim, qon bosimi orttirib oldim, yuragim og‘riydi (yana yig‘lab yuboradi — tahr.). Endi yosh emasman, sog‘lig‘im ko‘tarmaydi, farzand ko‘rolmayman. Bularni esa sizga, sudga havola qilaman. Kim bo‘lishidan qat’iy nazar, qonun doirasida jazosini olsin.

Jabrlanuvchi — sudyaga: Farzandim 28-noyabrda vafot etgan bo‘lsa, yaqinda bir yil bo‘ladida. Meni faqat bir savol qiynaydi. Sudlanuvchilarga savol berish mumkinmi? Sardor Kariyev (Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi sobiq direktori)ga savol bermoqchiman.

Sudya: Mumkin.

Jabrlanuvchi — Sardor Kariyevga: Mening ichimni kemiradi. Haligacha bir kun [ham] uxlamayman, (yana yig‘lab yuboradi — tahr.) o‘zimni qiynaymanki, “men qayerga xato qildim, tilsiz, hali tili yaxshi chiqmagan bolamni shu ahvolga solib qo‘ydi, shunchalik qiynaldi?”, deb o‘zimga savol beraman. Uning azob tortganini ko‘rish… ishonasizmi, shunchalar qiynaldi, shunchalar qiynaldi, hattoki “Iltimos, Xudojon, shuning jonini og‘ritmaygina olgin”, deb Xudodan so‘radim (battar yig‘lab yuboradi — tahr.). Bular ichimda qolib ketishini xohlamayman.

O‘zi mening keladigan holatim yo‘q. Operatsiya bo‘lgan bir oyog‘imni likkilatib moshinga minib, Qashqadaryodan 6 soat yo‘l bosib kelishga meni qiynagan savol yetakladi aбрлaнuвchi sud zaliga hassa tayanib kelgandi — tahr.). Savolim shuki: o‘tkazgan dorilaringizni o‘zlaringning farzandlaringizga ichirgan bo‘larmidingiz? Shunaqa ko‘r-ko‘rona. Men sud jarayonini kuzatib boryapman, garchi sizlar yo‘l qo‘ymasangiz ham qisqa-qisqa montajlardan ko‘rib boryapman. Shunaqa ko‘r-ko‘rona, tekshirilmagan dorilarni shaxsan o‘zingiz farzandlaringizga ichirarmidingiz?

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Hurmatli jabrlanuvchi, avvalambor (jabrlanuvchi gapirishdan to‘xtatadi — tahr.).

Jabrlanuvchi: Yo‘q, mendan kechirim so‘ramang. Men kechirimingizni qabul qilmayman. Inson sifatida ham, ona sifatida ham hech kimni kechirmayman.

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Avvalambor o‘zimning hamdardligimni bildirmoqchi edim (ovozi titrab ketadi — tahr.).

Jabrlanuvchi: Bildirmang.

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Avvalambor, sifatsiz dorini boshqalarga ham ravo ko‘rmasdim, o‘zimning farzandlarimga ham ichirmasdim. Lekin bir narsani sizga aytishim kerakki, hozir ommaviy axborot vositalarida butun sud jarayonini to‘liq berishmayapti, deb hisoblayman. Faqatgina… (jabrlanuvchi gapirishdan to‘xtatadi — tahr.).

Jabrlanuvchi: Sizlarning sharofatlaringiz bilan, bilaman buni. Chiqishini xohlamadingiz. Advokatlar o‘sha chiqib boradigan xabarlarni ham kamaytirishga, qisqartirishga, ko‘rsatmaslik uchun e’tiroz bildirishdi. Mayli, biz ota-ona sifatida ko‘ndik.

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Yo‘q, sudlanuvchilar tomonidan unaqa masala qo‘yilmadi.

Jabrlanuvchi: Shaxsan advokatlar so‘rovidan keyin berib boriladigan ma’lumotlar to‘xtatildi, qisqartirildi, hattoki oxiriga borib chiqmay qoldi. Har qanaqangi Telegram-kanallariga ta’qiq qo‘yildi, shuni bilaman.

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Unaqa bo‘lgani yo‘q (ikki marta takrorlaydi — tahr.).

Jabrlanuvchi: Xullas, savolimga javob bering.

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Savolingizga javob berishga harakat qilaman. OAVdan iltimos qilingan narsa — sud jarayoniga obyektiv baho berish va sudlanayotganlarni videoga olmaslik. Ularga boshqa narsalar haqida gapirilmadi (jabrlanuvchi gapirishdan to‘xtatadi — tahr.).

Jabrlanuvchi: Yo‘q, mening savolimga javob bering. Tekshirilmagan dorilarni farzandingizga ichirarmidingiz? Biz ishonamiz-da: O‘zbekistonga kirib kelayotgan hamma narsa, oziq-ovqat vositalari ham, dori vositalari ham tekshiriladi, keyin beriladi. Biz ishonamiz. O‘ylamanglar, “ota-onalar ko‘r-ko‘rona retseptsiz dorilar oladi”, deb. Ular: “Davlat buni nazorat qilyapti, [shu ishning] ustida turgan odamlarning nazorati ostida kirib kelyapti”, deb ishonadi. Men qo‘rqmay ichiraman, chunki davlatga ishonaman, soliq to‘layman. Fuqaro sifatida o‘zining, farzandlarimning kelajagini xavf ostiga qo‘yishni hech kim xohlamaydi. Siz ichirgan bo‘larmidingiz?

Bilasizmi, eng alam qiladigan narsa, nima? [Dori] bolalarimiz o‘lib bo‘lgandan keyin laboratoriyalarda tekshirilib, sichqonlarga berilgani! “Mening bolam bular uchun nechta sichqonning o‘rnini bosdi ekan-a?”, degan savol qiynaydi meni. Nima uchun mening bolam tajriba quyoni bo‘ldi ekan? (yana yig‘lab yuboradi — tahr.). Tirigi-ku bo‘lgandi, keyinchalik o‘lganini ham [tajriba quyonchasi] qilishga harakat qilyapsizlar! Nima uchun mening bolam, xalqning bolasi quyon bo‘lishi kerak? Bizning aybimiz nima?

Sudlanuvchi Sardor Kariyev (yana ovozlari titrab): Yana bir marta, nima bo‘lishidan qat’iy nazar hamdardligimni bildiraman. Sizning savolingizga javob beradigan bo‘lsam, agar sudning boshidan hozirgacha bo‘lgan jarayonlarida kuzatganingizda… (jabrlanuvchi gapirishdan to‘xtatadi — tahr.).

Jabrlanuvchi: Menda kuzatishning imkoni yo‘q.

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Javob berib olay. [Agar sudning boshidan hozirgacha bo‘lgan jarayonlarida kuzatganingizda], hozir mana shu yerda [sudlanuvchi sifatida] e’lon qilinganlarning [bu ishlarga] qasdi bo‘lgan, bu narsani ataydan qilgan yoki bu narsaga sovuqqonlik bilan qarab, bozorga kiritib yuborgan degan fikrdan yiroq bo‘lardingiz. Chunki har bir jarayon bo‘yicha sud davomida so‘roqlar qilindi. Har bir aloqasi bo‘lgan [sudlanuvchi] nima uchun O‘zbekiston bozoriga sifatsiz dori vositasi kirib ketganiga o‘zining vazifasi bo‘yicha fikrini bildirdi. Hozir shularni sizga umumiy tushuntirishga harakat qilaman. Lekin bularning ichiga kirmagan odam tushunishi qiyin bo‘ladi-da. Xalqaro farm-standartlar bor… (jabrlanuvchi uni gapirishdan to‘xtatadi — tahr.).

Jabrlanuvchi: Mayli, kim bo‘lsa ham.

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Ruxsat bering, javob berib olay. [Xalqaro farm] standartlar bor. O‘sha standartlarda ishlab chiqaruvchilar ishlab chiqarayotgan paytda tanlab olinadi. Misol uchun, Marion Biotech kompaniyasi Britaniya farmakopeyasi asosida propilenglikol moddasini ishlab chiqaruvchiga buyurtma bergan. Britaniya farmakopeyasi asosida propilenglikolni o‘zining zavodiga olib kirgan va Britaniya farmakopeyasi asosida sifat nazoratini o‘tkazgan deb hisoblayman.

Hujjatini ko‘rmaganman, lekin o‘zim ishlab chiqaruvchilardan bo‘lganim uchun bu jarayonni to‘liq tasavvur qilaman. Britaniya farmakopeyasida etilenglikol bilan detsilenglikolning tekshirish parametri ko‘rsatilmagan. Shuning uchun ularning laboratoriyasidagi xodimlari ham faqatgina propilenglikolni tegishli bo‘lgan parametr doirasida tekshirgan. Tergov jarayonida tushunishim bo‘yicha, Hindistondagi ishlab chiqaruvchi ham olgan xomashyosining ichida etilinglikol va detsilinglikol mavjudligini bilmagan.

Ishlab chiqarish jarayonida ishlab chiqargan, qo‘shgan, aralashtirgan, siropini qo‘shgan va tasdiqlangan normativ hujjatlar asosida sifat nazoratidan o‘tkazgan. O‘sha standart asosida hammasi sifatli chiqqan. Etilenglikol bilan detsilenglikolni tekshirmagan. Chunki u narsa ko‘rsatilmagan.

Xuddi shu sirop bizga, O‘zbekistonga kelgan. Bizdagi mutaxassislar ham, mana bu yerda o‘tirgan hamma aybdor, zalda o‘tirganlar ham bor. Aybdor demaylik — men ularning rahbari sifatida ularni aybdor deb hisoblamayman. Hammasi o‘zining yo‘nalishi bo‘yicha o‘zining ishini qilgan. Ya’ni, farmakopeya xodimi ham xalqaro standartlar asosida o‘sha normativ hujjatlarni tasdiqlab bergan. Undan besh yil oldin ishlagan, undan tajribaliroq [kompaniya] ham o‘sha 2017-yildagi [normativ hujjatlar asosida ishlagan]. [2017-yilda normativni tasdiqlaganlarga] ham: “Sen nimaga 2017-yilda tasdiqlagansan?”, degan savolni [berdim]. U ham xalqaro standartlar asosida tasdiqlaganman, [deb javob beryapti]. 2011−2012-yillarda ham o‘sha standartlar asosida tasdiqlangan.

Agar hozir bu yerda o‘tirganlarning hammasi aybdor deb fikrlaydigan bo‘lsak, unda besh yil oldin tasdiqlaganlarni ham, 2012-yilda tasdiqlaganlarni ham olib kelib, qamashimiz kerak-da. Demak, 2012-yilda o‘sha standart tasdiqlanyapti, xuddi o‘sha parametr bo‘yicha o‘tyapti. 2017-yilda tasdiqlanyapti, yana xuddi shunaqa parametr bo‘yicha o‘tyapti. 2012-yilda boshqa rahbar, boshqa mutaxassis, boshqa bo‘lim boshlig‘i bo‘lgan. 2017-yilda ham boshqa rahbar, boshqa mutaxassis, boshqa bo‘lim boshlig‘i bo‘lgan. Bu yerda ham [2022-yil] xuddi shunaqa bo‘lgan. Men rahbar bo‘lyapman, boshqa bo‘lim boshlig‘i, boshqa mutaxassis bo‘lyapti. Xuddi shu standartlar bo‘yicha tasdiqlanib kelyapti.

Yana bir marta aytaman, ularni noto‘g‘ri qilgan, deyolmayman. Tergov nima deyishidan qat’iy nazar, men shu sohada 20 yil ishlagan odam sifatida ular noto‘g‘ri qilgan demayman. Balki chuqurroq o‘rganish mumkin bo‘lgandir, balki boshqasi bo‘lgandir, lekin u narsani o‘sha paytda o‘tirib olib sovuqqonlik qilib, kimningdir bolasini sichqonga o‘xshatib sinovdan o‘tkazamiz degan nuqtai nazaridan qilmagan (ovozi titrab ketadi — tahr.). Qilmagan. Bittasida ham unaqa [bo‘lmagan]. Hammasining farzandi bor, bu ishlar bo‘lgan paytda hamma… (jabrlanuvchi uni gapirishdan to‘xtatadi — tahr.).

Jabrlanuvchi: Lekin nimaga ishlaringda bunchalik loqayd va befarqlikka yo‘l qo‘ydinglar? Mana, [keyin] tekshirganda chiqdi-ku. Shu narsani oldinroq qilish mumkin edi-ku.

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Sizga shu narsani yana bir marta tushuntirishga harakat qilaman. O‘zbekistonda har yili mingdan ziyod, dunyoda 100 minglab dori vositalari ro‘yxatdan o‘tadi. Shuning uchun ham mana shu dorini mana bu standart bo‘yicha tekshirasan, degan xalqaro standartlar belgilanadi. O‘sha farmakopeya xalqaro standartini biznikilar ham qabul qilgan. Endi u yoqdagi xatolikni oladigan bo‘lsak, boshidan 1990-yillarga qaytib, o‘shani tasdiqlagan, Britaniyada o‘tirgan qanaqadir odamni ham bu yoqqa olib kelib qo‘yishimiz kerak-da (yana ovozi titraydi — tahr.). Nima uchun o‘sha paytda sen bitta farmakopeya bo‘yicha boshqacha… (jabrlanuvchi uni yana gapirishdan to‘xtatadi — tahr.).

Jabrlanuvchi: Endi ko‘za kunda emas, kunida sinadi-da. Sizga shunaqa to‘g‘ri keldi. Demak, siz javob berishingiz kerak.

Sudya: Jabrlanuvchi, bunga sud baho beradi. Yana savolingiz bormi?

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Bulardan boshqalar ham shu savolni beradi-da. Ruxsat bering, oxirigacha gapirib olay.

Sudya: Marhamat.

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Endi hammasi mana shu joylardan o‘tib keldi. Ekspertlar kengashi ishladi, hammasi shu narsani ko‘rdi, o‘rgandi, fikrini bildirdi, shu dori qabul qilindi, bozorga kiritildi. Kirgandan keyin bizda qonun bo‘yicha har besh yilda bir marta davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi, undan keyin sertifikatlashga boradi. Sertifikatlashdagilarni ham aybdor deb hisoblamayman. Mayli, kamchiligi bo‘lgandir, boshqa narsa qilgandir, lekin ularni ham aybdor deb hisoblamayman. Ular ham o‘sha tasdiqlangan hujjat bo‘yicha sifat nazoratidan o‘tkazgan, bozorga kiritgan.

Mana shu yerda o‘tirgan (sudlanuvchilardan birini ko‘rsatib — tahr.) S.R.Pni ham aybdor deb hisoblamayman. Bu ham Hindistondagi zavodning O‘zbekistondagi vakili. Nima, u tayyorlanishida o‘tiribdimi, xomashyosini birga sotib olibdimi? Aybi bo‘lsa, boshqa narsada bordir, lekin mana shu siropda yo‘q deb hisoblayman (yana ovozi titrab ketadi — tahr.).

To‘g‘ri, hozir: “[Unda] bu yerda kim aybdor, sen rahbar bo‘lib qaramagansan?”, deyishingiz mumkin. Bilmayman, “ko‘za kunda emas, kunida sinadi”, deganingizdek (yana ovozi titraydi — tahr.) shu narsa bo‘ldi, mening davrimga to‘g‘ri keldi. [Bunaqa narsa sodir bo‘lishi] mening ham tushimga kirgani yo‘q. Bir yil oldin kimdir: “Shunaqa siropdan 60 dan ortiq bola vafot etarkan (yana ovozi titraydi — tahr.), sen qamalarkansan” deganida, “Jinni bo‘lib qolibsan”, derdim.

Rahbar sifatida nimani noto‘g‘ri qilyapman — laboratoriyadagi barcha xodimlarning oyligini oshirib beryapman, xodimlarning kerakli shtatlarini to‘g‘rilab beryapman, laboratoriyada kerak bo‘ladigan hamma narsani olib beryapman (yana ovozi titraydi — tahr.), million-million dollarlik apparatlarni olib beryapman, bundan tashqari O‘zbekistonda dorilarning sifati bundan ham yuqori bo‘lsin deb, davlat rahbariga kirib: “Hurmatli prezident, [bizdagi] davlat korxonalariga mana shu inspeksiyani majburiy qildirtiraylik”, deb mendan oldingilar qilmagan inspeksiyani majburiy qildirtirdim. Shu yerda korrupsiya holatlari bo‘lmasin deb davlat rahbariga chiqib: “Chet elnikiga ishonmaylik, o‘zimizda qilaylik”, deb klinik sinovlarni prezidentning qarorlariga qo‘shtirdim.

O‘zimni sovuqqonlik qildim demayman, nimanidir [ko‘rolmay/qilolmay] qolgandirman balki, lekin sovuqqonlik emas. Mana shu tashkilotning rahbari sifatida jabrlanuvchilarga, ommaviy axborot vositalariga, hammaga aytmoqchiman — shu yerda o‘tirgan xodimlarning birortasining ham qasddan qilgan qandaydir aybi yo‘q, deb hisoblayman (ovozi yana titrab ketadi — tahr.). Shu fikrda qolaman.

Jabrlanuvchi: Kimnidir aybdor deyishdan yiroqman. Buni sud hukmiga topshiraman, o‘zi qonuniy jazosini qo‘llaydi. Mayli, kim aybdor bo‘lsa, jazosini olsin. Befarqlik, loqaydlik — bu juda qiyin narsa.

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Qiyin narsa. Fojia bo‘lgan. Misol uchun, siz bizni 10 oydan beri endi ko‘ryapsiz. O‘sha fojialar boshlangan paytda men o‘zimning o‘tirar joyimni topolmaganman.

Jabrlanuvchi: O‘sha payt men ham bunaqa gapirolmasdim. O‘zimni bosib, ruhan tayyorlab kelganman.

Sudlanuvchi Sardor Kariyev: Men ham boshida shunaqa fikrda bo‘lganman: “Nima xato qildimki, xodimlarim nima xato qildiki, mana shu voqealar sodir bo‘ldi?”, deb o‘zimni qayta-qayta so‘roqqa tutganman, [xodimlarimning] hammasi bilan gaplashib chiqqanman.

Jabrlanuvchi: Men ham hozirgacha shu narsani aytaman: “Qayerda, nima xato qildim? Men shu narsani…” (sudya uni gapirishdan to‘xtatadi — tahr.).

Sudya: Mahbuba, yana savolingiz bormi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q, qonunga topshiraman. Bular uchun odil hukmni o‘qing. Ma’naviy zararni qoplab berishadi. Chunki buning ortidan men sog‘lig‘imni yo‘qotdim. Hammasini Xudoga soldim! U yerda javob bera olsalaring bo‘ldi. Men bilaman, kim aybdor bo‘lsa, u yerda yuzma-yuz bo‘ladi. Bu yerda-ku mayli — hammangiz u yerda javob berasiz.

Sudya: Mahbuba opa, siz moddiy-ma’naviy zarar so‘rayapsiz. Shuning qiymatini ayta olasizmi? Necha pul so‘raysiz?

Jabrlanuvchi: Hammaga qancha lozim topilsa, shuncha. Buncha degan narsani men so‘zda ishlatmayman.

Sudya: Tushunarli. Savollar bormi?

Advokatlardan biri: Birinchi marta 1-noyabrda farzandimning mazasi bo‘lmay qoldi, dedingiz.

Jabrlanuvchi: 2-noyabr kuni do‘xtirga olib borganimni bilaman.

Advokat: Shunda uzog‘i besh kun, ikki mahaldan, ikki yarim milligramm [dori] berganman deyapsizda.

Jabrlanuvchi: Yo‘riqnomaga amal qilganman.

Advokat: Keyingi marta shifokorga borgan sanangizni eslay olasizmi?

Jabrlanuvchi: (Jimlik — tahr.).

Advokat: Agar eslolmayotgan bo‘lsangiz, dastlabki tergovda “17-noyabr kuni tana harorati keskin ko‘tarildi, holsiz, ishtahasiz bo‘lib qoldi. 18-noyabrda Kitob tuman bolalar shifoxonasiga olib bordim”, deyapsiz.

Jabrlanuvchi: 18-sanada bordim. Ko‘rdilar va “Juda vahima qiladigan narsa emas. Kasal juda ko‘p. Hozir sizni olib qololmayman, antibiotik yozib beraman, o‘zimning nazoratimda qoladi”, dedilar. O‘sha kuni shamollashga qarshi antibiotik qilganlaridan keyin men farzandimni yana uyga olib ketdim. 18-kuni ketyapman. Adashmasam, o‘rtada shanba-yakshanba bo‘lib qolyapti, shuning uchun men borolmayapman. Dushanba kuni ham bolam yaxshi tarafga o‘zgarmayapti. Aksincha, yana battarlashdi, umuman ko‘zini ham ochmay qo‘ydi. Qaytib borib, “Endi olib qolmasangiz bo‘lmaydi. Men shifoxonaga yotaman”, deb turib oldim.

Advokat: Antibiotikni kasalxonada qildirdingiz-a?

Jabrlanuvchi: Ikkita qilinishi kerak ekan. “Bittasini o‘zimning nazoratim ostida o‘tkazamiz, bittasini uyda falon soatda olasiz”, deb yana qanaqadir antibiotik yozdi.

Advokat: Mana shu antibiotik olishidan oldin, “Dok-1 Maks” ichib yurgan vaqtda yana boshqa dorilarni ichirtirganmisiz, yo‘qmi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q. Agar issig‘i chiqsa, “svecha”dan foydalangan bo‘lishim mumkin. Lekin hech qanaqa sirop sotib olmaganman.

Advokat: “Dok-1 Maks” qabul qilishni boshlaganda, 2-sanadan 18-sanagacha issig‘i chiqqanmidi?

Jabrlanuvchi: Bunday holat kuzatilyapti: o‘ynab yurgan bola o‘ynamayapti, ovqat yeb yurgandi — yemayapti. Keyin oxirlarida, 17-sana kechqurun issig‘i chiqyapti, o‘shanda “svecha”dan foydalanib, tez yordam chaqirdim. Qo‘shimcha hech qanaqangi sirop ichirmaganman.

Advokat: Keyin farzandingiz shamollash paytlari bog‘chaga ham borib turdi-a?

Jabrlanuvchi: Boshida, 2-sanada dori ichirganimda o‘ynab ham ketardi-da. Shunda o‘rtadagi bir-ikki kundan keyin bir haftami, besh-olti kunmi bog‘chaga ham qo‘ydim.

Advokat: Oxirigacha, 17−18-gacha [bog‘chaga] boryapti-da, shundaymi?

Jabrlanuvchi: Shu “qayt qilyapti” deganda olib ketdim-da.

Advokat: Qayt qilgandan keyin shifoxonaga olib borganmisiz?

Jabrlanuvchi: Ha.

Advokat: 17−18-sanagacha qayt qilmadi-a lekin?

Jabrlanuvchi: Bog‘chadan olib kelganimdan keyin o‘zim ichirgan narsamni ham qayt qildi. Bundoq olib qarasak, doridan bir hafta o‘tib bolada yana [yangi] simptomlar paydo bo‘lyapti, bola tuzalib ketmayapti. Eng muhim jihatiga e’tibor beradigan bo‘lsam, har kun yeydigan eng yaxshi ko‘rgan narsasini ham yemaydigan bo‘ldi, oxirgi kunlar tana harorati ham ko‘tarilishni boshladi.

Advokat: Demak, “Dok-1 Maks” ichayotgan paytda qayt qilmagan. Ichib bo‘lgandan keyingi 1−2 kunda ham qayt qilmagan.

Jabrlanuvchi: Aytyapman-ku, “Dok-1 Maks”ni men juda kam miqdorda berganman.

Advokat: Idishini tashlab yubordim dediz-a?

Sudya: Savol qaytarilyapti. “Tashlab yubordim”, dedi.

Advokat: Aniqlashtiryapman.

Jabrlanuvchi: Lekin men aniq bilaman, Samarqanddan kelgandan keyin ichidagini to‘kib, idishini otdim. Qolgan tabletkalarni shundoqligicha otdim.

Advokat: Qayerga otdingiz?

Jabrlanuvchi: Uyimizning orqa tarafida ortiqcha yer bor. O‘zi bir tashlab yuborish ham xayolimga keldi. Lekin negadir hammasini otib yubordim-da. Tergov o‘tgach, “shuni topsangiz, yaxshi bo‘lardi”, deyishgandan keyin bolalarimga: “Otgan joyimga qaranglar-chi, hech bo‘lmasa idishi turgandir”, degandim. Haqiqatdan, rasvo bo‘lib yotgan ekan, dorisi yo‘q edi.

Advokat: Sizga yuvib olib kelib berishdi, shundaymi?

Jabrlanuvchi: Ha.

Advokat: [Vaziyat shunaqaki], o‘sha idish siznikimi, sizniki emasmi aniq aytolmaysiz.

Jabrlanuvchi: Aniq [meniki].

Advokat: Endi siz nazoratsiz joyga otdim deyapsiz-ku.

Jabrlanuvchi: Yo‘q-yo‘q. Qarang, uyning orqasida o‘zimga tegishli yer bo‘ladi-ku, 2−3 metr qo‘shimcha yerim. U mening hududim. Biz [qo‘shnilar] bilan bir-birimizning chegaramizga umuman aralashmaymiz. Bir-birimizga narsa tashlamaymiz.

Boshqa advokat: Qarshi shahridagi do‘xtirlarga biror e’tirozingiz bormi? Chunki siz borganda “bolangiz yaxshi” deb antibiotik yozib beryapti.

Jabrlanuvchi: Yo‘q, “yaxshi” demayapti. “Joy yo‘q. Uyda shu antibiotikni olib turing”, deb jo‘natgan.

Advokat: “Dok-1 Maks”ni yozib berishdan oldin UZI qilmagan, boshqa tekshiruvlardan o‘tkazmagan. “Agar vaqtida, to‘g‘ri davolanish boshlansa, balki boshqacha bo‘larmidi?” degan savolingiz bo‘lmaganmi?

Jabrlanuvchi: Balki o‘sha vaqtda shifokorlarni ayblagandirman. “Nazorat qilmadilaring. Vaqtida Samarqandga borganimizda, dializlar tezroq olinganda shunaqa bo‘lmasmidi?”, degan fikr o‘tdi. Lekin o‘ylab qarasam, shifokorlar bolaning darajasidan kelib chiqib imkon qadar yordam qilishga harakat qildi. Qanaqa ahvolda olib borgan bo‘lsam, o‘sha holatni yaxshilashga harakat qildi.

Advokat: [Mening ham] Samarqand do‘xtirlariga hech qanday savolim yo‘q. Qarshidagilarni nazarda tutdim. Avval uyingizga jo‘natyapti, UZIni uchinchi kunda qilyapti-da, keyin Samarqandga jo‘natyapti. Normal qaramayapti.

Jabrlanuvchi: Men farzandni qanday katta qilishni bilaman, E’zozamdan oldin ham ikki bolam bor. Dorining tarkibida nojo‘ya ta’sir qiladigan element bo‘lmasa, ichgandan keyin orqaga ketishga emas, shifoga xizmat qilardi. Lekin bunda aksi bo‘ldi. To‘g‘ri, shifokor xato qilgandir, lekin ular imkon darajasida qo‘lidan kelgan harakatni qildi. Ularni ham ayblashga haqqim yo‘q. “Balki, balki” bilan boshlanadigan savollarim ko‘p.

Sudya: Savollar yo‘qmi? (Ma’lum jimlikdan so‘ng, jabrlanuvchiga): Opa, rahmat sizga.

Advokatlardan biri — sudyaga: Prokuror jabrlanuvchilardan moddiy-ma’naviy da’vosi [bor-yo‘qligini] so‘rayapti. Qonunchilikka ko‘ra, davlat tomonidan ishtirok etadigan prokurorda moddiy va ma’naviy zarar undirish masalasi turgan bo‘lsa, da’vo arizasi kiritilishi kerak. Hozir [esa] qancha moddiy, qancha ma’naviy zarar to‘lanishini hech kim bilmaydi. Sudlanuvchilarning qarindoshlari bir marta o‘zidan bilib bersa, u ham o‘zining boshiga kaltak bo‘lib tushdi. [Hozirgi vaziyatda] yordam bersa ham, yordam bermasa noto‘g‘ri [bo‘lyapti/hisoblanyapti].

Hurmatli sud, shuning uchun moddiy zararning qonunchilikda mavjud hisoblanishini jabrlanuvchilarga tushuntirish [kerak]. Masalan, turli tadbirlar o‘tkazgan, tergovga kelib ketgan, umuman, nima xarajatlar qilgan, shularni hisoblab, ariza bilan murojaat qilsin. Ma’naviy zararga kelsak, hammamizga ma’lumki, bunda aniq bir summa yo‘q. Lekin bu bo‘yicha ham so‘rashsa, da’vo arizasi kiritishsin. Keyin biz muhokama qilaylik-da, agar to‘laydigan bo‘lsa, qarindoshlari to‘lasin. U ham yengillashtiruvchi [bo‘lishi] hamda jabrlanuvchilarning foydasi uchun [bo‘lishi mumkin].

Sudya: Hurmatli jabrlanuvchilar, da’voyingizni sud ko‘rib chiqadi. Faqat moddiy da’vo ko‘rilgan real zararni tasdiqlovchi hujjat asosida bo‘ladi. Advokatimiz shuni taqdim qilib keyin o‘sha masalani ko‘tarsin, degan ma’noda aytyapti.

Jabrlanuvchi: Bolalar-chi? Kelib-ketish xarajatlaridan tashqari — bolalar-chi?

Sudya: Mahbuba opa, insonini yo‘qotib qo‘yish — og‘ir narsa. Siz moddiy yoki ma’naviy davo deb fikringizni bildirsangiz, sud uni ko‘rib chiqadi.

Jabrlanuvchi Ozodjon Nurullayev ko‘rsatmasi

Jabrlanuvchi Ozodjon Nurullayev 1986-yil Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tug‘ilgan. Hozirda Navoiy viloyati Zarafshon shahrida yashaydi. Uning 2020-yil 28-mart kuni tug‘ilgan qizi — Nigina Odilova 2022-yil oktabri oxirlarida shamollashdan davolanish uchun dori ichgach, ahvoli og‘irlashib, 2022-yilning 14-noyabr kuni vafot etgan.

Jabrlanuvchi: 2022-yil oktabr oyining oxirlarida, havo salqinlab qolganidanmi, qizim Nigina Odilovaning tomog‘i qizarib, tana harorati biroz ko‘tarildi. Ishda edim, ayolim telefon qilib qizimning holatini bildirib, “dorixonadan dori olib kelaymi?”, dedi. “Mayli”, dedim. Undan oldingi ikki o‘g‘lim kattaroq bo‘lgani uchun, bunaqa shamollashlarda hamshiradan ko‘ra ayolimning o‘zi bolaga yaxshiroq qarardi. Dorixonadan “Dok-1 Maks”, “paratsetamol-svecha”lardan olib kelgan.

Ayolim doimiy odatiga ko‘ra, dorini, xususan, siropni ham yo‘riqnomasini o‘qib, ko‘rsatilgani bo‘yicha ichirgan. Ertalablarda qizimning “temperatura”si tushgan. O‘ynab, ahvoli sal yaxshilangan bo‘lganu kechga borib tomog‘i yana qizara boshlagan. Ikkinchi kun ham shunday yurib, uchinchi kundan siydik ajralishi kamayib, qaytarib, holsizlanishni boshlagan. Avvalida “issig‘iga qarshi “svecha”dan foydalanganimiz uchun terlayapti, tanasidagi suv shu yo‘sindan chiqib ketyapti, shuning uchun siydik ajratmayapti”, deb ko‘p ham e’tibor bermadik. Ikkinchi kun yana shu hol takrorlangan — siydik chiqmagan. Kechqurun ishdan kelganimda ayolim: “Borgan sari oldinga emas, orqaga ketyapti, ikki kundan beri siymayapti”, dedi.

Ayolim 4-noyabr tongida bolani Zarafshon shahridagi o‘zimiz biriktirilgan poliklinikaga olib chiqqan. U yerda “otangga bor, onangga bor” qilib, soat 11:00 gacha biror do‘xtir qaramagan. Eshikma-eshik yuraverib, tasodifan Navoiydan bir oylik komandirovkaga kelgan vrachning qabuliga kirib qolgan. 15 kun oldin bizniki kabi holat Zarafshon shahridagi boshqa bemorda ham kuzatilgan, bundan esa o‘sha vrach xabardor bo‘lgan ekan. U tezda UZIga tushirib, o‘sha zahoti Navoiy viloyati ko‘p tarmoqli bolalar markaziga yo‘llanma bergan.

Men ishdan javob oldim-da, yo‘lga chiqdik. Yo‘llanma bo‘yicha bizni qabul qilgan shifokor UZI tekshiruvlaridan o‘tkazish va reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazishni buyurdi. Juma kuni kechqurungi holat edi. Shu bilan ish vaqti tugab asosiy vrachlar ketdi. Biz esa navbatchilarga qoldik.

Tunda reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i bilan shifoxona bosh vrach o‘rinbosari o‘zaro maslahatlashib nima bo‘lgani va biz nima qilganimizni boshidan so‘rab chiqdi. “Dok-1 Maks” haqida eshitgach, o‘sha vaqtda yana to‘rt-besh bemorlar ham shu dorini qabul qilib, ahvoli yomonlashgani, dializ olib jonlantirish bo‘limiga davolanayotganligini bildirdi.

Shanba tongida bolaning ikki buyragi ishlamayotgani, siydik ajratmayotgani, zudlik bilan dializ qilish kerakligini aytishdi. “Navoiyda bolalarning dializ apparati mavjud emas, faqat kattalarniki bor. O‘zingiz Buxoroda tug‘ilgan ekansiz. Zudlik bilan yo Buxoro, yoki Samarqandga olib ketishingiz kerak”, deyishdi. Men vrachga: “Buxoroda tug‘ilgan bo‘lsam ham propiskam Navoiyda. Qayerga borish kerak bo‘lsa ham yo‘llanma beringlar”, desam, birdan: “Dializni o‘tkazamiz, filtr yo‘q, filtr topib kelinglar”, deb qoldi.

Shanba kuni soat 16:00 edi. Bola anchayin holsizlashib qolgan. Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasidan Bahodir aka G‘aniyev orqali tanish-bilish qilib, ikki dona filtr oldirdik. Navoiydagi do‘xtirlar: “Bu shanba-yakshanbani o‘tkazishga. Dushanba kuni olib ketasizlar”, deyishdi. 22:00 lar atrofida filtr keldi. Dializ bo‘limining boshlig‘iga olib borsak, “Filtr o‘zimizda bor-ku, nega olib keldingiz”, dedi. Biz qaysi bo‘limga ishonishni bilmay qoldik. O‘rtada bola sarson. Filtrni olib kirib ketdi. O‘sha filtrdan foydalandimi, boshqasidanmi, buyog‘i bizga qorong‘i. Nima bo‘lganda ham o‘sha tunda birinchi marta dializ qilishdi.

Yakshanbada ham kechki payt dializni o‘tkazdi-yu, dushanba — 7-noyabr kuni Samarqand viloyati vrachlari bilan gaplashib, o‘sha yerga yo‘llanma berdi. Biz Navoiydan chiqib Samarqandga kelguncha soat 16:00 lar bo‘lib qolgan, ungacha aksar vrachlar ketib bo‘lgan ekan. Yaxshiyam Bahodir aka G‘aniyev hali ketmagan ekan. Bolani ko‘rdilaru reanimatsiya bo‘limiga joylashtirdilar. “Keyingi kun, seshanbada dializga olamiz”, deb bir shogirdlariga aytdilar. U uddalay olmadi. Xullas, seshanba kuni ham dializ o‘xshamay, chorshanba kechqurunga qoldirildi.

Seshanba kechqurun muolajasini qilib turibdiyu, lekin bola shishgan, og‘ir ahvolda, allaqachon komaga tushib bo‘lgan edi. Chorshanba kuni dializ qilishdan oldin bizga: “Kateter yo‘q, kateter topib kelinglar”, deyishdi. O‘sha payt Samarqandda sammit bo‘layotgandi, shekilli, yo‘llar yopiq ekan. Tungi soat 2:00 da, Toshkentdan, Sergelining qaysidir dorixonasidan ikki dona kateter topdim. Kelgunimcha payshanba kuni ertalab bo‘ldi. Payshanbada dializ o‘tkazildi. Lekin aytgandek o‘xshamadi. Bolam og‘irlashib, shishib, so‘nggi kunlariga yaqinlashgan edi. Ukol-dori, apparatlar bilan 14-noyabrgacha ushlab turishdi. Shu kuni joni uzildi.

Sudya: “Dok-1 Maks” dori vositasini necha marta va qancha miqdorda berilganini bilasizmi?

Jabrlanuvchi: Ayolim uch-to‘rt kun davomida yo‘riqnoma asosida ertalab va kechqurun “temperatura” qilgan vaqtda berganini aytgan.

Sudya: Aniq [uch-to‘rt kunligini] bilasizmi?

Jabrlanuvchi: Ha. Chunki shamollashdan ko‘p o‘tmay, bolada qayt qilish va siydik ajratmaslik kuzatildi.

Sudya: Dori vositasining qolgani nima bo‘ldi?

Jabrlanuvchi: Hammasi chiqarib tashlangan.

Sudya: Topilmadimi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q. Qizim vafot etgan 14-noyabr sanasida shu doridan degan taxmin bor edi-yu, lekin aniq aytilmagani uchun bizda shubha bo‘lmagan. Borgunimizcha hamma narsa yig‘ishtirib bo‘lingan ekan.

Prokuror: Kimga qanday da’voyingiz bor?

Jabrlanuvchi: Sudlov hay’atiga qoldiraman.

Prokuror: Jazo masalasida-chi?

Jabrlanuvchi: Jazo masalasida ham.

Sudya: Advokatlarimiz, sudlanuvchilarimizda savollar bo‘lsa, marhamat.

Advokatlardan biri: Kateter yo‘q, filtr yo‘q degan vrachlar ustidan Navoiy, [Samarqand] viloyat prokuraturalariga ariza bilan murojaat qilganmisiz?

Jabrlanuvchi: Yo‘q.

Advokat: Farzandingizni sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tkazmabsizlar.

Jabrlanuvchi: Ha, ruxsat bermadim. O‘zi bir hafta, 10 kun azob yegani yetadi.

Shundan so‘ng “Dok-1 Maks” siropining ishlab chiqaruvchi xorijiy shirkatning O‘zbekistondagi dileri, Quramax Medical MCHJ direktori, sudlanuvchi S.R.P.ning advokati Davron Ahmadov bemorlarni ojiz ahvolda qoldirib, o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondashishi oqibatida ularning o‘limiga sabab bo‘lgan tibbiyot xodimlari masalasiga e’tibor qaratishni so‘rab sudyaga murojaat qildi.

Advokat Davron Ahmadov: Hurmatli raislik qiluvchi, ko‘p jabrlanuvchilarda eshitganlarim asosida bir iltimos qilmoqchi edim. Aynan tibbiyot xodimlarining harakatsizligi, bemorlarni ojiz ahvolga qoldirishi, mansabni suiiste’mol qilishi va sovuqqonlik bilan yondashishi bolalarning o‘limiga sabab bo‘lgani to‘g‘risida tergov organiga ma’lumot berishingizni va xususiy ajrim chiqarishingizni so‘rayman.

Sudya: Tomonlarga tushunarli bo‘lishi uchun [qaytaraman]. Bolalarning o‘limida shifokorlarning ham aybi borligi aytilib, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish bo‘yicha tergov organlariga xabarnoma yuborish so‘ralyapti. Marhamat, prokuror, fikringiz.

Prokuror: Alohida ish yuritish haqidagi jinoyat ishida qaror mavjud. Tergov harakatlari olib borilyapti. Qo‘shimcha xabarnoma yuborish maqsadga muvofiq emas, deb hisoblayman. Qolaversa, advokatda o‘zi tomonidan tergov organiga murojaat qilish huquqi bor. Rad qilishingizni so‘rayman.

Shundan so‘ng sudya barcha advokatlar, sudlanuvchilar, jabrlanuvchilarning qonuniy vakillaridan advokat Davron Ahmadovning iltimosnomasini ma’qullash yoki rad etish haqidagi fikrini so‘radi. Ularning bir qanchasi iltimosnomani ma’qullashini, yana bir qismi esa sud hukmiga havola qilishini bildirdi.

Sudlanuvchilardan biri: Iltimosnomani to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda qo‘shimcha qilmoqchiman. Adashmasam, bu ishda faqat nogiron bo‘lib qolgan bolalar bo‘yicha deyildi. Men aynan vafot etgan bolalarga loqayd yondashgan deb nafaqat poliklinika va kasalxonadagi bir-ikki vrachlarni, balki har bir shifoxonani kerakli vositalar bilan ta’minlamagan Sog‘liqni saqlash vazirligini ham shu ishda ko‘rib chiqish kerak deb o‘ylayman.

Sudya: Sud ishi ko‘rilishi jarayonida boshqa shaxslarning xatti-harakatlarida jinoyat alomati borligi aniqlangan taqdirda, sud bu masalani ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish jarayonida maslahat uyida hal qiladi, deb belgilangan. Shuning uchun hozir iltimosnomani qabul qilib, jinoyat ishi hujjatlariga qo‘shdik. Va sud yakuniy qaror qabul qilayotgan vaqtda iltimosnoma vajlarini muhokama qilishini ma’lum qilamiz.

Biz jabrlanuvchilardan bemorlar bilan bog‘liq turli holatlar, hatto ism-familiyasini almashtirib qo‘yib, boshqa bo‘limlarga yotqizish holatlarigacha eshitdik. Faqat hozirdan qaror qabul qilib, oldindan xulosa chiqarishga qonun yo‘l qo‘ymaydi, to‘g‘ri qabul qilasiz. Bunga vakolatimiz yo‘q. Shu sabab iltimosnomani ish hujjatlariga qo‘shib qo‘ydik.

Jabrlanuvchi Sadoqat Abduqunduzova ko‘rsatmasi

Jabrlanuvchi Sadoqat Abduqunduzova 1993-yil Namangan viloyati Chust tumanida tug‘ilgan. Uning 2019-yil 3-oktabrda tug‘ilgan farzandi — Madinabonu O‘ktamaliyeva 2022-yil 13-dekabrga shamollashdan tuzalish uchun dori vositasini qabul qilgach, ahvoli og‘irlashib, 2023-yilning 19-yanvarida vafot etgan. Marhuma jabrlanuvchi Sadoqat Abduqunduzovaning 2022-yil avgustida vafot etgan turmush o‘rtog‘idan qolgan yagona yodgori bo‘lgan.

Ko‘rsatmadan oldingi shaxsga oid qisqa savol-javobdan:

Sudya: Oilangiz bor-a?

Jabrlanuvchi: Yo‘q.

Sudya: Bilishim bo‘yicha [qizingiz] [marhum] turmush o‘rtog‘ingizdan qolgan yagona farzandingiz edi-a?

Jabrlanuvchi: Ha.

Sudya: Tushunarli, sabrli bo‘ling. Oila qurdingizmi, yo‘qmi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q.

Sudya: Ota-onaning bilan yashaysizmi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q, o‘zim yolg‘iz yashayman.

Sudya: Ota-onangiz bormi?

Jabrlanuvchi: Ha.

Farzandim Madinabonu O‘ktamaliyeva 2019-yilning 3-oktabrida tug‘ilgan. 2022-yil 10-dekabrda ovozi o‘zgarib, tomog‘i og‘riganidan shikoyat qildi. 13-dekabr kuni dorixonaga chiqib, “ASS” tabletkasini so‘rasam, u tabletka qolmaganini aytishdi. O‘rniga birorta dori tavsiya qilishlarini so‘ragandim, “Dok-1 Maks”ni berishdi. Uyga olib kelib yo‘riqnomasida yozilgandek ikki mahaldan, 2,5 milligrammdan ichirdim.

Yangi uyga ko‘chgan paytlarimiz bo‘lgani uchun o‘sha kunlari bolamni bog‘chaga bergandim. Birinchi kun hech narsa bo‘lmadi. Ikkinchi kun siydigida qizarish paydo bo‘ldi. Bog‘chasiga telefon qilsam, “Bolangiz ovqat yemay, faqat qizilcha salat yedi”, deyishdi. Siydik qizarishini shu salatdan bo‘lsa kerak deb, pediatr bo‘lib ishlaydigan qaynonamga telefon qilib vaziyatni aytsam, “bo‘lishi mumkin”, dedilar. Uchinchi kuni soat 12:00 larda bog‘chadan telefon qilib: “Bolangiz qayt qilib, faqat yotyapti. Hech kim bilan o‘ynamayapti”, deyishdi.

Bog‘chadan olib chiqib, “Ehtimol, oshqozoni buzilgandir”, deb 16:00 larda Chust tuman tez tibbiy yordamiga olib borib oshqozonini yuvdirib keldim. Lekin qayt qilishi to‘xtamadi. Suv bersam ham qayt qilib tashlayverdi. Orada shanba-yakshanbaga to‘g‘ri kelib qoldi. Qaynonamni chaqirdim. “Suvsizlanib qolgan, shuning uchun kam siyyapti”, dedilar. Bolada shish paydo bo‘ldi. Bolam uch yoshdan o‘tib qolganiga, bemalol gapira olardi. Yakshanba kuni: “Oyijon, siyishni bilmayapman”, dedi.

19-dekabr, dushanbada xususiy klinikadagi UZIga olib bordim. Buyragining rangi o‘zgargani, ocharmayotgani, qon aylanmayotganini aytishdi. Keyin qaynonam bilan Namangan shoshilinch tez tibbiy yordamga olib bordik. Necha kundan beri siymayotganini so‘rashdi. Hisoblashim bo‘yicha ikkinchi kun siymayotgan edi. O‘sha kuni bolalar reanimatsiyasiga olib, hamma tahlillarni qilishdi. Mochevina darajasi juda ko‘tarilib ketgan ekan. Biz soat 14:30 larda yetib borgan bo‘lsak, 15:30 larda bolamni gemodializga olishdi.

Shu bilan bolam 22-dekabrgacha faqat qayt qildi, o‘zgarish bo‘lmadi. O‘sha kuni “Dok-1 Maks”dan zaharlanish holatlari bo‘lgani haqida xabar chiqdi. 24-dekabrda og‘irlashdi, “Ko‘zim og‘riyapti”, deb shikoyatni qildi. Shu kuni 16:00 larda komaga tushdi. Shu ahvolida 29 kun dializ oldik. O‘rtada bir kun mochevinamiz yaxshi chiqqaniga olmagan edik. 17-yanvar kuni bolamning terisining tagida toshmalar paydo bo‘lib, mayda tomirlari, ya’ni trombotsitlari yorilganini aniqlashdi. 18-yanvar kuni oxirgi dializimizni olgan ekanmiz.

Shuncha harakat bo‘lganiga qaramay, 19-yanvar kechki soat birlarda bolamning joni uzildi.

Sudya: Dorini necha kun ichirdingiz?

Jabrlanuvchi: Uchinchi kun ertalab ham ichirganman. Keyin qayt qilayotganini eshitib to‘xtatganman. Jami besh marta ichirganman.

Sudya: Dorining qolganini nima qildingiz?

Jabrlanuvchi: 24−25-dekabr kunlari prokuraturadan kelishgan ekan, biz kasalxonadan edik, uydagilar berib yuborishgan.

Sudya: Turmush o‘rtog‘ingiz qachon olamdan o‘tganlar?

Jabrlanuvchi: 2021-yil 11-avgustida, koronavirus sabab.

Prokuror: Sudlanuvchilarga da’voyingiz bormi?

Jabrlanuvchi: Sudga havola qilaman. O‘sha doridan zaharlanganini bildik (yig‘lab yuboradi — tahr.). Bolamning kasalxonada bir oy chekkan azoblari, bir qulog‘idan oqqan qonli yiringlarini ko‘rganim, komaga ketayotgan kunida “Bolam, qayering og‘riyapti”, deb so‘raganimda “Oyijon, hech qayerim og‘rimayapti. Faqat bag‘ringizga bosing”, deb javoblari hamon esimda. Hammasini [jabrlanuvchilarning] vijdoni, sudga havola qilamanu, lekin u (yana yig‘lab yuboradi — tahr.) mening erimdan qolgan yagona yodgorim edi. Mayli, hammaning bolasi o‘ziga azizu, men qizimni osonlikcha katta qilayotganim yo‘q edi.

Prokuror: Moddiy da’voyingiz bormi?

Jabrlanuvchi: Moddiy emas, ma’naviy tarafdan so‘rayman. Hech qanday moddiy narsa ma’naviy zararni qoplay olmaydi. Uni o‘zim yolg‘iz katta qilib, u bilan yolg‘iz yashagan edim. O‘sha ruhiy tushkunlikdan haligacha chiqa olganim yo‘q.

Prokuror: Miqdorini ham aytolmaysiz-a?

Jabrlanuvchi: Yo‘q.

Advokatlardan biri: Dorini qayerdan olgandingiz?

Jabrlanuvchi: Chust tumanidagi “555” dorixonasidan.

Advokat: Qolgani hozir qayerda?

Jabrlanuvchi: 24-kuni bolam komaga tushgan bo‘lsa, 25-kuni soat to‘qqizlarda prokuraturadan kelib olib ketishgan.

Advokat: Tergovga bergansiz-a?

Jabrlanuvchi: Berganman.

Advokat: Siz dorini olgan dorixonani prokuratura xodimlari tekshirganidan xabaringiz bormi?

Jabrlanuvchi: Ha. Tergov vaqtida qaysi dorixona ekanligi esimdan chiqib qolib, “777” deb yuborganman. 19-aprel kuni qayta tergovga chaqirishganda “555” ekanligini aytganimda o‘zim bilan birga borib tekshirib, ular bilan suhbat o‘tkazib kelishgan.

Advokat: Tergovga topshirganingizda [sirop idishining] ichida dori qolgan edimi yoki yo‘qmi?

Jabrlanuvchi: Qolgan. “O‘zi yuz gramm bo‘lsa, yigirma gramm ichirgansiz, sakson grammi qolgan bo‘lishi kerak”, deyishgan.

Jabrlanuvchi sudga da’vo arizasini taqdim etdi.

Sudya: [Ariza] hammaga o‘qib eshittirilishi kerak. Ma’naviy zarar uchun 1 milliard so‘m so‘ralmoqda.

Jabrlanuvchi Madina To‘laboyeva ko‘rsatmasi

Jabrlanuvchi Madina To‘laboyeva 1991-yil Qarshi shahrida tug‘ilgan. Maktabda o‘qituvchilik qiladi. Ikki farzandining kenjasi — 2020-yil 26-aprelida tug‘ilgan Soliha Mahmanazarova 2022-yil noyabr oyida shamollashdan tuzalish uchun dori ichib, ahvoli og‘irlashgan va vafot etgan.

Jabrlanuvchi: Soliha ovqatlardan bosh tortadigan qiz emas, surunkali kasali ham yo‘q, sog‘lom, kasalliklarni yengadigan qizaloq edi. 2022-yilning noyabr oyida gripp bo‘lgani uchun o‘zimizning poliklinikadan uch marta antibiotik olib sog‘aytirib olgandim. O‘zim ishlaganim uchun uni xususiy bog‘chaga berganman. Noyabrning boshida bog‘chadan bir hafta qoldirib, grippdan tuzatdim-da yana chiqarib yubordim.

Bog‘chada yo‘tali yana qaytalanib qoldi. Bu gal ham antibiotik oldirmay, sirop bilan yaxshi qilib olay deb, dorixonaga borib “Linkas” siropini so‘radim. Avvallari ikkala qizimga ham shu siropdan ichirardim-da. Dorixonachi “Linkas” yo‘qligini, o‘rniga “Dok-1 Maks” berishini aytdi. Uni uzoqdan taniganim uchun maslahatiga quloq soldim. “Yaxshimi?” desam, “yaxshi”, dedim. “Yosh bolaga to‘g‘ri keladimi?” desam, yoshini so‘radi. 2,5 yosh desam, “Bo‘ladi”, dedi. O‘zimning ham yo‘talim bor edi, “Bolamga qo‘shilib ichsam hech narsa qilmaydimi?”, deb so‘radim. “Yo‘q”, dedi.

Uyga borib, kichkina qizchamga 2,5 milligramdan uch mahal berganman. O‘zim ham kechqurun bir mahal, 1 qopqoqcha ichganman. Bilasiz, bolalar sho‘x bo‘lgani uchun bir-birining narsalariga qiziqadi. Katta qizim: “Bu ichyapti, men ichmaymanmi?”, deganiga unining ham tiliga nomigagina yalatganman.

Dori ichgandan keyin issig‘i tushdi, uyda o‘ynab yurdi (yig‘lab yuboradi — tahr.). Bir “flakon”ni ikki yarim kunda tugatdik. Keyin turmush o‘rtog‘imga: “Dadasi, shu yaxshi ekan, dorixonachi Tamara opadan yana bitta olib keling”, dedim. Olib keldilar. Undan ham ikki yarim milligramm, bir mahaldan ichgandim. [Telegramda] kursdoshlar guruhimiz bor edi. Shu guruhga dugonalarim ["Dok-1 Maks"]ning rasmini tashlab: “Shu dorini bermanglar, shunaqa [xabar], biz shunaqa ko‘rib qoldik”, deb yozishgan ekan. O‘zimiznikini rasmga tushirdimda: “Men berayotgandim-ku”, deb yozib yubordim (yana yig‘lab yuboradi — tahr.). Qizlar “tashla, tashla”, deyishdi.

Qizimni ko‘tardimda, o‘zimizning poliklinikaga bordim. Poliklinikadagi vrach ham qarindoshimiz bo‘lgan. “Do‘xtir, qizimning issig‘i chiqyapti deb „Dok-1 Maks“ ichirgandim”. U “Sen xato o‘ylayapsan. unaqa narsani xayolingga keltirma. Shunchaki gripp bolalarda shunaqa o‘tyapti. Antibiotik olsa, tuzalib qoladi”, dedi. Uch kun “seftriaksion” yozib berdi.

Qizim uyga kelib qusishni boshladi. Suv ichsa ham, meva-cheva yesa ham qaytarardi. Bora-bora hech narsa yemay qo‘ydi, peshobi kamayib ketdi. Ikki kun antibiotik olgandan keyin holsizlanib, o‘rnidan turolmaydigan, faqat uxlaydigan bo‘lib qoldi. Yotadi, issig‘i chiqib ketadi.

Keyin yana bordim. “Do‘xtir, bu o‘zgarmadi, battar bo‘lyapti”, desam, “Osma ukol” olasan dedi. Koronavirus paytlari osma ukol bolaning o‘pkasiga suv yig‘adi [degan gaplar chiqqandi]. Shundan qo‘rqib oldirmadim. “Bo‘lmasa, tuman shifoxonasiga borasan”, dedi. Bordim, lekin bolam bilan ovora bo‘lganim uchun u yerdagi do‘xtirga “Dok-1 Maks”ni ichirganimni aytish esimdan chiqqan. Uch kunlik osma yozib berishdi. Qizim bittasini olib, ikkinchisida yig‘lagani uchun keyingilarini hamshira ham qo‘yolmadi.

Oyog‘i shishganini sezib qoldim. Siyishdan ham to‘xtagandi. Xo‘jayinim bilan Qarshidagi xususiy kasalxonaga olib bordik. Vrachga “Dok-1 Maks” ichirganimni aytsam, “Bu doridan hozir [zaharli moddalar aniqlangan, bilmaysizmi?]”, deb qoldi. “Yo‘q”, dedim. “Men qabul qilmayman, bolalar kasalxonasiga olib boring”, dedi.

Bolalar kasalxonasiga bordik. O‘sha holat hali ham yodimda: qo‘limda bola turibdi, bolalar vrachi:"Men qabul qilmayman, buni tez yordamga olib borasan", dedi (yana yig‘lab yuboradi — tahr.). Tez yordam eshigidan kirishim bilan “„Dok-1 Maks“ ichirganman, yordam beringlar”, deb baqirganimni bilaman, birdan UZIga olib kirib ketishdi.

“Ikkala buyragi ham ishlamayapti”, degan xulosa berildi. Bitta do‘xtir “Davolayman”, desa, bittasi “Bizda kattalar uchun dializ bor, kichkinalarga yo‘q. Buni yo Samarqand, yoki Toshkent olib ketasiz”, dedi. “Men bola ko‘tarib u eshikdan bu eshikka yurmayman. Mashina bilan vrach berasiz, o‘zlari joylashtirishadi”, dedim. Kunduzi 14:00 larda “detskiy”ga borgan bo‘lsam, kechki 19:00 dan o‘tib, “To‘lov qilsang, olib borib qo‘yadi”, deb tez yordam mashinasi berishdi, bitta vrach ham bor edi.

Bizni Toshkentdagi 16-kasalxonaga joylashtirib ketishdi. Birdaniga kateter qo‘ydi, boshqa bo‘ldi, bola besh kunda komaga tushdi. Vrachlardan “yaxshimi?”, deb so‘rasam (yana yig‘lab yuboradi — tahr.), “Qizing yaxshi bo‘lsa, reanimatsiyada yotmaysan”, deyishdi. Shu bilan 29-noyabrda qizim halok bo‘ldi, olib ketdik.

Mening nima aybim bor? (yig‘laydi — tahr.). Mening farzandimni ham boshqa bolalar kabi o‘ynashga, yurishga haqqi bor edi-ku. Agar biror kasal bo‘lib yoki tuzalmaydigan surunkali kasal bo‘lsa, odam taslim bo‘lardi. “Yana shuni antibiotik oldirib qiynamay”, deb bir sirop olgan kunim shu bo‘ldimi? Kimga qanday bilmayman, lekin men ham shu qizim qatori go‘rga kirgan onalardan bittasiman. Uyimdagi qizim uchun yashab yuribman (yana yig‘lashda davom etadi — tahr.).

Sudya: Madinaxon, sabrli bo‘ling. Boshqa ichganlarga, o‘zingizga nojo‘ya ta’siri bo‘lmadimi?

Jabrlanuvchi: O‘zim 29-kuni kechqurun ikkilarda uyga kelganman. O‘zimga nima bo‘lgan, bilmayman, mazam qochdi. Uch kun antibiotik olib yotdim.

Sudya: O‘zingizga qancha, qizingizga qancha [miqdor]dan bo‘lyapti shunda?

Jabrlanuvchi: Men qopqoqchani deyarli to‘ldirib bir mahal ichganman, qizimga esa o‘sha qopqoqchaning to‘rtdan birini ikki mahaldan berganman. Qizimni [maktabda] darsim ko‘p paytlar bog‘chaga berardim, qolgan vaqt yonimda o‘tirardi.

Sudya: Siz 10 gramm ichgan bo‘lsangiz, yana 90 grami qolyapti. Shu 90 gramni farzandingiz ichganmi?

Jabrlanuvchi: Ichgan. Ikkinchi “flakon”da bir martagina berdim. Qizimning vafotidan keyin qutining ichida qolganini to‘kib, o‘choq-tandirda yoqib yubordim. Birinchisining idishini tugagan mahalda yoqib yuborgandim.

Prokuror: Birinchi [idishdagi siropni] berish davomida qizingizda holsizlanish, qusish holatlari kuzatilmagan-a?

Jabrlanuvchi: Birinchisini tugatganimdan keyin boshlandi. Issig‘i tushgani uchun men [shu dori] issig‘ini tushiryapti deb xursand bo‘lgandim.

Prokuror: Kimga nisbatan qanaqa da’voyingiz bor?

Jabrlanuvchi: Jinoyatchilarga og‘irroq emas, og‘ir jazo berishlaringizni xohlayman (yana yig‘lab yuboradi — tahr.). Bizning mana bu yerimizdagi yara tuzalmaydi, o‘zimiz bilan ketadi. Ularda ham farzand bor-ku.

Sudya: Sabrli bo‘ling, singlim. Moddiy da’vo so‘ralyapti, moddiy da’vo aytasizmi?

Jabrlanuvchi: Moddiy da’vom qanaqa? Shuncha [vaqt] bo‘lyapti-da, shularning farzandlari shunaqa bo‘lsa, ulardan ham shunaqa so‘raladimi? Hamma narsam bor, shukur.

Sud: Demak, da’voyingiz yo‘q, og‘ir jazo berilishini xohlaysiz.

Jabrlanuvchi: Og‘ir emas, og‘irroq jazo berilishini xohlayman. Boshidan o‘tmagan, tushunmaydi. His qilishlarini xohlayman.

Advokatlardan biri: Shunda birinchi idishni necha kun beryapsiz?

Jabrlanuvchi: 19, 20, 21-noyabrda ichgan.

Advokat: Agar 10 milligramini o‘zingiz ichgan bo‘lsangiz, farzandingizga uch kunda 90 milligramni beryapsizda. To‘qsonni ikki yarimga bo‘lsak, 36 chiqyapti. Uni uchga bo‘lsak, 12 chiqyapti. Bitta bolaga 12 kunda yetadigan dozani siz uch kunda bergansiz-da.

Jabrlanuvchi: Katta qizim ham singlisi bilan birga oz-ozdan bo‘lsa ham ichgan. O‘zim kichkinasi bilan yurganda, onamga uni ham tekshirtirishlarini aytganman. Keyin ham uni ro‘yxatga olib, o‘zimizda tekshirib turishdi. Hozir yaxshi. Asoratlari sezilmadi. 7 yosh, yaqinda birinchi sinfga chiqdi.

Jabrlanuvchi Sitora Bekmirzayeva ko‘rsatmasi

Jabrlanuvchi Sitora Bekmirzayeva 1995-yil Toshkent viloyati Ohangaron tumanida tug‘ilgan. Hozirda Olmaliq shahrida yashaydi. Uning 2021-yil 18-oktabrda tug‘ilgan o‘g‘li — Odilbek Bekmirzayev 2022-yil noyabrining oxirlarida shamollashdan tuzalish uchun dorilar qabul qilib, ahvoli og‘irlashadi va 23-dekabrda vafot etadi.

Jabrlanuvchi butun ko‘rsatmasini ko‘zda yosh bilan berdi.

Jabrlanuvchi: O‘g‘lim Odilbek Bekmirzayev 2022-yilning 18-oktabrida bir yoshga to‘lgandi. Noyabrning oxirlarida shamollash alomatlari seziladi. Katta tishlari chiqayotgan mahali edi, shundan deb o‘yladim. Hali kichkina bo‘lgani uchun o‘zim [biror muolaja] qilishga qo‘rqib, Olmaliq shahar bolalar shifoxonasiga olib chiqdim. 38−39 darajada issig‘i chiqayotganini bilgan do‘xtirlar kasalxonaga yotishimizni aytdi.

Dushanba kuni yotqizgan bo‘lsak, payshanbagacha osma ukollar qo‘ydi. Payshanbada tomog‘ini LORga ko‘rsatishimizni aytishdi. Kasalxonaning ichidagi LORga olib chiqdim. Tomog‘ini ko‘rdida, “Yiringlash bor, yuvib qo‘yamiz. Yuvgandan keyin dorilarni yozib beraman shularni ichirasiz”, dedi. “Dok-1 Maks”, chakanda (oblepixa) yog‘i, “Imudon” dorilarini yozib berdi. Bu vaqt davomida hali ham kasalxonada yotgan edik. Chiqib, kasalxonada to‘g‘risidagi dorixonadan olib keldim. Bizga qarayotgan do‘xtirga kirib, “LOR shularni yozib berdi”, desam, “Berishni boshlayvering”, dedi.

Orada osmalar, ukollar ham olayotgan edi. O‘g‘limiz avval bunaqa kasal bo‘lmagani uchun doriyu siroplar ichmagandi-da, ichishni xohlamadi. Bu yoqdan “Ukollar ham olyapti-ku, bermasam ham bo‘lar”, degan fikr xayolimdan o‘tdida, keyin “Yo‘q, LOR tomog‘ini yuvgandan keyin davolashga deb aytdi-ku” dedimda, shpritsimga o‘lchab 1,5 milligramni og‘ziga quydim. Payshanba kuni edi. Ikki mahal berdimu, shu bilan boshqa bermadim. Juma kuni ham bermadim. Bolam xohlamadi, sirop yutgisi kelmadi. “Shuncha ukol olyapti, yaxshi bo‘lib ketar”, dedim.

Juma kuni ukollarini olib bo‘lgandan keyin hamshiralar: “Kasalxonani hasharotlarga qarshi dorilaymiz. Shanba-yakshanbada uylaringizga borib turinglar, hidi ketsin. Muolajalar vaqtida kelib, ukollaringizni olib turasizlar, dorilarini ham davom ettirib turinglar”, deyishdi. Ko‘chada qattiq qor. Dadasiga telefon qildim-da, “Sovuqda battar bo‘lmasin, olib keting”, dedim. Shu bilan shanba-yakshanba ham muolajalarini olish uchun kasalxonaga qatnadik. Siropni 2 milligramga yetar-yetmas miqdorda yana bera boshladim.

Uyga kelganimizdan holsizlanib, arang emaklab yurgandi. Keyin gapirmay qo‘ydi. Holsizlanganidan turolmay, yotib qoldi. U bitta joyda o‘tiradigan bola emas edi-da. Qayerga o‘tirg‘izsam, qayerda yotqizsam, qimirlamaydi. Hali sutdan chiqarmagandim, ishtahasi ham yo‘qolib qoldi. Kichkina bo‘lgani bilan hojat uchun tuvakka o‘tirardi, tuvakni ham xohlamay qoldi. Odatda pampers ishlatmasam ham pampers taqib qo‘ydim. Qarasam, siydik bilinar-bilinmas, ozgina chiqqan.

Dadasi ishdan kelganda: “Juda holsizlanib qoldi. Yana do‘xtirga olib bormasak, bo‘lmaydi”, dedim. Dushanba kuni o‘zimizning kasalxonaga olib bordik. Kechki payt reanimatsiyadagi vrach ko‘rdi-da, darrov tahlillar olib, turmush o‘rtog‘imni o‘sha tahlillarni tekshirtirishga jo‘natdi. Natijalar chiqqach, “Toshkentga, 16-shahar kasalxonasiga olib boringlar. Bolada buyrak yetishmovchiligi bor”, dedi.

Hali doridan zaharlanish haqida gap bo‘lmagan, dekabrning boshlarida edi. 11-dekabr tunida 16-kasalxonaga yetib keldik. Do‘xtirlar ko‘rdida, o‘sha zahoti reanimatsiyaga oldi. “Buyragi ishlamayapti, dializ qilamiz”, deyishdi. Kechki uch yarim-to‘rtlar chamasi birinchi dializini oldi.

Uch-to‘rt dializdan so‘ng oz-ozdan peshob ajrala boshladi. Siyib boshlasa, yashab ketadi degan umid bor edi-da. Xursand bo‘ldik, umid paydo bo‘ldi. To‘rtinchi-beshinchi dializlardan keyin o‘sal bo‘lib qoldi! Do‘xtirlar “Dializni ko‘tarolmayapti”, dedi. Oz-ozdan siyib turgandi, beshinchi dializdan keyin “Apparatga olmasak, bo‘lmaydi”, deyishdi. Apparatga oldi, komaga tushdi.

22-dekabr kechqurun “Endi bo‘lmaydi, dadasini chaqiring”, dedi. 23-dekabr tungi soat ikkigacha bolam hayot uchun kurashdi. Ikkilarda joni uzildi. Lekin ko‘zlari ochiq ketdi. Shishib ketgandi, bir-ikki kun dopamin bilan qon bosimini ushlab turishgandi.

Sudya: Necha mahal ichirgansiz?

Jabrlanuvchi: Payshanba kuni ikki marta ichirganman. Shu bilan uyga kelgandan keyin shanba, yakshanba kunlari ham ikki mahaldan, 2 milligramga yetar-yetmas, shpritsda o‘lchab berganman.

Sudya: Dorining qolgani nima bo‘ldi?

Jabrlanuvchi: 11-dekabrda kelgan bo‘lsak, bizdan keyin ham ketma-ket shunaqa bemorlar kela boshladi. “Dok-1 Maks”dan zaharlanish boshlanibdi, degan xabarlar tarqadi. Uyda olti yoshli qizim bor. Qo‘rqqanimdan uning ham tomog‘i og‘risa, berib qo‘yishmasin deb uyga ham telefon qilib, “Uydagi hamma dorilarni tashlab yuboring, birorta doridan bo‘lishi mumkin ekan”, dedim. Dorilar shu vaqt mobaynida tashlab yuborilgan.

Prokuror: Sudlanuvchilarga nisbatan da’voyingiz bormi?

Jabrlanuvchi: Vijdoniga havola. Hech kim farzandim demasin! Aybdorlar topilsa, bundan keyin ham shunaqa bo‘lmasligi, bizdan keyin ham ota-onalar farzandini yo‘qotmasligi uchun ham eng oliy jazoni bering, eng og‘irini! Inson uchun eng og‘ir narsa — farzandining bir soat yo‘qligini tasavvur qilib yashash. Aybdorlar ham shu narsani his qilsin (qattiqroq yig‘lab yuboradi — tahr.).

Prokuror: Moddiy-chi, moddiy da’voyingiz bormi?

Jabrlanuvchi: Qancha miqdorda bo‘lmasin, ularning bergan puli farzandimning bir kunlik quvonchini, bir kunlik mening yonimdaligini qaytarmaydi. Faqat eng oliy jazoni so‘rayman.

Advokatlardan biri: Sizga bu dori ["Dok-1 Maks"]ni LOR yozib bergan-a?

Jabrlanuvchi: Ha. Abror Islomov ismli LOR.

Advokat: Yozib berayotganda farzandingiz 1 yosh ekanligini bilganmi?

Jabrlanuvchi: Bilgan. Jurnaliga ro‘yxatdan o‘tkazadi, shunda yoshi ham yoziladi.

Advokat: Mabodo, o‘zingiz yo‘riqnomasini ochib ko‘rmaganmisiz?

Jabrlanuvchi: Yo‘q. Chunki LOR yozgan, undan keyin [bizni qabul qilgan] shifokor, Faxriddin Bo‘riboyevichga olib kirganimda, “Shu qog‘oz bo‘yicha bering”, degan. Vrach ham tasdiqlab bergandan keyin dorini berishni boshlaganman.

Sudya: Kimda savollar bor? (Jimlik — tahr.). O‘tirishingiz mumkin. Xudo sizga sabr bersin.

Jabrlanuvchi Mushtariy Abdurahmonova ko‘rsatmasi

Jabrlanuvchi Mushtariy Abdurahmonova 1997-yil Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Hozirda Toshkent viloyatining Bekobod tumanida yashaydi. Uning 2019-yil 6-iyunda tug‘ilgan yolg‘iz farzandi — Mirafzal Sheraliyev 2022-yil dekabri boshlarida shamollashdan tuzalish uchun dori ichib, ahvoli og‘irlashgan va vafot etgan.

Ko‘rsatmadan oldingi shaxsga oid qisqa savol-javobdan:

Sudya: Oilangiz bormi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q.

Sudya: Turmush o‘rtog‘ingiz?

Jabrlanuvchi: Yo‘q.

Sudya: Ajrashganmisiz?

Jabrlanuvchi: Ha.

Sudya: Farzandingiz [vafotidan] oldinmi, keyinmi?

Jabrlanuvchi: Oldin.

Sudya: Nechta farzandingiz bor?

Jabrlanuvchi: Bitta o‘g‘lim bor edi.

Jabrlanuvchi: O‘g‘lim 2019-yil 6-iyunda tug‘ilgan edi. 2022-yilning 3−4-dekabr kunlari shamollab qoldi. Shu paytda jiyanimda ham shamollash alomatlari sezildi. Birgalikda poliklinikaga olib chiqdik. Shifokor ikkisiga ham boshqa-boshqa retsept yozib berdi. Dorixonaga bordik. Retseptda yozilgan “Sinepar”ning o‘rniga “Dok-1 Maks” berishdi.

Bir kungina bergandim. “Ichmayman, achchiq”, deganini bilaman. Yo‘riqnomada 3−5 yosh bo‘lsa, ikki milligramm berish haqida yozilgan edi. Farzandimga har qanday dorini shpritsda berardim. Hatto tabletka bersam ham ezib, qaynagan suvga solib, shpritsda berardim. Hech qachon o‘lchamasdan dori bermaganman.

Doridan keyin qusdi, ichi ketdi, ovqat yeyishni to‘xtatdi, holsizlanib yotib qoldi. Yana qaytib poliklinikaga bordik. Bizni olib qolishdi. Avval yuqumli kasalliklar shifoxonasiga borasizlar deyishdi. Qor, sovuqligi, qolaversa, u yerning sharoit yaxshimasligini bilganim uchun borishni xohlamasligimni, o‘sha yerda o‘zlari qarashlarini aytdim. Zafar shaharchasidagi asosiy shifoxonamiz shu edi-da.

Borishimiz shanba-yakshanbaga to‘g‘ri kelgan edi. Dushanbagacha bizga yaxshi qarashmadi. Bolalar bo‘limining kattaroq do‘xtiri — Sunnatilla akani so‘radim. Ular ham dam olish kuni bo‘lgani uchun kelmadi. Issig‘ini tushirish uchun natriy xlor bilan osma quyishdi — harna tushdi.

Bosh vrach Salohiddin aka kelishini kutdim. Ular ham kelib, komissiya bilan ovora bo‘lib, bizni qabul qilmadi. Bahrom aka degan vrach qabul qildi. Siymayotgani, ovqat ham yemay, hech narsa qilmayotganini aytib, “bolaga qaramayapsizlar” dedim. “Balki siyayotganini bilmayotgandirsiz, pampers qo‘ying”, dedi.

Katta bolaga pampers ishlatmasligimni aytdim. “Tahlil olishimiz kerak, siyishini bilaylik”, dedilar. Mayli, deb qo‘ydim. Baribir siymadi. “Paxta qo‘yib qo‘ying, siyganda pampers shimib olyapti, siz his qilmayapsiz”, dedi. Uni ham qildim, baribir siymadi. UZI qildirishimni so‘radi.

Kasalxonaning pastida davlatning UZIsi bor ekan. U yoqqa tushsam, navbat judayam katta. Kutib kirsam, “Ish vaqtim tugadi”, dedi. Ko‘chaning boshidagi xususiy UZIga olib bordim. Nodir aka degan do‘xtir tekshirib, “Bolangizning buyragi ishlamayapti. Nimaga ikki kundan beri kasalxonada o‘tiribsizlar”, dedi.

Oshqozon, umuman, hamma a’zolarini umumiy UZI qilib chiqdi-da, “Buyragi ishlamayotganiga 100 foiz javob beraman. Siz o‘zingiz ekansiz, uyingizdagilarga telefon qilasizmi, nima qilsangiz ham, tezda Toshkentga olib keting”, dedi.

UZI xulosasini bolalar vrachi Salohiddin akaga olib bordim. Tushlik payti edi. U bo‘ldi, bu bo‘ldi, hammasi bir-biri bilan maslahatlashadimi-yey — tez-tez harakat qilmayapti-da, men esa shoshib ketyapman. “Tez yordam qilib beramiz, pulini berasiz”, deyishdi.

“Xo‘p, nima bo‘lsa ham iltimos, asosiy, yaxshi joyga jo‘nating. Bolamga yaxshi qarashsin, nima so‘rasa, qilib beraman”, dedim (yig‘lab yuboradi — tahr.). Keyin yo‘llanma yozib berishdi. U ham 16-shahar kasalxonasining Qo‘yliqdagi filialida ekan. Men ham Toshkent shahrini yuz foiz bilmayman, hatto bir o‘zim mustaqil ham yurolmayman. Qolaversa, do‘xtirga bunchalik ko‘p ishim tushmagan, dializ degan narsaga umuman tushunmasdim.

“O‘zimizning mashinamiz bor”, desak, “Yo‘q bizning javobgarligimiz bor”, deb bitta vrach ham qo‘shib berishdi. Buyragi ishlamayotganini peshinda bilgan bo‘lsak, yo‘lga chiqquncha shomdan ham o‘tib ketgan edi. Biz tez yordam mashinasida ketdik. Akam orqamizdan o‘zlarining mashinalarida ketdilar.

Berilgan manzilga olib borishdi. Salohiddin aka “Sizni shu shifokor qabul qiladi”, deb telefon raqam ham bergandi. Borsak, u raqam o‘chiq, bizni kutib oladigan odamning o‘zi yo‘q. O‘sha yerdagi vrachlar ham qabul qilmay, “Bolalar milliy tibbiyot markaziga boringlar, o‘sha yerda bolalar dializi bor”, deyishdi. Nima qilishni bilmaymiz.

Keyin “Do‘xtirning vazifasi birinchi tez yordam ko‘rsatish bo‘lganligi uchun majburan olib qolamiz, lekin bu yoqda sizlarni davolashning iloji yo‘q, bizda dializ mavjud emas”, deb kiritishdi-da, darrov reanimatsiyaga olib kirib ketishdi. U yoqda bir yarim kun qolib ketdik. “Qatiq ichirishimiz uchun burniga tiqishga shlanka kerak”, deyishdi. Olib kelib berdik.

[Toshkentdan] Alisher Toshmatovich degan odam o‘sha filialni tekshirishga borgan ekan. Shu do‘xtirning oldiga borib, “Menga bolamni ko‘rsatishmayapti. Bir nima qilaylik”, dedim (yana yig‘lab yuboradi — tahr.). Ular telefon qilib, 16-kasalxonaga jo‘natishga ruxsat olib berdi. Uyog‘da bizni reanimatsiyaning bosh vrachi Rustam aka qabul qilib, nazoratga oldilar. Bir oydan ko‘proq yotdik.

Sudya: Dorini necha marta ichirganman dedingiz?

Jabrlanuvchi: Ikki martacha. 16-kasalxonada kundan-kun bolam kabi bemorlar soni ko‘payib, apparatlar yetmay qola boshlagani uchun Erkin aka degan vrach hamma ota-onalardan kasallik tarixi va shifoxonaga kelguncha qanday dori ichirganini so‘rab chiqdi. Doim kasalxonaga chiqsam, bolamning kartasi o‘zim bilan yuradi, do‘xtir yozib bergan qog‘ozchalargacha yig‘ib yuraman.

Kartasini uzatdim. Oxirgi ichirgan dorim “Dok-1 Maks” bo‘lganini aytdim. Erkin aka telefonlaridan “Dok-1 Maks”ning rasmini ko‘rsatib, “Shu doridan berganmisizlar?”, deb so‘radi. Bitta palatada uch kishi edik, hammamiz birdan “ha” javobini berdik. Keyin hamma ota-onalarga ichirgan dorilarini olib kelishlari, laboratoriyada tekshirib ko‘rishlari haqida aytishdi.

Akam Bekobodga, uyimizga odam jo‘natdilar. Olib kelishganda do‘xtirlarga berdik. Ichirgan bo‘lsam, hammasi bo‘lib, besh gramdan sal oshiqroq sirop ichirgandim. Do‘xtir qo‘limdan olib, “Bu hali ochilmagan, yangi doriku”, deb aytgani esimda. “Yo‘q, ozgina ichirganman. “Korobka”siga e’tibor bering, mana bu yeridan ochilgan. Men hamma narsamni qattiq berkitib, muzlatgichda saqlayman, siroplarga doim e’tibor beraman”, dedim.

Prokuratura xodimlari kasalxonada so‘roq qilganida do‘xtir yozib bergan qog‘ozlarni Qo‘yliqdagi filialda qabul uchun ro‘yxatdan o‘tkazgan hamshiralarga berganimni aytgandim.

Sudya: Sizga dorini qaysi dorixona sotdi?

Jabrlanuvchi: “Ilg‘or” mahalla fuqarolar yig‘ini 2-sovxozda o‘zi bitta dorixona bor. Muhabbat opa degan dorixonachi edi.

Prokuror: Kimga nisbatan qanday da’voyingiz bor?

Jabrlanuvchi: Bu yerda kim aybdor, kim aybdor emas, bilmadim. Lekin o‘zidan-o‘zi shuncha bolalar o‘lib ketmaydi. Buyoqda o‘tirgan insonlar ham shu ishga o‘zidan-o‘zi vaqtini ajratmaydi. Hozir doridan emas, boshqa narsadan bo‘lishi mumkin degan fikrlar ham bo‘lyapti. Lekin mening bolam o‘lib ketdi, qabrda yotibdi.

Qabr ochiladi, degan gaplar ham bo‘ldi. Ochilishi shartmasligiga hammaning ko‘zi yetib turibdi. Tirik qolgan bolalarning organizmidan ham ekspertiza o‘tkazib ham bilsa bo‘ladi-ku, to‘g‘rimi? Qabrni ochishga qarshilik bildiraman. Bolamning shuncha qiynalgani yetadi.

Joni uzilgandan keyin o‘likxonaga, ekspertizaga olib kirishlariga qarshilik qilganman. “Baribir davlat da’vogar bo‘ladi. Ertaga bu narsa qabr ochilishiga olib keladi, qarshilik qilmang”, deyishgani uchun rozilik bergandim. Siz qonunni biluvchi qozikalonsiz, o‘zingiz hal qiling.

Sudya: Qabr ochish masalasi rad qilingan. Qabr ochilmaydi. Boshqa bunaqa iltimosnoma keltirilmadi. Siz da’voyingiz bormi-yo‘qmi degan masala bo‘yicha [gapira olasizmi?]

Jabrlanuvchi: Aybdorni topib, qonunan qaror qabul qilishingizni so‘rayman.

Sudya: Jazo masalasidagi fikringiz?

Jabrlanuvchi: Masalan, oddiy dializni olsak. Sog‘lom odam bir kun dializ olsa, bir hafta holsizlanib yuradi. Mening o‘g‘lim 23 ta dializ oldi. Endi o‘zingiz o‘ylang, ularga qanday jazo berish mumkin? 23 ta dializga chidadi, komaga tushdi, “koma-3”ga tushgan insonning undan chiqishi og‘ir. Mening bolam “koma-3”dan ham chiqib berdi. Hamma og‘riqlariga chidadi. Bir kun chekkan dardini tasavvur ham qilolmaysiz. Sizning ham farzandlarining bor, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring. Menimcha, bularga bir umrlik qamoq jazosi ham yetmaydi.

Jabrlanuvchi A’zamjon Normurodov ko‘rsatmasi

Jabrlanuvchi A’zamjon Normurodov 1978-yil Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida tug‘ilgan. Quruvchi bo‘lib ishlaydi. Uning 2021-yil 8-mayda tug‘ilgan farzandi — Shohruhbek Jumayev 2022-yilning dekabrida shamollashdan tuzalish uchun dorilar ichib, ahvoli og‘irlashgan va vafot etgan.

Jabrlanuvchi: O‘g‘lim 2021-yil 8-mayda tug‘ilgan. Tomog‘i og‘rib, issig‘i chiqayotgandi, tez yordam chaqirdik. Birinchi martada kelmadi, yana chaqirsak, keyin keldi. “Bola qizib turibdi, hozir ukol urolmaymiz”, deb hech narsa qilmay ketdi. Bola turolmay qoldi. Keyin Qiziriqqa olib keldik. Osma qo‘ydi. Ertasi kuni tuman markazidagi do‘xtir “Dok-1 Maks” siropini yozib berdi. Olib kelib, to‘rt kun ichirdik. Injiqlik qilib tomog‘i og‘riyotgani uchun osma ukol ham oldi.

Uch kunlarcha yaxshi yurdi. Keyin tili kuyib ketgandek, o‘yib tashlagandek yorilib-yorilib ketdi. Keyin do‘xtir “siz mazni surtmagansiz” deb ayolimni urishdi. Lekin ayolim surtib yurgan edi. Shu mazni surtish barobarida bola injiqlanib, hech narsa yemay ham qo‘ygandi. Yana to‘rt kun shunday yurdi. Ayolim: “O‘zgarish bo‘lmayapti, yana do‘xtirga ko‘rsataylik”, dedi. Beshinchi kun ayolimga [bir do‘xtir] kelib, “Shu dorining ortidan Samarqandda 14−15 bola o‘libdi, ichirmang” deb tayinlab ketibdi. Shundan boshlab ichirmadik.

Do‘xtirga olib borib, bolani tekshirtirdik. Ikkala buyrak to‘xtagan, dedi. Keyin tez yordam mashinasi bilan Termizga yubordi. Reanimatsiyaga olib kirib ketishdi. Do‘xtir “Bolang og‘ir”, dedi. Ukol-pukol, osma-posma qildi. Bola umuman siymay qo‘ydi. Uch kundan keyin bolam vafot etdi. Ekspertizaga olib ketib, kechqurun 20:00 larda qo‘limizga berishdi. Dorining yarmini ichirgan ekanmiz, qolganini topshirdik.

Sudya: Dori necha mahal berilganini bilasizmi?

Jabrlanuvchi: Ayolim bergan. Ikki mahaldan, to‘rt kun ichirgan, 5-kundan to‘xtatgan.

Sudya: Yana farzandli bo‘ldingiz-a?

Jabrlanuvchi: Undan keyin bir qizli bo‘ldim. To‘qqiz oylikka o‘tdi.

Prokuror: Nima da’voyingiz bor?

Jabrlanuvchi: O‘zlaringizga havola. Aybi borning jazosini bering.

Sudya: Moddiy zarar so‘raysizmi, yo‘qmi?

Jabrlanuvchi: Ukam Ta’lim vazirligida ishlaydi. “Nima qilasan, keragi yo‘q, foydasi yo‘q”, dedi.

Advokatlardan biri: Boya qandaydir maz surtilgani haqida aytdingiz.

Jabrlanuvchi: Ha, tilini yaxshi qilish uchun.

Advokat: Shu mazning nomi esizdami?

Jabrlanuvchi: Yo‘q, eslolmayman.

Advokat: Uni ham shifokorlar yozib berishganmi?

Jabrlanuvchi: Ha.

Boshqa advokat: Ayolingizning ko‘rsatmasi bo‘yicha, shifoxonaga birinchi marta borganingizda 400 milligrammdan ikki mahal “Ambroksol” ukoli, uch mahal, ikki donadan tomoqqa sepiladigan “Aerozol” dorisi, bir mahal “Mikron” osma ukoli hamda “Dok-1 Maks” siropini yozib berishgan. Bir yosharu yetti oylik bolaga shuncha dorilarni vrach yozib beryaptimi? Bola o‘zi sog‘lom tug‘ilganmi, tug‘ma kasali bo‘lmaganmi?

Jabrlanuvchi: Ha, do‘xtir yozib bergan. Bolam muddatidan oldin, yetti oylik tug‘ilgan. Sovuq kunlar tez-tez gripp bo‘lardi. Qiziriqda bir hafta-bir hafta davolanib kelardi.

Advokat: Noto‘g‘ri muolajalar yozib bergani bo‘yicha shifokorlar ustidan Qiziriq tuman yoki Surxondaryo viloyat prokuraturasiga murojaat qilganmisiz?

Jabrlanuvchi: Yo‘q. Endi baribir bo‘lar ish bo‘lib bo‘ldi.

Jabrlanuvchi Ruslanbek Nazarov ko‘rsatmasi

Jabrlanuvchi Ruslanbek Nazarov 1994-yil Surxondaryo viloyati Bandixon tumanida tug‘ilgan. Uning 2021-yil 23-iyunda tug‘ilgan farzandi — Azima Abdulloyeva 2022-yilning noyabrida shamollashdan tuzalish uchun dori ichib, ahvoli og‘irlashgan va vafot etgan.

Jabrlanuvchi: 2022-yil 14−15 noyabarlarda qizimning tana harorati ko‘tarilib, mazasi bo‘lmay qoldi. Jarqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasi bolalar bo‘limiga olib bordik. Ular antibiotik ukol, “paratsetamol-svecha”, “Ambroksol” siropini yozib berdi. Ukollarni o‘sha kuni sotib oldim, siropini keyingi kun oldim. Dorixonadan “Ambroksol” siropini so‘raganimda 7 ming so‘mga O‘zbekistonniki borligini aytdi. Chetniki yaxshiroq ta’sir qiladi deb, uch-to‘rt dorixonadan izlab, Hindistonning “Ambroksol” siropini oldim. Shundan boshlab 4−5 kun, 19-noyabrgacha ichirdik.

Bolada biror o‘zgarish bo‘lmadi. 20-noyabr kuni ertalab yana “temperatura” qildi. Pediatrga bordik. Issig‘ini tushirish uchun muolaja qilishdi. Uyga kelguncha harorati tushdi. Keyin men ko‘chaga chiqib ketdim. Kechqurun uyga kelsam, yana holsiz yotgan ekan. Uydagilardan nima bo‘lganini so‘rasam, “Bilmadim, kasalxonadan kelganidan keyin shunday yotibdi”, deyishdi.

Yana bolalar bo‘limidagi pediatrga olib bordik. O‘sha kuni kechqurun ketmagan ekan. U ko‘rib, reanimatsiyadan do‘xtirlarni chaqirdi. Bolamni reanimatsiyaga o‘tkazishdi. O‘sha joyda tahlillar topshirishdi. 20-noyabr kuni o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yildi. O‘sha kuni uch soat mobaynida tuman tez yordam bo‘limida qoldik. Keyin Termizdagi shoshilinch tibbiy yordamga olib bordik. U yerda uch kun — 21, 22, 23-noyabrlarda davolandi.

Uch marta dializ oldi. Surxondaryo viloyatida dializ qiladigan kattalar nefrologi bor, bolalar nefrologi yo‘q ekan. Keyin ular davolanishiga qoniqmay, surishtirib Toshkentdagi Bolalar milliy tibbiyot markazi bilan gaplashib, 23-noyabr kuni kechki payt o‘zimning shaxsiy mashinamda yo‘lga chiqdik. 24-noyabr kuni ertalab keldik.

Bu yerda do‘xtilar o‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisi bilan qabul qilishdi. Ikki yoki uch kunmi palatada bo‘ldi. Keyin ahvoli og‘irlashdi. Umuman siymadi. 25−26-noyabr kunlari reanimatsiyaga tushdi. Bir oylarcha reanimatsiyada bo‘ldi. Bu vaqt davomida har kuni gemodializ oldi: muolaja ketidan muolaja.

25−26-dekabrlardami ko‘zlarini ochib biroz o‘ziga keldi. Lekin baribir karaxt, qo‘l-oyog‘i qimirlamas edi. Palataga olishdi. Baribir organizm kuchsizlanib qolgan ekan. O‘tkir buyrak yetishmovchiligi qaytalanib qoldi. 3 yo 4-yanvarlarda bolam qayta reanimatsiyaga tushib qoldi. 9-yanvar kuni jon berdi.

Uyga olib ketmoqchi bo‘lsam, majburiy ekspertiza tayinlashdi. Ekspertiza qildirmayman deb bormagan joyim ham qolmadi. Ekspertiza o‘tkazilgach, 11-yanvar kuni Toshkentdan uyga chiqib ketganman.

Sudya: Jami necha kun sirop ichgan?

Jabrlanuvchi: Onasi ichirgan-da, aniq eslolmayman. To‘rt yoki besh kun.

Sudya: Necha mahaldan?

Jabrlanuvchi: Ikki mahal bo‘lishi kerak.

Sudya: Tergov jarayonida ikki kun, uch mahaldan ichirilgan degan ekansiz-da.

Jabrlanuvchi: Voqealarga bir yil bo‘ldi. Tergovni 11-yanvar kuni bergandim. U paytda xotinim viloyatda, homilador edi. 2022-yil 17-dekabr kuni farzandli bo‘ldik. Bola bilan bo‘lib kela olgani yo‘q. Savollarga u bilan gaplashib javob berganman. Hozir aytgan sanalarimda ham adashgan bo‘lishim mumkin. Dori retsept bo‘yicha, yo‘riqnomada ko‘rsatilgandek berilgan.

23-noyabr kuni Termizdan Toshkentga yo‘lga chiqayotganda internetdan o‘tkir buyrak yetishmovchiligi kasalligi haqida izlab ko‘rgandim. sentabr-oktabr oylarida Hindistonda chiqarilgan siroplarni ichish oqibatida Indoneziyadagi bolalar orasida ham shunaqa ko‘p o‘lim holati kuzatilganini bildim. Uyda opamning bolalari ham bor edi, bolalar ichib qo‘ymasin deb ogohlantirgandim, tashlab yuborishgan.

Prokuror: Nima da’voyingiz bor?

Jabrlanuvchi: Aybdorlarga qonuniy jazo ko‘rilsin.

Prokuror: Zarar masalasida-chi?

Jabrlanuvchi: Moddiy va ma’naviy zararga da’voyim bor. Ikki oy mobaynida ishdan qolib, Toshkentda davolatdik. Miqdorini sudga havola qilaman. Chunki farzandning bahosi yo‘q-da.

Advokatlardan biri: Siz “Ambroksol” dori vositasini ishlatdim dedingiz-a?

Jabrlanuvchi: Shunday. Hindistonniki.

Boshqa advokat: Nimasiga qarab Hindistonniki deyapsiz?

Jabrlanuvchi: O‘zim eslayman-da. Dorixonaga kirib “Ambroksol” siropi kerakligini va narxini so‘rasam, 7 ming so‘m deyishdi. “Qayerniki” desam, O‘zbekistonniki dedi. O‘zbekistonniki yaxshi ta’sir qilmaydi deb, izlab-izlab…

Advokat: “Ambroksol”mi? Boshqa dori bilan adashtirmayapsizmi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q, “Ambroksol”. Aniq Hindistonniki. Eskpertizada “Ambronol” bilan ikkalasining ham tarkibi bir xil deyishgandi-da.

Boshqa advokat: Yana qanday dorilar ichirgansiz?

Jabrlanuvchi: Boshqa dori ichirmaganmiz. Seftriaksion antibiotik olgan, keyin “svecha”, boshqa hech qanaqa sirop ichmagandi.

Advokat: Bunday savol berayotganimning boisi, farzandingizda o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizaga ko‘ra, uning qoni tarkibida, organlarida, buyragida, boshqa a’zolari biror [yot modda], hatto akselerat tuzlari ham aniqlanmagan-da.

Jabrlanuvchi: Bir oy mobaynida gemodializ olgan odamning tanasida hech qanday zaharli modda qolmasa kerak-da.

Advokat: Zaharli modda qolmasa, sog‘ayib ketishi kerak-da. Har qanaqa zaharli modda organizmda iz qoldiradi.

Advokatlardan biri: Raislik qiluvchi, jinoyat ishi materiallarida yaqin qarindoshlari tomonidan “Dok-1 Maks” siropi taqdim etilgan ekan-da. Ekspertiza o‘tkazilgan ekan.

Jabrlanuvchi: Uyda nima bo‘lgan bilmadim. Tergovni 11-yanvar kuni berganman.

Boshqa advokat: Hurmatli raislik qiluvchi, jabrlanuvchining ko‘rsatmasidan kelib chiqib, ixtiyoriy sudlanuvchi quyidagi savolimga javob bersa. “Ambroksol” bu dori vositasining farmatsevtik nomimi yoki mahsulotning nomi?

Sudlanuvchilardan biri: Savdo nomi. Yana bir narsani aytib o‘tmoqchiman, jabrlanuvchi Hindistonning “Ambroksol”ini oldim deb aytyaptilar. “Ambroksol” Hindistonda ishlab chiqarilmagan. Balki adashayotgandirlar.

Boshqa sudlanuvchi: “Ambroksol” xalqaro patentlanmagan nomi. “Ambronol”ning ta’sir etuvchi moddasi, tarkibi aynan “Amroksol”da ham bor. Vrach retsept yozganda “Ambroksol” deb yozaveradi, lekin bu o‘rinda shunaqa tarkibli istalgan dorini qo‘llash mumkin.

Sudya: Demak, “Ambronol” ham “Ambroksol” hisoblanadi. Shunaqa demoqchimisiz?

Sudlanuvchi: Ha, shunaqa.

Jabrlanuvchi: Men dorixonadan shunday olganman. Bu bo‘yicha ekspertiza xulosasi ham bor. Dorining ko‘rinishi qanaqaligini ham eslolmayman.

Sudya: Dorixonani-chi?

Jabrlanuvchi: Uni ham eslolmayman. Tergovchilar borganda ham ko‘rsatib berolmagandim. 3−4 ta dorixonaga birin-ketib kirib chiqqandim. Qaysi biridan olganimni eslolmayman.

Jabrlanuvchi Abbos Qilichev ko‘rsatmasi

Jabrlanuvchi Abbos Qilichov 1992-yil Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida tug‘ilgan. Uning 2022-yil 14-fevralda tug‘ilgan farzandi — Abror Aralov 2022-yilning dekabrida shamollashdan tuzalish uchun dori ichib, ahvoli og‘irlashgan va vafot etgan.

Ko‘rsatmadan oldingi shaxsga oid qisqa savol-javobdan:

Sudya: Nechta farzandingiz bor?

Jabrlanuvchi: Xudo xohlasa, endi yana kutyapmiz. Birinchi farzandim vafot etdi.

Jabrlanuvchi: 2022-yilning 19−28-dekabr kunlarida bolamda shamollash alomati kuzatilgan. Yangalarimiz ayolimga oddiy “Amoksitsilin” degan siropdan olib ichir deyishgan ekan. U dorixonaga 20-dekabr kuni “Amoksitsilin” so‘rab borgan. Dorixonachi: “Undan ham yaxshisi bor, “Dok-1 Maks”ning ta’siri yaxshiroq”, deb tavsiya qilgan. Ayolim ham sodda, yaxshi bo‘lsa kerak-da, deb olgan.

Ikki yoki uch kun, uch mahaldan ichirgan. Ichirganining ikkinchi kunidan boshlab, bola qayt qila boshlagan. Nimadanligini bilmay, tuzalar deb yana ichirgan. Uchinchi kungacha ichirgan. Shundan keyin bola dorini qabul qilmagan. Men o‘zim Toshkentda ishlab yurgandim, Sheroboddagi xususiy klinikaga olib borishgan. Ular bolaga “sariq kasal” deb tashxis qo‘ygan. Biz esa bunga ishonmadik.

Keyin Termiz ko‘p tarmoqli bolalar poliklinikasiga olib borishgan. U yerda bolani ikki kunlarcha sarson qilishgan. Tushunmagan, tekshirmagan. Bir do‘xtirdan so‘rasa, “bizning kasal emas” degan, yana biridan so‘rasa, Sheroboddagi do‘xtirlarning qog‘oziga tayanib, sariq kasaliga tekshirtirishga olib borish kerakligini aytgan. Sariqqa olib borsa, “Bizga aloqasi yo‘q”, deb — shu tarzda ikki kunlar sarson qilgan.

Keyin o‘zim kelishga majbur bo‘ldim. Kelishim arafasi “Dok-1 Maks” haqidagi xabarlarni eshitib qoldim. Keyin ayolimdan: “Shunaqa sirop ichirmaganmiding?”, deb so‘radim. “Ichirgandim”, dedi. Yetib borib, vrachlar bilan gaplashdim, tekshirtirib ko‘rdik. Qonida zaharli modda miqdori judayam ko‘p ekan.

Keyin dori-darmon qilishni boshladi, dializga buyurdi. [Oldingi jabrlanuvchi] aytganidek, yosh bolalar uchun dializ apparati yo‘q ekan… Ertasi kuni xabarlar tarqagach, apparatlar ham kelib qoldi. Bir kun bir mahal qo‘yishdi. Ertasi soat 10:00 larda yana olishi kerak edi. Bolam shungacha ham yetib bormay, vafot etdi. O‘tkir buyrak yetishmovchiligi bilan o‘lim tashxisi qo‘yishdi. Ekspertiza ham qilishdi.

Sudya: Keyin tavsiya qilgan dorixonani topdingizmi?

Jabrlanuvchi: Topdik. Tergovchilarga ham ko‘rsatdik. O‘zlari gaplashib olishgan ekan.

Prokuror: Sudlanuvchilarga da’voyingiz bormi?

Jabrlanuvchi: Sud hukmiga havola qilaman.

Prokuror: Moddiy-ma’naviychi?

Jabrlanuvchi: Qoplab berishini so‘rayman.

Prokuror: Qancha miqdorda?

Jabrlanuvchi: O‘zlaringiz hal qilasizlar.

Advokatlardan biri: Farzandingiz dorini qabul qilayotgan paytda 10 oylikdan o‘tar payti bo‘lgan ekan-a? 10 oylik chaqaloqqa shu dorini berishni vrach tavsiya qildimi?

Jabrlanuvchi: Vrach tavsiya qilmagan. Shunchaki ayolim dorixonaga “Amoksitsillin” olmoqchi bo‘lib borgan. Uning o‘rniga dorixonachi “Dok-1 Maks”ni tavsiya qilgan. Ayolim ham olgan.

Advokat: Yo‘riqnomasini o‘qib ko‘rmaganlarmi, xabaringiz bormi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q, o‘qib ko‘rmagan. Aynan shu voqea bo‘lgandan keyin o‘zim o‘qib ko‘rdim, qarasam, 2 yoshgacha mumkin emas ekan. Keyin tergovchilar kelganda dorini ularga berib yubordim.

Boshimdan o‘tganda his qilganlarimni aytmoqchiman. Do‘xtirga deyarli ishim tushmagan. Farzandli bo‘lganimdan keyin, o‘sha voqealar sabab ishim tushdi. Do‘xtirlardan bemorlarni qabul qilish jarayonida insonning qadriga yetishlarini so‘rayman. Imkoni bo‘lsa, shularni nazoratga olish kerak.

Bir hafta mobaynida shifoxonada yurgan bo‘lsam, bular birorta bolaga davlat tomonidan ajratilgan dorilarni bermayotganini ko‘rdim. Kim bo‘lsa ham qog‘ozga yozib berib, qo‘liga tutqazadi-da, ko‘chadagi dorixonaga chiqarib yuboradi. Buyrakni ishlatib yuborishga mo‘ljallangan bir rangi sariq dorini surishtirsam, arzimagan 25−50 ming so‘m atrofida turarkan. Dorixonalarda esa 200−250 ming so‘m atrofida sotyapti.

Tanish-bilish, puli bor-yo‘qligini surishtirmasin-da, avvalo oddiy inson sifatida qabul qilsin. Tekshirsin, aqli yetmasa, boshqa joyga tavsiya qilsin. Ulardan to‘g‘ri tashxis qo‘yishlarini so‘rayman. Termizdagi bolalar markazi, bemalol, hech narsa bo‘lmagandek, “unga bor”, “bunga bor”, “u hujjatni to‘ldir”, “bu hujjatni to‘ldir”, deyishdi. “Qorni to‘qning qorni och bilan nima ishi bor?” deydi-ku, xuddi o‘shanday-da. Sal e’tiborli bo‘linglar.