O‘zbekiston Respublikasining birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva Turkiya respublikasining birinchi xonimi Emine Erdog‘anning taklifiga binoan 15-noyabr kuni “Falastinda tinchlik uchun birgalikda” sammitida ishtirok etdi.

Istanbul shahrida Emine Erdog‘an raisligida o‘tgan davlat va hukumat rahbarlari rafiqalarining yig‘ilishida Malayziya malikasi Tunku Aziza, Bangladesh birinchi xonimi Rebekka Sulton, Bosniya va Gersegovina birinchi xonimi Sabina Komshich, Qatar Amirining onasi Shayxa Mo‘za bint Nosir al-Misnid, Livan bosh vazirining rafiqasi Mey Mikati, Pokiston bosh vazirining rafiqasi Sadiya Rahmatulloh va boshqa mamlakatlarning yuqori darajali vakillari ham qatnashdi.

Uchrashuv G‘azodagi tinch aholining azob-uqubatlariga chek qo‘yish va Falastin-Isroil nizosiga yechim topish yo‘lida qat’iy birdamlikni namoyish etish maqsadida tashkil etildi.

Istanbuldagi “Falastin uchun tinchlik sari birgalikda” sammitida nutq so‘zlar ekan, O‘zbekistonning birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva qurolli to‘qnashuvlar oqibatida barcha qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya va hamdardlik bildirdi. G‘azoda bir oydan ortiq vaqt davom etayotgan, minglab insonlar, ayniqsa, begunoh bolalar, keksalar va ayollar umriga zomin bo‘layotgan dahshatli voqealarni hech narsa bilan oqlab bo‘lmasligini qayd etdi.

“Falastin diyorida yuz berayotgan dahshatli voqealarga tomoshabin bo‘lib, jim qarab tura olmaymiz”, — dedi Ziroat Mirziyoyeva.

“Ming afsuski, xalqaro hamjamiyatning kuchli e’tirozi va bosimiga qaramay, halokat va vayronagarchilik ko‘lami misli ko‘rilmagan darajada ortib, uning oxiri sira ko‘rinmayapti. Natijada qurolli to‘qnashuvlarga mintaqadagi yangi kuchlarning tortilish ehtimoli tobora kuchaymoqda. O‘zbekiston xalqi Falastinning tinch aholisi boshiga tushgan kulfat va qayg‘u-alamlarni yurakdan o‘tkazmoqda”, — dedi O‘zbekistonning birinchi xonimi.

Birinchi xonim har ikki tomonni ham zudlik bilan o‘t ochish va jangovar harakatlarni to‘xtatishga, tang ahvolda qolgan aholiga gumanitar yordam yetkazish uchun imkoniyat yaratishga, nizoni faqatgina tinch, diplomatiya yo‘li bilan “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida hal etishga chaqirib, O‘zbekistonning bu boradagi qat’iy pozitsiyasini yana bir bor bildirdi.

O‘zbekiston Falastin xalqi bilan birdam va yakdil ekani, uning Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalariga muvofiq o‘z mustaqil davlatini barpo etishga bo‘lgan huquqini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlandi.

Sammit yakunida davlat va hukumat rahbarlari rafiqalarining G‘azo sektori bo‘yicha yig‘ilishi Yaxshi niyat deklaratsiyasi qabul qilindi.