Prezident 15-noyabr kuni “Aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Hujjatga ko‘ra, 2024−2026-yillarda:

“Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan:

  • kichik tadbirkorlarga ajratiladigan kredit qoldig‘i 1,7 baravarga oshirilib, ularning kredit portfelidagi ulushi 28 foizdan 43 foizga yetkaziladi;
  • kichik biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun 800 mln dollargacha resurs jalb qilinadi;
  • 300 mln dollar miqdorida obligatsiya (yevrobond)lar xalqaro kapital bozorlarida muomalaga chiqariladi;
  • 150 mingta kichik tadbirkorlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan:

  • kichik va o‘rta tadbirkorlarga ko‘rsatiladigan moliyaviy xizmatlar hajmi 8 trillion so‘mdan 14 trillion so‘mga yetkaziladi;
  • 150 ta o‘rta biznes korxonasiga ulush kiritiladi va xizmatlar ipotekasi asosida 300 ta loyiha tadbirkorlarga sotiladi;
  • o‘rta tadbirkorlar soni 2,5 baravarga oshiriladi;
  • 300 mln dollar miqdorida obligatsiya (yevrobond)lar xalqaro kapital bozorlarida muomalaga chiqariladi.

2023-yil 15-dekabrgacha hududlar va davlat dasturlari yo‘nalishlari kesimida 2024-yilda 2 million aholini biznesga jalb qilishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlanadi.

2024-yil 1-iyuldan davlat dasturlari doirasida ajratilayotgan kreditlardan samarali foydalanish uchun kredit ajratishning barcha bosqichlari elektron platformalarda amalga oshiriladi.

2024-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvargacha davlat xaridlari maxsus axborot portalida davlat ishtirokidagi yirik korxonalar bilan kooperatsiya asosida tashkil qilingan kichik tadbirkorlarga o‘zlari ishlab chiqargan tovarlarni davlat buyurtmachilariga bir yilda 10 mlrd so‘mgacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotishga ruxsat beriladi.

Avvalroq O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi vositalarni joriy etish maqsadida biznesni rivojlantirish kompaniyasi tashkil etilayotgani haqida yozgandik. U kapitalni moliyalashtirish, xizmat ipotekasi va boshqa yordamlarni ko‘rsatadi. Kompaniya budjetdan 1,2 trln so‘m va 100 mln dollarlik kreditlar oladi.