Samarqand shahridagi markaziy chiqindi poligonida bojxona organlari tomonidan noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan tamaki mahsulotlarini yo‘q qilish tadbiri bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

2022-yilning noyabr oyida bojxonachilar respublika hududidan tranzit tarzida olib o‘tilishi rejalashtirilgan 114 ming 448 quti sigaret hamda chilim uchun tamaki mahsulotlari Bulung‘ur tumanidagi xonadonlardan biriga tushirib qoldirilganini aniqlagan.

May oyida viloyatda qayd etilgan yana bir holatda esa qiymati 48 mln so‘mlik 2760 quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.

O‘tkazilgan tadbirda jami 1 mlrd 668 mln so‘mlik 117 ming qutidan ziyod sigaret va chilim uchun tamaki mahsulotlari sud qarori bilan maxsus texnikalar ko‘magida yanchilgan, suvga bo‘ktirilgan va yakunda butunlay yaroqsiz holga kelgach, ko‘mib yuborilgan.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Anvar Muhammadiyevning ma’lum qilishicha, 2023-yilning o‘tgan davrida 229 ta huquqbuzarlik holatlarida qiymati 76,2 milliard so‘mlik salkam 4,9 mln quti tamaki mahsulotlari ushlab qolingan. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 1,5 mln qutini tashkil qilgan.

Samarqand viloyatida esa 2023-yilda bojxona xodimlari tomonidan aniqlangan 16 ta huquqbuzarlik holatlarida qiymati 2,1 milliard so‘mlik 148 ming 819 tamaki mahsulotlari ushlab qolingan.