Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2023-yil 3-choragida monitoring qilingan 93 ta vazirlik, idora va hokimlik ochiqlikka oid qonunchilik bo‘yicha umumiy 52 foiz samaradorlik qayd etganini aniqladi. Bu bo‘yicha agentlik matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga xabar berdi.

Monitoringda 93 ta vazirlik, idora va mahalliy davlat hokimiyati organlarining (21 ta vazirlik, 7 ta qo‘mita, 11 ta agentlik, 7 ta markaziy muassasa, 13 ta hokimlik hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, 23 ta davlat ulushi mavjud tashkilot va 10 ta bank) faoliyati mobaynida prezidentning 6247-sonli farmonida belgilangan ijtimoiy ahamiyatga molik 35 ta toifadagi ma’lumotlarni e’lon qilish darajasi o‘rganilgan.

Mazkur tashkilotlar jami e’lon qilinishi lozim bo‘lgan 1103 ta ma’lumotdan 577 tasini ochiqlagan. Ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni e’lon qilish darajasi 8 ta davlat organi faoliyatida 100 foiz, 11 tasida 80 foizdan yuqori, 23 tasida 50 foizdan yuqori va 51 tasida 50 foizdan past natijani ko‘rsatgan.

Shuningdek, idoralar kesimida ijro samaradorligi vazirliklar faoliyatida 66 foizni, qo‘mitalarda 56 foizni, agentliklarda 54 foizni, hokimliklarda 56 foizni, davlat ulushi mavjud tashkilotlarda 43 foizni, banklarda 32 foizni va markaziy muassasalarda 31 foizni tashkil etgan.

Tahlillarga ko‘ra, ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni ochiq e’lon qilish darajasi bo‘yicha eng qoniqarsiz ko‘rsatkich markaziy muassasalar, davlat ulushi mavjud tashkilotlar va banklar hissasiga to‘g‘ri keladi. Monitoring jarayonida aniqlanishicha, davlat organlari tomonidan aksariyat hollarda budjet va budjetdan tashqari mablag‘larning xarajatlariga oid ma’lumotlarni ochiq e’lon qilishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.

Jumladan, davlat organlari faoliyatidagi davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar 47 foiz, mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari 44 foiz, xizmat avtomototransport vositalari, xizmat uylari va boshqa ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar 59 foiz, xarajatlar smetasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar 42 foiz ko‘rsatkichlarda e’lon qilingan.

O‘rganish yakuniga ko‘ra, agentlik tomonidan 23 ta davlat organlari va tashkilotlariga ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarning buzilishiga yo‘l qo‘ygan mas’ul xodimlarni intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi.