Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan 20 nafar yoshlar mediasavodxonlik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarni oshirishga qaratilgan Media Plus loyihasini tamomladi. Loyiha Toshkent shahri “Sharoit Plus” nogironlar jamoat birlashmasi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etildi. “Gazeta.uz” ushbu ijtimoiy loyihani qo‘llab-quvvatladi va bir nechta seminarlarni o‘tkazishda tahririyatdan spikerlar ishtirok etdi.

Loyiha haqida

Mazkur loyiha nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, kurslarda ishtirok etish bepul. Loyihaning ilk mavsumiga 18 yoshga to‘lgan shaxslar tanlov asosida 2 guruh: o‘zbek va rus guruhlariga qabul qilindi. Ular 2 oy davomida media sohasi va uning turlari haqidagi bilimlarni oldi. Loyiha media sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan nogironligi bo‘lgan yosh mutaxassislar jamiyatini yaratish yo‘lida ishonchli qadam bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.

Unda ishtirokchilar media sohasi va uning turlari, faktcheking, fotojurnalistika, matnlar bilan ishlash, sohadagi zamonaviy trendlar va boshqa sohaga oid mavzular bo‘yicha tahsil oldi. Kelgusida boshqa yo‘nalishlar ham qo‘shilishi mumkin.

“Jurnalistika va blogerlik O‘zbekiston jamiyati tomonidan nogironlikni tushunishning ijtimoiy modeliga o‘tish uchun ajoyib vositadir”, — deya ta’kidladi nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muhabbat Rahimova.

Loyiha koordinatori Maftuna Usmanova yolg‘on xabarlar va axborot manipulyatsiyasi avjiga chiqqan davrda ishtirokchilar axborotni filtrlash va tahlil qilishni, resurslar va rasmiy axborot kanallari bilan ishlashni, ularni to‘g‘ri, xolisona taqdim etishni o‘rganishini aytib o‘tdi.

Loyihani davom ettirish rejalashtirilmoqda.