12-noyabr kuni Toshkent viloyati Yangihayot tumanida harakatlanib ketayotgan Nexia-3 mashinasi ustiga daraxt qulab tushdi. Bu haqda Millar ko‘rsatuvidagi lavhada ma’lum qilindi.

Hodisa oqibatida mashinaning orqa o‘rindig‘ida bo‘lgan, 1997-yilda tug‘ilgan yo‘lovchi (ayol) shifoxonada reanimatsion choralar ko‘rilganiga qaramay, vafot etgan. Unga bosh miya ochiq jarohati tashxisi qo‘yilgan. Haydovchi shok holatiga tushib qolgani qo‘shimcha qilingan.

Tuman ekologiya bo‘limi mashina ustiga yiqilgan daraxt 40−45 yillik ekani, yaqinda yog‘ib o‘tgan yomg‘irlar sababli uning tagi bo‘shab qolgani va shu sababli ildiz qismi bilan qulab tushganini bildirdi.

Aytilishicha, daraxt sog‘lom holatda bo‘lgan, ildizida chirish kuzatilmagan.