Humo to‘lov tizimi va Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan, O‘zbekiston banklariga hujum qilingani va Humo kartalaridan yirik miqdorda pul o‘g‘irlagani bo‘yicha xabarlar feyk ekanini ma’lum qildi.

Humo`ning qayd etishicha, bugun bir nechta ijtimoiy tarmoq sahifalarida, xususan, Telegram kanallarda go‘yoki xakerlar O‘zbekiston banklariga hujum qilgani va Humo kartalardan yirik miqdorda pul o‘g‘irlagani haqida xabarlar tarqalgan.

“Ushbu ma’lumotlar yolg‘on va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Humo to‘lov tizimi barcha xavfsizlik talablariga javob beradi va tizimga bevosita hech qanday kiberhujum sodir bo‘lmagan”, — deya qayd etgan tashkilot.

Shuningdek, Humo ijtimoiy tarmoq faollaridan tekshirilmagan va yolg‘on ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘ragan.

Markaziy bank matbuot xizmati ham shu mazmunda xabar berdi. Unda ijtimoiy tarmoqlar va ayrim Telegram kanallarda xakerlik hujumi oqibatida serverlar buzib kirilgani, buning natijasida firibgarlar ilovalardan birida ro‘yxatdan o‘tgan kartalarga hech qanday muammosiz kirish imkoniga ega bo‘lgani haqida yolg‘on xabarlar tarqalayotgani aytiladi.

“Bunday xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini, banklar va to‘lov tizimlariga hech qanday kiberhujum bo‘lmaganini hamda ayni paytda tijorat banklari va to‘lov tizimlarining faoliyati barcha xavfsizlik talablariga javob berishini ma’lum qilamiz”, — deya qayd etgan regulyator.