14-noyabr kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov tizimda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan nuqt so‘zladi. Uning so‘zlari yakunida deputat Doniyor G‘aniyov “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha bir qancha savollar bilan yuzlandi. “Gazeta.uz” ularning javoblarini matnga tushirdi.

Doniyor G‘aniyev

— Oxirgi yillardagi tibbiyotga bo‘lgan e’tiborni, tibbiyotda bo‘lgan o‘zgarishlarni hech kim inkor etolmaydi. Men o‘zim shifokor oilasidanman, buni shaxsan his qilaman. Ajratilgan mablag‘lar miqdori o‘sgani, markazlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash o‘zgarganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman, buni his qilaman. Buni, albatta, muhtaram prezidentimizning tibbiyotga berayotgan e’tiborlari natijasi deb bilaman.

Lekin, afsuski, mana shu ezgu niyatlar va ajratilayotgan mablag‘larga qaramay, tizimdagi o‘ta qo‘pol kamchiliklar tufayli o‘nlab bolalar hayotiga zomin bo‘lgan holatlarning guvohi bo‘ldik. Mana shu bitta tizimdagi korrupsiya oqibatida bitta dorini tegishli tartibda sertifikatsiya qilmaslik oqibatida 65 nafar oila farzandidan judo bo‘ldi.

Rahmat, hurmatli prezidentimiz o‘zlari bunga e’tibor qaratib, qattiq tanqid qildilar va bunga aloqador har bir odam qonun oldida javob berishini aytdilar. Bugun biz buni ko‘ryapmiz. Shaffoflik tufayli bu sud jarayonlari ochiq ketyapti. Bu jinoyatga sherik bo‘lgan har bir odam qonun oldida javob beryapti. Biz buni olqishlaymiz.

Lekin sud jarayonini kuzatib, u yerdagi ota-onalarning dardini ko‘rib, men o‘zim ham yig‘ladim. O‘zimning ham ikki farzandim — shu yoshdagi farzandlar. Va u [vafot etgan] farzandlardan biri mening ham farzandim bo‘lishi mumkin edi.

Odam vijdoni qiynalyaptiki, biz ham deputat sifatida o‘z vaqtida nazoratni to‘g‘ri qilmay, e’tiborni boshqa yoqqa qaratganimiz uchun tizimdagi xatolar tufayli 65 nafar bolajon endi yo‘q. Eng achinarlisi, tizimning o‘z xodimlarining ko‘rsatmalaridan ma’lum bo‘lyaptiki, tizimdagi ma’lumotni yetkazish [bo‘yicha muammolar], vaqtida bo‘layotgan voqealarni pastdan tepaga yetkazmaslik oqibatida ko‘plab farzandlarni saqlab qolish imkoniyati boy berilgan.

Ming afsuski, haligacha vazirlik tomonidan bu ishlar uchun siyosiy javobgarlik tan olingani yo‘q. Davlatimiz rahbari tomonidan aytilgan jinoiy javobgarlik ta’minlanyapti, lekin siyosiy javobgarlik, mas’uliyat nuqtai nazaridan hali ham tegishli yuqori mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlikni ko‘rmayapmiz.

Mana, vazirimiz o‘zlari tumanlarda preparatlar yetkazilmasligining asosiy sababi birinchi rahbarga bog‘liq ekanini aytdilar. To‘ppa-to‘g‘ri, siz uchun tumanning birinchi rahbari javobgar. Biz uchun esa tizimning, Sog‘liqni saqlash [vazirligi]ning birinchi rahbari javobgar. To‘g‘ri, siz u vaqtda vazir emasdingiz, men sizni shaxsan ayblamoqchi emasman.

  • Lekin yangi vazir sifatida o‘tgan ishdan qanday xulosa chiqardinglar?
  • Bizga mana shu qo‘pol xato qayta takrorlanmaydi, deb va’da bera olasizlarmi?
  • Pastda mana shunday vaziyat yana kuzatilsa, uni yuqoriga yetkazmoqchi bo‘lgan tibbiyot xodimi jazolanmasligiga va o‘sha ma’lumot sizning stolingizga o‘z vaqtida yetib kelib, o‘z vaqtida chora ko‘rilib, boshqa oilalar farzandlari hayotini saqlab qolish uchun hamma choralarni ko‘rishga va’da berasizlarmi?
  • Yoki shunaqa holat baribir davom etaveradimi?
  • Siyosiy javobgarlik bo‘lmaydimi?

Amrillo Inoyatov

— E’tirozni yuz foiz qabul qilamiz. Hech qanday bahona qilishga asosimiz yo‘q. Hurmatli prezidentimiz [meni] tizimga bosh qilib qo‘yganlari juda katta mas’uliyat va majburiyat yuklaydi. Doniyor Avazovich yuqorida juda ham to‘g‘ri ta’kidlab o‘tdilar, men shaxsan o‘shanda birinchi o‘rinbosar bo‘lganman. Birinchi o‘rinbosar bo‘la turib, men xabarni kech eshitganman. Men ochiq tan olib aytyapman buni.

24−25-dekabrlarda biz bu haqda eshitib, darhol shug‘ullanib, ayniqsa, yangi yilning birinchi o‘nkunligida — 1-yanvardan 10-yanvarga qadar 17 ming hamshiraimiz, tibbiy brigadalarimizni xonadonma-xonadon yurg‘izib, preparatlarni yig‘ib oldik. U xonadondagilar bu haqda bilmagan, vaqtida o‘sha siroplarni sotib olgan. Shu bilan birga, hurmatli prezidentimizga rahmat, Prezident administratsiyasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Sog‘liq saqlash vazirliklari, hammani jalb qilib, vaqtida dorilar yig‘ishtirib olindi. Ikki frontda: ular aptekalarni inventarizatsiya qilib, yig‘ishtirib olgan bo‘lsa, biz uyma-uy yurib, xonadonlarni inventarizatsiya qilib, yig‘ishtirib oldik. Va jarayonni bittada to‘xtatdik. Bu birinchidan.

Ikkinchidan, shaxsan men va vazirimiz 24−25-dekabrda xabar olgan bo‘lsak, 100 nafarga yaqin bolani Bolalar milliy markaziga va Respublika tez tibbiy yordam markaziga olib borib, ularni [davolash] yondashuvini o‘zgartirdik.

Bir narsani tan olib aytish kerak, yana 100 nafarga yaqin bolaning hayotini asrab qoldik, ularni ham yo‘qotishimiz mumkin edi. Doniyor Avazovich, juda ham to‘g‘ri masalani ko‘tardingiz. Bemor bolalar o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bilan asosan virus, ya’ni gripp kasalligi va o‘tkir ichak kasalligi asorati sifatida keladi.

Va bizga Samarqanddagi bosh shifokor bu masalani ko‘tarib, preparatdan ekani yetib kelgunga qadar shifokorlarimiz yuqoridagiga mos klinik protokol asosida ularni davolab kelgan. Bizning shifokorlarimiz zaharlanish aynan preparatdan ekanini bilmagan. Agar bilganida, yondashuv umuman boshqacha bo‘lib, har birining hayotini saqlab qolish mumkin edi.

1-yanvardan boshlab bitta ham bunday o‘lim yo‘q. Chunki o‘tkir ichak kasalligidan keyin yoki virusdan keyin kelib chiqadigan o‘tkir buyrak yetishmovchiligini davolash imkoniyatimiz bor. Buning uchun yetarlicha tajribamiz ham bor. Mana shu holat bo‘yicha biz juda qattiq xulosa qilganmiz.

Shaxsan men ham vazirning birinchi o‘rinbosari sifatida kech eshitganman, bu mening ham katta xatom bo‘ladi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan “Antistrumin” voqeasida ham vazirlik bu ortiqcha doza ekanini tan olmoqda. Va bu bilan bog‘liq bo‘lgan barcha xodimlar qonun oldida javob berishni boshlamoqda va javob beradi ham.

Shuning uchun men shaxsan vazir sifatida bundan buyon bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikni bo‘ynimga olib, butun tizimimiz bilan birgalikda bunday xatolarga yo‘l qo‘ymaslik, tizimda muammolar juda ko‘p yig‘ilib qolgani uchun tizimli yondashuvni boshlaganmiz. Bunda hurmatli deputatlarimizning ham yordamlari kerak bo‘ladi.

Chunki tibbiyot juda og‘ir yo‘nalish ekan. Buyog‘iga bitta ham bunday holatga yo‘l qo‘yishga haqqimiz yo‘q. Kech bilganimiz bizning xatomiz ekanini va takrorlanmasligini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.