O‘tgan hafta O‘zbekistondagi missiyasini yakunlagan UNICEF`ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida Suriyadagi harbiy lagerlardan vataniga qaytarilgan ayollar va bolalar taqdiriga to‘xtalib o‘tdi.

“Biz O‘zbekiston hukumatidan aynan bolalar va ayollar vaziyat qurboni sifatida baholangani uchun juda minnatdormiz. Tushunarliki, hech bir bola o‘ziga bu taqdirni tanlamagan va ayollar ham, hech bo‘lmaganda, vataniga qaytarilgan ayollar bu vaziyatga o‘z ixtiyori bilan tushib qolmagan. Ularni ijtimoiy integratsiya tamoyillari asosida qabul qilish yo‘li bilan reintegratsiya qilish qarori juda muhim qadam bo‘ldi. Bu tajriba global miqyosda eng ijobiylaridan biri sifatida hujjatlashtirildi”, — dedi u.

Shuningdek, UNICEF`ning sobiq rahbari Suriya lagerlarida O‘zbekiston fuqarolari hali ham borligini qo‘shimcha qildi. “Rahbariyat bilan xayrlashuv uchrashuvlari chog‘ida bu ishni yakunlab, qolgan ayollar va bolalarni ham mamlakatga qaytarishni so‘rayman. Chunki beshta kampaniya o‘tkazildi va, Xudo xohlasa, oltinchi muvaffaqiyatli kampaniya bilan bu ishni nihoyasiga yetkazishimiz mumkin”.

“Bizning o‘rtacha, ya’ni yuz foiz to‘g‘ri bo‘lmagan hisobimizga ko‘ra, 200 nafarga yaqin bolalar va ayollar hali ham Suriyada va repatriatsiyani so‘ramoqda”, — deydi Munir Mamedzade.

Ma’lumotlarning noaniqligiga izoh berar ekan, u buni identifikatsiyalash jarayonidagi qiyinchiliklar bilan izohladi.

“Bizda ma’lumotlar bor. Ammo bu ma’lumotlar, birinchidan, identifikatsiya jarayoni davom etayotgani sababli aniq emas. Ayrimlar ikki fuqarolikka ega yoki bir vaqtning o‘zida qo‘shni davlatga ham, O‘zbekistonga ham repatriatsiya qilinishi mumkin. Shuningdek, bolalarga nisbatan [identifikatsiya qilish jarayoni] onalik orqali davom etmoqda. Agar ona o‘zbekistonlik bo‘lsa, demak, bola ham o‘zbekistonlik deb qabul qilinadi”.

UNICEF`ning O‘zbekistondagi sobiq rahbari, shuningdek, avval beshta “Mehr” operatsiyasi doirasida vataniga qaytarilgan ayollar va bolalarning reintegratsiya jarayoni haqida ham gapirdi.

“Reintegratsiya jarayoni juda jiddiy jarayon va uzoq muddatli yordamni talab qiladi, chunki bizda tegishli mahalliy xizmatlar: himoyaga muhtoj guruhlarga ixtisoslashgan ijtimoiy ishchilar va psixologlar mavjud emas. Bu ish ko‘proq bizning texnik yordamimiz bilan amalga oshiriladi. Biz joylarda mutaxassislarni tayyorladik”.

“Birinchi kampaniyalar bir necha yil oldin o‘tkazilganiga qaramay, biz hali ham [repatriantlarni] kuzatib turibmiz. Ammo bu muntazam o‘zaro aloqada bo‘lib turishni, ta’lim, ish bilan ta’minlash va, umuman, hayotga yoki yangi sharoitlarga to‘liq moslashish uchun ishlashni talab etadigan kategoriya. Bu tezda sodir bo‘ladigan jarayon emas. Qaytarilganlarning ko‘pchiligi muvaffaqiyatli integratsiya bo‘la oldi. Ammo bu jarayon shundayki, siz shunchaki kalit bilan qulflab, tashqariga chiqib, „muammo hal qilindi, ular to‘liq integratsiya qilindi“ deyolmaysiz. Bu yo‘lda davom etish kerak. Bu kuzatuv jarayoni mazkur odamlar bilan olib borilayotgan juda muhim ish bo‘lib, ular ma’lum bir bosqichda ushbu dasturlardan chiqariladi va jamiyatning to‘laqonli a’zosiga aylanib, O‘zbekistonning boshqa fuqarolari kabi odatiy faoliyat olib borishi mumkin bo‘ladi”, — deya ta’kidladi Munir Mamedzade.

2019-yildan boshlab o‘tkazilgan “Mehr-1, 2, 3, 4 va 5” operatsiyalari davomida Suriya, Iroq va Afg‘onistondan 531 nafar og‘ir ahvolda qolgan ayol va bolalar O‘zbekistonga qaytarilgandi. So‘nggi bor “Mehr” operatsiyasi 2021-yilda o‘tkazilgan.

UNICEF`ning O‘zbekistondagi sobiq rahbari bilan to‘liq videointervyu (rus tilida)