Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida yengil atletikaning yarim marafon yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi, uni O‘zbekiston ayollar terma jamoasi 2 ta kumush medal bilan yakunladi, deya xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Yakkalik yo‘nalishida 1 soat 13 daqiqa 29 soniya natija qayd etgan Sitora Hamidova 5 yil avval o‘zi o‘rnatgan O‘zbekiston rekordini yangilashga erishdi. Bu unga kumush medalni taqdim qildi.

Oltin medal Yaponiya, bronza medali esa Qirg‘iziston terma jamoasi a’zosiga nasib etdi.

Shuningdek, uch nafar sportchining umumiy hisobdagi 3:46:08 natijasi jamoaviy dasturda kumush medallarni taqdim qildi. Ushbu yo‘nalishda Qirg‘iziston jamoasi oltin, Hindiston esa bronza medaliga sazovor bo‘ldi.