Qozog‘iston o‘zining g‘arbiy viloyatlarini O‘zbekiston bilan bog‘lash uchun Beyneu-Shalkar avtomobil yo‘lini quradi. Bu haqda Qozog‘iston bosh vaziri Alixon Smailov Toshkentda bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitidagi chiqishi chog‘ida ma’lum qildi.

Bu yo‘l TRACECA (Yevropa-Kavkaz-Osiyo transport yo‘lagi) yo‘l koridorini shakllantirishni yakunlashga xizmat qiladi. Smoilovning qayd etishicha, mintaqada transport aloqasini rivojlantirish muhim, chunki IHTga a’zo 10 ta davlatdan 7 tasida okeanga chiqish imkoni yo‘q.

“Bugungi kunda Qozog‘iston Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini (TMTR yoki O‘rta koridor) rivojlantirishga ahamiyat berib, infratuzilma va logistika loyihalarida faol ishtirok etmoqda. O‘z salohiyatini oshirish maqsadida Qozog‘iston, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya bir vaqtning o‘zida to‘siqlarni bartaraf etish va 2027-yilgacha O‘rta koridorni rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritalarini amalga oshirmoqda”, — dedi Smailov.

“Bu yo‘nalishning o‘tkazish qobiliyatini sezilarli darajada oshiradi. Biz Kaspiy dengizidagi dengiz portlarimiz salohiyatini ham faol ravishda oshirmoqdamiz. Aqtau portida konteyner xabi, Kurik portida esa ko‘p funksiyali terminal quriladi. Markaziy Osiyo davlatlari uchun Xitoy bilan o‘tish punktlarida alohida stansiya yo‘llarini qurish rejalashtirilgan. Biz bu yo‘nalishda yuk tashish hajmini tizimli ravishda oshirib, 2030-yilga borib yiliga 500 ming konteynerga yetkazmoqchimiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

TRACECA yo‘lagi savdo-iqtisodiy rivojlanishning bosqichma-bosqich rivojlanayotgan tendensiyalarida ishtirok etadi. Yo‘lak orqali o‘tadigan asosiy transport oqimlari, bir tomondan, G‘arbiy va Markaziy Yevropada, ikkinchi tomondan, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyoda shakllanadi.

O‘rta yo‘lak Osiyo va Yevropani bog‘lovchi transport va savdo yo‘li bo‘lib, mintaqaning bir qancha davlatlaridan o‘tadi. Bu an’anaviy Shimoliy va Janubiy yo‘laklarga muqobil yo‘ldir. Yo‘nalish Xitoydan boshlanib, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston kabi Markaziy Osiyo davlatlarini kesib o‘tadi. Keyin Kaspiy dengizi, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya orqali Yevropaga yetib boradi.

O‘rta yo‘lak uzoqroq dengiz yo‘llarini chetlab o‘tib, Osiyoning sharqiy qismlarini, jumladan, Xitoyni Yevropa bilan bog‘laydigan quruqlik yo‘lini taklif etadi.