Davlat xavfsizlik xizmati huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda hududlarda yer maydonlarini noqonuniy tarzda sotish holatlariga chek qo‘ydi, deya xabar bermoqda idora matbuot xizmati.

Xususan, Davlat kadastrlari palatasining Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani filiali xodimi va 42 yoshli shaxs dehqonchilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga tumandagi fermer xo‘jaliklaridan biriga tegishli 17 gektar yer maydonini ijaraga olib berishni aytgan. Buning эvaзига 15 ming dollar talab qilishgan. Biroq ular so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtlarida qo‘lga olingan.

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida yashovchi shaxs aldov o‘zgaga tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 55 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali olib berishini bildirgan.

Evaziga 55 ming dollar talab qilgan. U ham so‘ralgan pul mablag‘idan 11 ming dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanida yashovchi, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs bog‘dorchilikka ixtisosolashgan fermer xo‘jalikgining 13 gektar yer maydonini xaridorga 20 ming dollariga sotishga kelishgan.

Shuningdek, hokimiyatdagi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishini aytgan. Ammo oldindan 10 ming dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi dehqon xo‘jalik rahbari tuman hokimining 2019-yildagi qarori bilan dehqon xo‘jaligi tashkil etish hamda vaqtincha foydalanish uchun ajratilgan 2 gektar yer maydonini xaridorga 300 mln so‘mga sotishga kelishgan.

Xo‘jalik rahbari talab qilingan pul mablag‘idan 8200 dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan.

Barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.