Andijon viloyatida mansabdorlar kuz-qish mavsumida aholiga imtiyozli narxda tarqatishga mo‘ljallangan 3 ming tonnadan ortiq ko‘mirni talon-toroj qilgani aniqlandi deya xabar bermoqda viloyat prokuraturasi matbuot xizmati.

“Ko‘mir ta’minot” MCHJning Andijon tuman ko‘mir ombor mudiri Sh. B. 362,3 mln so‘mlik 1220 tonna, Buloqboshi tuman ko‘mir ombor mudiri S.N. 178,3 mln so‘mlik 445,5 tonna hamda Jalaquduq tuman ko‘mir ombor mudiri Y.Yu. 421,7 mln so‘mlik 1419 tonna ko‘mirni fuqarolar olgani to‘g‘risida soxta ma’lumotlar tayyorlagan. So‘ngra ularni sotib, talon-toroj qilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan ombor mudirlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a “bandi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Ular Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda, deyiladi xabarda.