10-noyabr kuni “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda sud-tibbiy ekspertizasida ishtirok etgan shifokor mutaxassislar, shuningdek, besh nafar jabrlanuvchi ko‘rsatma berdi. “Gazeta.uz” jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalarini matnga tushirdi.

Qayd etish joiz, jabrlanuvchilar bilan muloqotga kirishishdan avval sudya va har bir advokat ularga hamdardlik bildirib, Xudodan sabr so‘radi. Sud jarayonida savollarga imkon qadar og‘ir-vazmin javob berish iltimos qilindi.

Jabrlanuvchi Mushtariy Nosirovaning ko‘rsatmasi

Jabrlanuvchi Mushtariy Nosirova 1998-yil Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida tug‘ilgan. Uning 2020-yil 21-oktabrda tug‘ilgan yolg‘iz farzandi — Sabiya Nosirova 2022-yil dekabr oyida shamollashdan davolanish uchun dori ichgach, ahvoli og‘irlashib, vafot etgan. Jabrlanuvchi ayni vaqtda Tojikistonda bo‘lgani bois sudda onlayn ko‘rsatma berdi.

Ko‘rsatmadan oldingi shaxsga oid qisqa savol-javobdan:

Sudya: Oilangiz bor-a?

Jabrlanuvchi: Bor.

Sudya: Nechta farzandingiz bor?

Jabrlanuvchi: Farzandim yo‘q (shunday deb yig‘lab yubordi — tahr.).

Qizim Sabiya Nosirova 2020-yil 21-oktabrda Moskvada tug‘ilgan. Keyin O‘zbekistonga kelib, bir yil yurdik. Bu yerning havosi yoqmadimi, gripp bo‘lib qolib, yo‘talaverdi. Dorixonaga borib, “qizim yo‘talyapti, gripp bo‘ldi” deb shu dori [Dok-1 Maks]ni so‘rasam, siropini berdi. O‘zim ham shamollab qolganimni aytsam, tabletkasini berdi. Tabletkani ichdim, menga hech narsa qilmadi, qizim siropni ichib, qusaverdi-qusaverdi (jabrlanuvchi yana yig‘ladi — tahr.).

Nega bunday bo‘lyapti, deb o‘yladim. Men hech qachon kasalxona nimaligini bilmaganman, ko‘rmaganman ham. Kasalxonaga bormadim, o‘zim beparvo bo‘ldimmi, bilmadim. Bolam siymay qo‘ydi. Keyin Andijondagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib bordim. Do‘xtir “og‘zi og‘rib, yiringlab, stomatit bo‘lib ketibdi, kasalxonaga yotinglar”, deb yozib berdi.

“Analiz” topshirdik. Bir kun yotdik, siymadi. Ikkinchi kun ham siymaganidan keyin (jabrlanuvchi yana yig‘lab yubordi — tahr.), “men e’tibor bermabman, „Dok-1 Maks“ ichgandi, shundanmikan?” dedim. Do‘xtirlar keldi, tekshirdi. “Yo‘q, hech narsa [bo‘lgani] yo‘q”, dedi. Men dod deb o‘zim beparvo bo‘lganimni [bir nima bo‘lganini] aytdim, do‘xtirlar qaramadi.

Keyin Andijondagi kasalxonaga olib borishdi, undan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga borsin deyishdi, keyin do‘xtirlar keldi. 25−26-dekabrda uyoqqa o‘tdik… Uch kun dializ qildi. 20 kun kasalxonada yotdi [keyin o‘tib qoldi], bo‘ldi, shu.

Sudya: Sizga “Dok-1 Maks”ni kim tavsiya qildi?

Jabrlanuvchi: Hech kim tavsiya qilmadi. Dorixonaga o‘zim bordim.

Sudya: Tergov jarayonida “Mirzohid ismli tanishim tavsiya qildi”, deb ko‘rsatma bergansiz-da.

Jabrlanuvchi: Ha.

Sudya: Mirzohid ismli tanishingiz bormi?

Jabrlanuvchi: Ha.

Sudya: U kim o‘zi, dorixonachimi, do‘xtirmi?

Jabrlanuvchi: Hech kim. Shunchaki tanishim. Shu aytgan, keyin borib olganman.

Sudya: Siz “Dok-1 Maks” ichirdingizmi, “Ambronol”mi?

Jabrlanuvchi: Ikkalasini ham.

Sudya: Nimaga “Dok-1 Maks” bilan “Ambronol” ichiryapsiz? “Ambronol”ni kim tavsiya qildi.

Jabrlanuvchi: “Ambronol”ni o‘zim olganman.

Sudya: Siz hozir Tojikistonga yashash uchun ketdingizmi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q, hujjatlarimni tayyorlash uchun.

Sudya: Tojikistonga turmushga chiqib ketmadingizmi mabodo?

Jabrlanuvchi: Turmushga chiqdim, lekin bu yerda yashamaymiz. O‘zbekistonda yashaymiz.

Sudya: Dorini necha mahal, qancha dozada bergansiz?

Jabrlanuvchi: “Dok-1 Maks”ni uch mahal, bir qopqoqdan berganman. Shirinmidi-yey, achchiqmidi-yey, esimda yo‘q. Tagida ozgina qolgan ekan, qizim vafot etgach, qolganini o‘zim ichvordim.

Prokuror: Kimga qanday da’vongiz bor?

Jabrlanuvchi: Men sizlarni har doim kuzatib boraman. Bir yil kutdim, chaqirishmadi. Moskvaga ketaman dedim, ketolmadim. Lekin iloji yo‘q, O‘zbekistonda turgim kelmadi, bu yoqqa [Tojikistonga] keldim. Endi bir hafta bo‘lgandi. O‘zbekistonda o‘lim jazosi yo‘q ekan (shunday deb jabrlanuvchi yana yig‘lab yubordi — tahr.). Shular umrbod qolmasin. Bolalariga o‘lim tilamayman. Chunki bildim — farzand dog‘i juda yomon. Ularning bolalari yetim qolsin, otasi, onasi, hammasi qamoqda chirisin.

Prokuror: Moddiy da’vongiz bormi, yo‘qmi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q.

Advokatlardan biri: Bolangizga dorini qopqoqchasida ichirganingizni aytdingiz. “Korobka”dan chiqadigan qopqoqchada ichirganmisiz?

Jabrlanuvchi: Ha.

Advokat: Necha mahal bergansiz?

Jabrlanuvchi: Doimiy bermaganman. Bir kun uch mahal berganman, bir kun esimdan chiqib qolgan. Indiniga ikki mahal berganman.

Advokat: Dori berishdan oldin uning yo‘riqnomasini o‘qiganmidingiz?

Jabrlanuvchi: Yo‘q.

Advokat: Demak, qancha miqdorda berish haqida ma’lumotga ega bo‘lmay, o‘zingiz [chamalab] bergansiz, shundaymi?

Jabrlanuvchi: Ha. Dorixonachidan so‘raganimda uch mahal degan.

Advokat: Uch mahal ham har safar o‘sha qopqoqchada to‘ldirib bergansiz-a?

Jabrlanuvchi: Ha.

Advokat: Bunday savol berganimning boisi, “Dok-1 Maks” bilan “Ambronol”ning yo‘riqnomasida ularni qancha miqdorda berish kerakligi ko‘rsatilgan-da. Demak, sizning bundan xabaringiz bo‘lmagan ekan. Tushunarli, rahmat.

Boshqa advokat: Oxirida “Dok-1 Maks”ni o‘zim ichib yuborganman, dedingiz. Qancha miqdorda edi?

Jabrlanuvchi “Dok-1 Maks”ning farzandidan qolgan qismini o‘zi ichib yuborganini aytgan edi. Keyinroq advokatlar bilan savol-javobda adashganini, ichib yuborgan dorisi “Ambronol” bo‘lganini ta’kidladi.

Jabrlanuvchi: O‘zi hech narsa qolmagandi.

Advokat: Shunda “Dok-1 Maks”ni [avval] qizingizga berdingiz va [keyin] o‘zingiz ichib tugatdingiz-a?

Jabrlanuvchi: Yo‘q, men “Ambronol”ni ichgan ekanman. Chunki “Dok-1 Maks”ni o‘zimizning melisaxonaga topshirganman.

Advokat: “Ambronol”ni qizingizga ham berganmisiz?

Jabrlanuvchi: Birinchi “Dok-1 Maks”ni berganman, keyin — grippi to‘xtamagach, “Ambronol”ni berganman. 11-yanvarda, qizim vafot etganidan keyin, uyga kelib, ["Ambronol”ning] hammasini ichganman.

Advokat: Shunda “Dok-1 Maks” bilan “Ambronol”ni taxminan necha kundan ichirgansiz?

Jabrlanuvchi: Birin-ketin berganman.

Advokat: Demak, avval “Dok-1 Maks”ni, keyin “Ambronol”ni ichirgansiz.

Jabrlanuvchi: Ha.

Advokat: “Ambronol”ni ham deyarli hammasini ichirgansiz. Oxirida qolgan ozgina qismini o‘zingiz ichib tugatgansiz. Shundaymi?

Jabrlanuvchi: Ha, shunday.

Advokat: “Ambronol”ning idishi hozir qayerda, bilmaysizmi?

Jabrlanuvchi: Voy, yo‘q.

Advokat: “Ambronol”ning idishini tasvirlab bera olasizmi?

Jabrlanuvchi: Oq, spirt idishiga o‘xshagan idishda edi.

Boshqa advokat: Tergovda ko‘rsatilishicha, qizingizda kasallik simptomlari 9−10-dekabrda ko‘ringan. Shifoxonaga nechanchi sanada yotqizgansiz?

Jabrlanuvchi: 21-dekabr kuni borganmiz.

Advokat: “Dok-1 Maks”ni necha kun ichiryapsiz?

Jabrlanuvchi: Uch kun.

Advokat: Uch kundan keyin “Ambronol” ham ichiryapsizmi?

Jabrlanuvchi: Ha. Uni ["Dok-1 Maks”ni] ham qanaqa berganman — bir kun ichgan, ertasiga ichmagan, indiniga yana ichgan.

Advokat: Kalendar kuni bo‘yicha uch kun ["Dok-1 Maks"] berilgan bo‘lsa, kasallikning 4−5 kunida “Ambronol” ichiryapsiz, shundaymi?

Jabrlanuvchi: Ha.

Advokat: Tergov ko‘rsatmalarini to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, “Ambronol”ni ham sizga sotuvchi tavsiya qilyapti, shundaymi?

Jabrlanuvchi: Ha.

Advokat: Necha kun ichirdingiz?

Jabrlanuvchi: 3−4 kun, shekilli.

Advokat: “Dok-1 Maks” ichirilgan kunlar bilan qo‘shsak, sakkiz, uzog‘i to‘qqiz kun bo‘lyapti.

Jabrlanuvchi: Ha.

Advokat: 21-dekabrgacha qizingiz uyda davolanyapti. Shu orada uni shifokorga ko‘rsatmadingizmi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q, men shifokorga ko‘rsatmayman. O‘zi men yoshligimdan do‘xtirga bormaganman. Bir marta “grija” bo‘lib qolganimda doktorga yotgandim. Qolaversa, o‘zim ukoldan qo‘rqaman. Bolam ham ukol olmaydi dedim, [doktorga] bormadik. Keyin qusaverdi, qusaverdi.

Advokat: Uzr, Mushtariyxon, bir narsani tushuning-da: farzandingiz tug‘ilyapti, O‘zbekistonda bola salomatligiga doir qonunchilik bor. Unga ko‘ra, sizning hududiy uchastka vrachingiz bolangizni ro‘yxatga qo‘yishi kerak. Turli emlanmalari bor, 6 yoshgacha to‘lgunchami bolani nazoratda ushlab turadi. Bu uchun mas’ul bo‘lgan uchastkaga nahot murojaat qilmagansiz? Nahot qizingizda tibbiyot kartasi mavjud bo‘lmasa?

Jabrlanuvchi: Yo‘q, men Toshkentga ketganimdan keyin Shohista opam Andijon shahridagi uchastkaga olib chiqqan. Oddiy-oddiy narsalarni yozib bergan, shularni olib berib davolayotgan bo‘lgan.

Advokat: Mushtariyxon, siz o‘zingiz qaysi tumandan edingiz?

Jabrlanuvchi: Jalaquduq.

Advokat: Shohista opangiz Andijon shahrida yashaydi. Siz Jalaquduqda “propiska”da turgansiz. Bola ham Jalaquduqdagi uchastka vrachida hisobda turib, tibbiy muolajalarni olib turgan bo‘lishi, nazoratda bo‘lgan bo‘lishi kerak. O‘sha Jalaquduqdagi tegishli vrachingizni vaziyatdan boxabar qildingizmi?

Jabrlanuvchi: Ha.

Advokat: Xo‘p. “Ambronol”ni 3−4 kun bolangizga ichiryapsiz-da, qolgan-qutganini o‘zingiz ichib yuborishingizga sabab nima, singlim?

Jabrlanuvchi: Bolam shundan o‘lganini bildim. Menam bolamning orqasidan shundan o‘lgim keldi. Qishda, sovuqda.

Advokat: Demak, bolaga dastlabki simptomlarda tibbiyot xodimlari tashxis qo‘ymagan. Boya aytgan Mirzohidingiz tibbiyot xodimi emas. O‘zingizning ham ma’lumotingiz o‘rta-maxsus. Qaysi kollejni bitirgansiz, singlim?

Jabrlanuvchi: Tikuvchilik sohasi bo‘yicha.

Advokat: Tergovda shifokorga olib borganingizda birinchi kuni shifokorlar befarq bo‘lganini aytyapsiz-da, qaysidir tanishingiz janjal qilgandan keyin shahar markaziy shifoxonasiga farzandingizni olib ketishgani haqida ko‘rsatma bergansiz, to‘g‘rimi?

Jabrlanuvchi: Ha, sherigim shunday qilgan. Birinchi marta yuqumli kasalliklar shifoxonasiga borganimda, “Voy, mana bunaqa bo‘libdi, men ham „Dok-1 Maks“ ichiruvdim” desam, u “Dok-1 Maks” voqeasini mendan oldin eshitgan ekan, “Voy, nimaga beparvo bo‘lyapsiz?” [degandi]. Men u odamni tanimayman, shunchaki u ham kasalxonada yotgan sherigim edi.

Advokat: “Dok-1 Maks”ni sotib olgan dorixonangizni tergovchilarga ko‘rsatdingizmi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q.

Advokat: Tergovga ko‘ra, “Dok-1 Maks” bilan “Ambronol”ni alohida-alohida dorixonadan olgansiz. O‘zbekistonga qaytaman deyapsiz. Qaytganda shularning manzilini sud kotibiga tashlab bera olasizmi? Ehtimol, ular siroplarning boshqasi [qalbakisi] bo‘lgandir. Buni ham istisno qilib bo‘lmaydi-da.

Jabrlanuvchi: Tashlab beraman. Men [sud bugun bo‘lishini] kecha bildim. Agar ertaga bo‘lganda, uchib borardim, o‘zim qatnashardim.

Jabrlanuvchi Habibullo Yo‘ldoshev ko‘rsatmasi

Habibullo Yo‘ldoshev 1981-yil Namangan shahrida tug‘ilgan. Hozirda Samarqandda yashaydi. 2022-yil dekabr oyida endigina 5,5 oylik bo‘lgan Fotima-Zuhra ismli egizak qizlarining kichigi — Zuhra shamollashdan tuzalish uchun bir necha dori vositalarini ichgach, ahvoli og‘irlashib, vafot etgan.

Jabrlanuvchi: Egizaklarimning Zuhrasi shamollab qoldi. Bir kun o‘tdi, ertasi kuni kechqurun dorixonaga chiqib, dori olib kelib ichirdim. Fotima shamollamagandi, unga ichirmaganman, hozir yaxshi. Bu dorini ["Sinepar kid"] 2017−2018-yillarda boshqa farzandlarimiz shamollaganda ichirib yurardik. Indiniga shom payti siymay qo‘ydi. Doktorga olib chiqdim. “Shamollagan bo‘lsa, tanasida suyuqlik qolmagan, shunga siymayotgan bo‘lsa kerak”, dedi. Uyga qaytarib olib keldik. Ertasi kuni ertalab qarasak, yana siymagan. Yana uchta joydagi doktorga olib chiqdim. Urologlar ko‘rib, hech qanday tashxis qo‘yolmadi.

Qon laboratoriyasida ishlaydigan bir akamning xotinini chaqirib, “buni ko‘ringlar-chi, bo‘lmaydi, shekilli, siymayapti”, dedim. “Tez reanimatsiyaga olib kiramiz”, deb olib ketdi. “Analiz” qilishsa, 600 nechidir ham keratin dozasi chiqqan (modda nomi jabrlanuvchi aytgani bo‘yicha yozildi — tahr.). U yerda bir kun yotdi. Keyin shifokorlar telefon qilib, “buni Toshkentga olib bormasangiz bo‘lmaydi, zahar hamma joyiga tarqab ketyapti”, dedi. Shu bilan 5-dekabr kuni olib keldim. 17 kun bu yerda davolandi. Bo‘lmadi, o‘tib qoldi.

Sud ekspertizasiga olib borishdi. “Morg”ga borib: “Aka, bo‘lar ish bo‘ldi, yormanglar. Uyda 85 ga kirgan dadam, 77 yoshli onam bor. Ularning ikkoviyam ertadan-kechgacha Zuhrani boqishardi. Ko‘rishsa, to‘g‘ri kelmaydi. Iltimos, yormasdan biror narsa qilsa bo‘lar”, dedim. “Yo‘q, tekshirishimiz kerak”, deyishdi. “Mayli bo‘lmasa”, dedim. Boshi, old ko‘kragidan kindigigacha ochib, ekspertiza qilishdi.

Boshqa advokat: “Ambronol” ham ichirgan ekansiz-da. Uni kim tavsiya qilgan?

Jabrlanuvchi: “Ambronol”, “Sinepar kid”, yana “Dok-1 Maks” ham ichirganmiz.

Advokat: “Dok-1 Maks” ham ichirganmisiz?

Jabrlanuvchi: Ha.

Advokat: Tergov jarayonida “Dok-1 Maks” haqida ko‘rsatma bo‘lmagan ekan-da. “Ambronol”, “Sinepar kid” ichirganman, deb ko‘rsatma bergansiz, to‘g‘rimi?

Jabrlanuvchi: Endi odam har xil holatda turadi-ku. Shu, shunaqa ishlar bo‘lib ketdi.

Advokat: Birinchi “Ambronol” ichirganmisiz yoki “Dok-1 Maks”?

Jabrlanuvchi: Birinchi “Sinepar kid”, keyin “Dok-1 Maks” ichirganmiz. “Ambronol”ni uchinchi kun, siymay qo‘ygach ichirganmiz. “Go‘zal” [nomli] shifoxonaga olib chiqqanda “Ambronol” bilan “Amoksitsillin” ichirishni aytgandi. “Bundan ichirganmiz” desam, “bo‘pti bo‘lmasa”, deyishgandi.

Boshqa advokat: Dorilarni necha kun davomida ichirgansiz?

Jabrlanuvchi: “Dok-1 Maks”ni ikki kun ichirganmiz, xolos.

Advokat: Doktor “Ambronol”ni tavsiya qilgandan keyin-chi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q, ichirmaganmiz.

Prokuror: Kimga, qanday da’vongiz bor?

Jabrlanuvchi: Shularga davlat qanaqa chora ko‘rsa, o‘sha chora-da.

Prokuror: Umumiy?

Jabrlanuvchi: Ha.

Prokuror: Moddiy, ma’naviy?

Jabrlanuvchi: Kompensatsiya to‘lab berishadi.

Prokuror: Qancha miqdorda?

Jabrlanuvchi: 1 mlrd beradi, aka.

Prokuror: So‘rayapsiz.

Jabrlanuvchi: Bo‘lmasa so‘rashsin, 2 mlrd beraman — bolamni topib berishsin. 2 mlrd so‘m qarz olib bo‘lsa ham to‘lab beraman, farzandimni qaytarib bersin. Shular olib kelgan doridan zaharlanib o‘ldi bolalar.

Advokatlardan biri: Farzandingizga “Dok-1 Maks”, “Ambronol”ni qanaqa dozada bergansiz?

Jabrlanuvchi: Ikkilik shpritsda 1,5 milligrammdan.

Advokat: Shpritsda tortganmisiz?

Jabrlanuvchi: Ha. Shuni ichirganmiz. 5,5 oylik go‘dak bo‘lgan.

Advokat: “Dok-1 Maks”ni sotib olib, farzandingizga berishdan oldin yo‘riqnomasini o‘qiganmisiz?

Jabrlanuvchi: Yo‘q.

Advokat: “Dok-1 Maks”, “Ambronol”ning 2 yoshdan katta bolalarga berilishi haqida ma’lumotga ega bo‘lganmisiz?

Jabrlanuvchi: Yo‘q. [Bu gapni keyin] shifoxonada, “Bolalar markazi”da “3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga sirop berish mumkin emas”, deb aytishgan.

Advokat: [Siroplarning] yo‘riqnomasida belgilangan dozadan oshib ketsa, ko‘rsatilgan yoshdan erta berilsa, zaharlanish yoki boshqa teskari ta’sirlar keltirib chiqarishi ko‘rsatilgan. Lekin siz 5−6 oylik go‘dakka bergansiz-da. Bilmagan bo‘lgansiz-da buni?

Jabrlanuvchi: Shunday. Negaki bundan oldingi akalari, opalariga ham shamollaganda shundan berganmiz-da.

Advokat: Ular necha yosh bo‘lgan?

Jabrlanuvchi: 2017−2018-yillardagi holat bu.

Advokat: Yoshi katta bo‘lgan-a?

Jabrlanuvchi: Ha. Shundan keyin uyga unaqa dori kirmagan.

Advokat: Ularning yoshi 5−6 oylik bo‘lmaganda, shundaymi?

Jabrlanuvchi: O‘sha go‘daklik mahalida-da.

Boshqa advokat: “Sinepar kid” necha kun ichirilgan?

Jabrlanuvchi: Bir mahal ichirilgan. O‘shanda kechqurun yo‘talganida ichirilgan.

Advokat: Qachondan “Dok-1 Maks” ichirishni boshladingiz?

Jabrlanuvchi: Ertasi kuni ertalabdan “Dok-1 Maks” bilan “Ambronol”ni oradan ikki soat o‘tkazib ichirganmiz.

Advokat: “Sinepar kid”ni mazasi bo‘lmaganda kechqurun ichiryapsiz. “Dok-1 Maks”ni esa ertalab. Dorixonaga chiqib kelishga qachon ulguryapsiz?

Jabrlanuvchi: Ertalab chiqib kelyapman.

Advokat: Ertalab ikkilik shipritsda “Dok-1 Maks”ni berdim deyapsiz. U shprits “Dok-1 Maks”ning ichidan chiqqanmi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q, dorixonadan o‘zim olib kelganman.

Advokat: O‘sha “Dok-1 Maks”ning ichida qoshiqchasi bormidi, yo‘qmidi?

Jabrlanuvchi: Kichkina plastmassa qoshiqchasi bor edi.

Advokat: Nimaga qoshiqchada emas, shpritsda berdingiz?

Jabrlanuvchi: 5,5 oylik go‘dakka qoshiqchada ichirib bo‘ladimi?

Advokat: Tushunarli. Shpritsda 1,5 milligramm tortishni sizga kim tavsiya qildi?

Jabrlanuvchi: O‘zim.

Advokat: Shundan keyin “Dok-1 Maks” ichirdingizmi, yo‘qmi?

Jabrlanuvchi: “Dok-1 Maks”ni birinchi marta ertalab 8:30 larda berdim. So‘ng yo‘tali qolarmikan deb, peshindan o‘tganda, taxminan ikkilarda ikkinchi marta ichirdim. Shomdan ozgina o‘tganda, doktorga borishimizdan oldin rafiqam telefon qildi. “Zuhraxon siymabdi-ya” dedi. Bilasiz, hovlida tandirda non qilinadi. Uyda beshikka belab qo‘yib, non qilgan ekan. Kirsam, haqiqatdan beshikka belab qo‘ygan, siymagan. Keyin kechki to‘rt yarim-besh atrofida “Ambronol” olib kirib, undan ham ichirdim.

Advokat: Uni ham 1,5 milligramm berdingizmi?

Jabrlanuvchi: Taxminan shunaqa.

Advokat: Uning ichida ham qoshiqchasi bormidi yoki nimasi bor edi?

Jabrlanuvchi: Ahamiyat bermaganman.

Advokat: Idishini taxminan tasvirlab berolasizmi? Quyoncha, ayiqcha rasmlari bormidi, yo‘qmidi?

Jabrlanuvchi: Bir yil bo‘lgan narsa esda qoladimi?

Advokat: Endi siz dorini qaysi payt, qancha miqdorda berganingizni aniq aytyapsiz-da. Misol uchun, o‘sha dorilarning ustida biror ko‘zga ko‘ringan, esda qolarli narsasi bormidi?

Jabrlanuvchi: Bilmayman. Men uning qutisiga ahamiyat bermagandim. Bolaning siymagani vahimaga solib qo‘ygan. Nimaga siymayapti deb urologga olib chiqsam, uyog‘ini ushladi, buyog‘ini ushladi, buyragini ushladi, bilmadi. Ertasi kuni yana urologga olib chiqdim…

Advokat: To‘xtab turing, urolog mayli — dori ichirish haqida gaplashayotgandik. Tushunishim bo‘yicha, ertalab 8:30 da, 14:00 da “Dok-1 Maks”, 16:30 da “Ambronol” beryapsiz. Ertalab 8:30 da “Dok-1 Maks” berganingizdan keyin siymay qolyapti-a?

Jabrlanuvchi: Siymay qolganini shom payti, doktorga olib borishdan oldin bilganmiz.

Advokat: Hammasi bir kunda, uch mahalda bo‘lyapti-a?

Jabrlanuvchi: Ha. Undan bir kun oldin yo‘tali qolarmikan deb “Sinepar kid” ichirgandik.

Advokat: “Dok-1 Maks” beryapsiz, o‘sha “Dok-1 Maks” bilan “Ambronol” dorilari qayerda?

Jabrlanuvchi: Qizim vafot etgach, tashlab yuboringlar, deganman.

Advokat: Tergovga, doktorlarga ham taqdim qilmagansizlar?

Jabrlanuvchi: Yo‘q, doktorlarga aytganmiz.

Advokat: Qaysi dorixonadan olganingizni eslaysizmi, yo‘qmi?

Jabrlanuvchi: Eslaymiz.

Advokat: Tergovdagilarga aytganmisiz?

Jabrlanuvchi: Ha. O‘zimizning “Go‘zal” kasalxonasining oldidagi dorixonadan olganmiz.

Sudya: Kimda yana qanday savol bor? (Hech kim indamadi — tahr.). Yo‘q. Bo‘ldi, rahmat.

Jabrlanuvchi: O‘rtoq sudya, bu yerga kelishdan maqsad — kecha telefon qilishganida bularga ham aytdim — foydasi bo‘lsa boray, bo‘lmasa, 400−500 ming so‘m xarajat qilib bormaylik, natija bo‘lsa, boraylik dedim.

Sudya: Nima natijani nazarda tutyapsiz?

Jabrlanuvchi: Bularga oliy, eng og‘ir jazoni qo‘llab berishingizni xohlaymiz. Keyin buyoqda farzandlari o‘tgan ota-onalarga kompensatsiya pullarini to‘lab berishlarini xohlaymiz.

Advokatlardan biri: Farzandingiz 5,5 oylik ekan. Sog‘lig‘i yomonlashgach, uni ko‘zdan kechirib turadigan, o‘zingiz yashaydigan hudud vrachiga ko‘rsatdingizmi?

Jabrlanuvchi: Ko‘rsatdik.

Advokat: Dori ichirishingizdan oldinmi yo keyin?

Jabrlanuvchi: Ichirishimizdan oldin ham olib chiqqanmiz.

Advokat: Dorini sizga vrach tavsiya qildimi?

Sudya: Savolga javob berdi, “o‘zim oldim” dedi.

Jabrlanuvchi: Uchinchi kuni “Ambroksol”ni tavsiya qilgan.

Advokat: Muhtaram raislik qiluvchi, buni men eshitdim. Faqat hozirgi javobdan kelib chiqib savol beryapman. Agar vrachning oldiga olib chiqqan bo‘lsa, vrach ma’lum bir dori vositalarini tavsiya qiladi. Agar “Ambronol” yoki “Dok-1 Maks”ni bevosita o‘zi xohlab olgan bo‘lsa, vrachning tavsiyasi qayerda qoldi? Vrach qaysi dorilarni tavsiya qilgandi?

Jabrlanuvchi: Agar telefon qilishga ruxsat berishsa, hozir uydagilarga aytaman, vrachning retseptini rasmga tushirib tashlab berishadi.

Advokat: Yaxshi bo‘lardi. U dorilarni ichirganmisizlar? Sotib olganmisizlar, yo‘qmi?

Jabrlanuvchi: Sotib olganmiz.

Advokat: Maqsad farzandingizning o‘limiga aybdor bo‘lgan shaxslarni jazolash-ku. Bu bizga shuning uchun kerak-da.

Boshqa advokat: Ichirganmisiz?

Jabrlanuvchi: Ha, ichirganmiz.

Advokat: Retsept bo‘yicha berilgan dorilarni ichiryapsizlar, to‘g‘rimi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q. “Go‘zal” kasalxonasiga olib chiqqanimda uchinchi kuni yozib beryapti. Bu dorilarni bundan oldin ichirdim deb, u yerdan olib chiqib ketdim. Ular ham xuddi o‘sha tashxisni — shamollash, buyragida suvi qolmagan…

Advokat: Sizga “besh yarim oylik chaqalog‘ingiz kasal bo‘lganida dori ichirmasdan avval shifokorga bordingizmi?” deb savol berildi. Siz “bordim, retsept yozib berdi” dedingiz. “O‘sha [retseptda yozilgan dorilar]ni oldingizmi?” deb so‘ralyapti.

Jabrlanuvchi: Yo‘q, olmadim.

Advokat: Nima uchun shifokorga bordingiz?

Jabrlanuvchi: Nimagaki shifokor hamma arzon dorilarni yozib berdi.

Advokat: Besh yarim oylik bolaga…

Sudya: Mayli, bunga sud baho beradi.

Boshqa advokat: Hozir “Ambroksol” ham ichirganingizni aytdingiz. “Ambronol” emas, “Ambroksol” ichirdingiz-a?

Jabrlanuvchi: Ikkalasini ham. “Ambronol”ning “korobka”si hali ham bor.

Advokat: Qanaqa?

Jabrlanuvchi: Qizil “korobka”da, katta “A” qilib qo‘yilgan.

Boshqa advokat: Shunda 6 oylik bolaga “Ambronol”, “Ambroksol”, “Sinepar kid”, “Dok-1 Maks” bergansiz, shundaymi?

Jabrlanuvchi: Ha.

Boshqa advokat: “Dok-1 Maks”ning idishi qanaqa? Tasvirlab bering.

Jabrlanuvchi: Kichkina plastmassa idishda.

Advokat: “Korobka”si ham bormidi?

Jabrlanuvchi: Ha.

Advokat: Ustida biror yozuvi, rasmi bormidi?

Jabrlanuvchi: O‘sha “Dok-1 Maks”ning bir raqami yozib qo‘yilgandi.

Sudya: Siz hozir “Ambronol”ni katta “A” harfida deyapsiz-da, rasmini ko‘rsatsam, o‘shami, boshqami, farqlab berasizmi?

Jabrlanuvchi: Qizil bilan yozib, katta “A” qilib qo‘yilganda.

Sudya: Keling-chi.

Jabrlanuvchi sudyaning oldiga borib, o‘zi ishlatgan dori sudya suratini ko‘rsatayotgan dori bilan bir xilmi yoki yo‘q — shuni bildirdi.

Sudya: Bo‘ldi, sud baho beradi. Savol yo‘qmi? (Jimlik — tahr.) Bo‘ldi, [jabrlanuvchiga qarata] o‘tiring.

Jabrlanuvchi Gulandom Rahmonova ko‘rsatmasi

Jabrlanuvchi Gulandom Rahmonova 1993-yil Samarqand viloyati Nurobod tumanida tug‘ilgan. Hozirda shu tumanning “O‘rtaog‘iz” mahallasi Tinchlik qishlog‘ida yashaydi. Uning ikki farzandi — bir qizi va bir o‘g‘li bor edi. 2017-yil fevral oyida tug‘ilgan o‘g‘li Shamshodbek Rahmatullayev 2022-yil dekabrida shamollashdan davolanish uchun dori ichgach, ahvoli og‘irlashib vafot etgan.

Ko‘rsatmadan oldin shaxsga oid qisqa savol-javobdan:

Sudya: Nima ish qilasiz?

Jabrlanuvchi: Poliklinikada hamshira bo‘lib ishlayman.

Sudya: Ma’lumotingiz o‘rta bo‘lsa, tibbiyot kollejida o‘qigansiz-a?

Jabrlanuvchi: Ha.

Sudya: Oilalisiz. Nechta farzandingiz bor?

Jabrlanuvchi: Ikkita edi, bitta qoldi (shunday deb yig‘lab yubordi — tahr.).

O‘g‘limda 2022-yil 3-dekabrda gripp alomatlari sezildi. Poliklinikamiz uzoqda, qishloqda bitta men ishlayman, dorixona ham yo‘q. 4-dekabr kuni [Nurobod tumanidagi] Jom [qishlog‘i]ga bordik. O‘sha yerdagi dorixonadan ["Dok-1 Maks"] oldim. “Dok-1 Maks”ni ikki kun, ikki mahal 5 grammdan ichirdim. Bolam siymay qoldi.

O‘zimizning poliklinika 20−25 km uzoq bo‘lgani uchun shuyoqqa (jabrlanuvchi aynan qayerligini aniqlashtirmadi, taxminan, Jom qishlog‘iga — tahr.) olib bordim. Rasulov degan vrach bor edi. U Nurobod tumani kasalxonasiga yo‘llanma berdi. Olib bordik, darrov reanimatsiyaga oldi. Kechqurun ultratovush tekshiruv (UZI)larni qildi. Bola siymayapti, qovuqda ham siydik yo‘q.

Keyingi kun Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli shifoxonasiga olib bordi. Shanba kuni edi. U yerda Bahodir aka Pardayev qabul qildi. O‘sha kunning o‘zida gemodializga oldi. Keyin, kasallik tarixi ochilgach, Feruza ismli [shifokor] so‘raganida “Dok-1 Maks” ichirganimni aytdim.

O‘zi u yerda “Dok-1 Maks”dan ikkitami, uchtami bola tirik qolgan, qolgani o‘lgan ekan. Bizga 17 yo 18-kunga kelyapsiz dedi. Keyin dorilar yozdi. Bolam har kuni qiynalib gemodializ oldi (shunday deb yig‘lab yubordi — tahr.). Keyin 18-dekabrda bo‘lmay qoldi.

Prokuror: Qanday da’vongiz bor?

Jabrlanuvchi: “Dok-1 Maks”ni O‘zbekistonga kirgizganlarga eng og‘ir jazo berilsin. Hech kimning farzandiga, hatto dushmanimning bolasiga ham o‘lim tilamayman. Farzandlarining boshiga tushmasin, lekin o‘zlariga o‘lim jazosini bersalaringiz ham, oldimda qiynab o‘ldirsalaringiz ham ko‘nglim taskin topmaydi-da (shunday deb yig‘lab yubordi — tahr.). Farzand dog‘i shunchalar og‘irki, bilmadim, endi qanchadan-qancha ota-onalar shunchalik azob chekyapti. Bir yil bo‘lyapti, bir yildan beri ko‘zimdagi yosh tingani yo‘q.

Prokuror: Moddiy da’vongiz bormi?

Jabrlanuvchi: Qancha bersa, mening bolam qaytib keladi?

Prokuror: Siz [moddiy da’voni] xohlaysizmi-yo‘qmi — shuni so‘ramoqchi edim.

Zalda o‘tirgan, o‘zini jabrlanuvchining singlisi deb tanishtirgan ayol: “So‘raydi, bor”.

Jabrlanuvchi: 10 milliard beradi. Lekin men 10 milliardni 100 milliard qilib qaytarib beraman — bolamni olib kelib, shunday oldimga qo‘ysin! Mayli, yotgan joyidan olib kelib qo‘ysin. Bir kuni uchun 100 milliard beraman! Ko‘chaga chiqib, gadoychilik qilsam ham, shu pulni topaman.

Jabrlanuvchi Umarali Umariy ko‘rsatmasi

Jabrlanuvchi Umarali Umariy 1993-yil Samarqand viloyatining Urgut tumanida tug‘ilgan. Zavodda hisobchi bo‘lib ishlaydi. To‘ng‘ich farzandi Nurmuhammad Umariy shamollashdan tuzalish uchun dori ichgach, ahvoli og‘irlashib, 2023-yil 9-yanvarda vafot etgan.

Jabrlanuvchi: Dekabr oyi edi. O‘g‘lim shamollaganda dadam bilan ayolim qishloqdagi dorixonadan dori olib kelgan. Retseptsiz berilarkan-ku, “Ambronol” siropini ichgan. Ikki kun ichdi, issig‘i ko‘tarilib, tushavermadi. Oqshom bilan qayt qilib chiqdi.

Adashmasam, 8-dekabr edi. Urgutdagi bolalar shifoxonasiga olib bordik. Qayt qilishlarni shamollashdan dedi. Ikkita “sistema” qo‘ydi, olib qoldi. Ikki kun yotdi. Keyin “bola siymayapti” dedi. UZIga olib borib, buyragini tekshirtirsam, “buyragida siydik yo‘q, buni viloyatga olib borish kerak”, deb maslahat berdi. Oqshom ishdan chiqib kelsam, ayolim do‘xtirlar ko‘p qayt qilganidan tanasida suv qochib ketgani, shuning uchun siymayotganini bildirgani haqida aytdi. Keyin bir hamshira “bolani olib boringlar, mazasi yo‘q, hattoki shishgan ham”, dedi. Oqshom o‘zim turib, mashina chaqirib, shahar shifoxonasiga olib bordim.

Avval ko‘p tarmoqli kasalxonaga borgandim, yopiq ekan, qabul qilmadi. Keyin tez yordam bo‘limiga o‘tkazdik. U yerda ham UZI qilib ko‘rgandi. “Haqiqatan bolaning qovug‘ida siydik yo‘q, buyrak ishlamayapti”, degan xulosa bilan bolaning ahvoli og‘ir deb, birdan reanimatsiyaga oldi. Keyingi kun davolovchi kelib, “bolaning buyragi ishlamayapti, dializ qilish kerak”, dedi. Nima maslahat berasiz degandik, [dializ uchun vositalar] bizda yo‘q, “ko‘p tarmoqli”da bor, shundan olib kelib bersangiz, dializ qilamiz dedi.

Ularda Bahodir degan do‘xtir “12 ta bola buyragi ishlamay yotibdi, hozir imkonimiz yo‘q”, dedi. Toshkentda tibbiy narsalar olib keladigan bir do‘kon bor ekan, o‘shalarning raqamini berdi. Ikki kunda topib olib keldik. Keyin dializ qildi, 20 ga yaqin dializ oldi. Bolam beshinchi kuni ikkita dializdan keyin komaga tushib qoldi. Bir hafta o‘tgach, siydik tushdi. Siydikda ham “machevina” kabi zaharli moddalar bo‘lishi kerak ekan, o‘shalar yo‘q edi. “Buyrak ishlagani bilan, zaharli moddalar buyrakka o‘tmayapti” deyishdi. Bolam 9-yanvar kuni vafot etdi.

Advokat: “Ambronol”ni qancha miqdorda bergansiz?

Jabrlanuvchi: O‘zining shpritschasi bor ekan-ku, onasi shundan tortib, qaynoq suvgami solib, tayyorlab bergan ekan. Miqdori haqida menda ma’lumot yo‘q.

Advokat: Tergov jarayonida to‘rt kun davomida ikki mahaldan 10 gramm deyilgan ekan. Siz shpritsini ko‘rganmisiz?

Jabrlanuvchi: Ha.

Advokat: Keyin dorini nima qildingiz?

Jabrlanuvchi: O‘zi kamgina qolgan edi. Uydagilar yig‘ishtirib tashlab yuborgan.

Prokuror: Da’vongiz bormi? Kimga qanaqa da’vongiz bor?

Jabrlanuvchi: Da’vom dorini olib kirganlarga-da. Sud jarayonini ko‘rib boryapman, kechagisini internetdan ko‘rdim. Qanaqadir hujjatlarni oz-moz tushunaman. “Bilib oldim”, “ajratdim”, “qo‘l qo‘ydim” deyapti-ku. O‘shalarga qonuniy jazo qo‘llashlaringni xohlardim.

Prokuror: Moddiy, ma’naviy da’vongiz bormi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q, da’vom bo‘lgani bilan baribir… (gapini davom ettirmadi — tahr.).

Advokatlardan biri: “Ambronol” dorisini o‘zingiz ko‘rganmisiz?

Jabrlanuvchi: Ha, qutida edi. Ichida oddiy ukolga o‘xshamagan, boshqacha, uchi kesilgan shprits bor edi. Bolaga ichirish oson bo‘lishi uchun o‘sha orqali berardik.

Advokatlardan biri: Dorini ayolim tanlagan deyapsiz. U kishining mutaxassisligi qanaqa?

Jabrlanuvchi: O‘rta-maxsus, tikuvchilikni bitirgan.

Advokat: Farzandingiz kasallangan vaqtda dori sotib olishdan oldin shifokorga ko‘rsatdingizmi? Uchastka vrachiga telefon qildingizmi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q. Dorixonaga borganda retseptsiz beriladi, deb maslahat bergan. Keyin u paytda [bolaning ahvoli] yengilroq edi. O‘zi [ahvoli og‘irlashishining] oldini olish maqsadida olib kelgandik.

Jabrlanuvchi sudyaga: Savolim bor edi. “Dok-1 Maks” yoki “Ambronol”dan bo‘lgani haqida ekspertiza o‘tkazgansizlar-a? Zaharlar aniqlangan. O‘g‘limda ham shu ekspertiza qilingan, lekin uni o‘qib ko‘rganim yo‘q-da. Undan zaharlarning asoratlari topilgan-topilmaganini bilmoqchiman.

Sudya: Ekspertizada 2023-yil 23-yanvarda farzandingiz Nurmuhammad Umariyda o‘tkir buyrak yetishmovchiligi aniqlangani ham yozilgan ekan. Mutaxassislar dori ikki kun ichida, agar buyrakni yuvadigan yoki boshqa vositalar qo‘llanilsa, undan ham oldin organizmdan chiqib ketadi, lekin uning asoratlari, tuzlar organizmda qoladi deydi. O‘g‘lingizdan tuzlar aniqlangan.

Jabrlanuvchi: Bir varaqlik narsami?

Sudya: To‘qqiz varaq.

Jabrlanuvchi: Menga tushuntirmay, bir varaq narsaga imzo qo‘ydirgandi-da.

Sudya: Aka, hozir ko‘rsat desangiz, ko‘rsatishim ham mumkin. Lekin tavsiya qilmayman. Ichida rasmlar bor. Yomon ta’sir qilishi mumkin.

Jabrlanuvchi: Bo‘ldi, tushundim.

Jabrlanuvchi Zoyirjon Mamadaliyev ko‘rsatmasi

Jabrlanuvchi Zoyirjon Mamadaliyev 1991-yil Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida tug‘ilgan. Ustachilik qiladi. 2019-yil cyentabrda tug‘ilgan o‘g‘li 2022-yil noyabr oyida shamollashdan tuzalish uchun dori ichib, ahvoli og‘irlashgan va vafot etgan.

Jabrlanuvchi: O‘g‘lim gripp bo‘lib, burni oqaverdi, dorixonaga borib, “yaxshi dori bering” desak, “Dok-1 Maks”ni berdi. Qoshiqchasida yarimlatib ikki yoki uch mahal bergandik. Shuni ichgach, og‘irlashishni boshladi. Isitmasi ko‘tarilib, ichgan suvidan tortib yegan narsasigacha hammasini qayt qilib, og‘irlashaverdi.

Keyin o‘zimizning kasalxonaga olib chiqdik. Ertasi kuni xususiy shifoxonaga olib bordik. U yerda bir kun qoldi. Tekshirib, qon tahlillarini ko‘rishdi, siydik tahlili yo‘q. Ular davlat kasalxonasiga jo‘natdi. U yerda tekshirib ko‘rib, “bizda [apparatlar] yo‘q” deb, Farg‘onaga jo‘natdi.

Farg‘onada dializga olib bordi. Buyrakni vaqtincha ishlatib turadigan buyrak apparati bor ekan, o‘sha yerga olib borib, uch kuncha qarashdi. Farg‘onada 15 kun davolandi, 15-kuni o‘tib qoldi.

Sudya: Siz dorini o‘zingiz olganmisiz yoki olib kelib berishganmi?

Jabrlanuvchi: Dadam olib kelibdi.

Sudya: Dorilar qayerda?

Jabrlanuvchi: Bizniki hamma [zaharlanishlar]dan avval, noyabrda bo‘lgan-ku. Bu holat dekabr-yanvarlarda televizorlarda reklama bo‘lib chiqib, shov-shuv bo‘lgach, o‘zim olib, yoqib yuborganman. Shov-shuv bo‘lmaguncha o‘sha doridan bo‘lganini ham bilmagandim. Bir haftalardan keyin ichki ishlar kelib, so‘roq qilganda yoqib yuborganimni aytdim. Ularni dorixonachining oldiga ham olib bordik, uni ham so‘roq qilishdi.

Prokuror: Kimga nisbatan qanday da’vongiz bor?

Jabrlanuvchi: Davlat qanday jazo bersa, shunga rozimiz.

Prokuror: Moddiy-ma’naviy da’vongiz bormi?

Jabrlanuvchi: El qatori nima bo‘lsa, shu endi.

Advokatlardan biri: O‘g‘lingiz kasal bo‘lganda simptomlari ko‘ringan. To dori ichirguncha do‘xtir chaqirib ko‘rdingizmi, yo‘qmi?

Jabrlanuvchi: Yo‘q. Dori ichmasdan oldin sog‘lom edi. Ichgandan 3−4 kun o‘tib boshlandi-da. Keyin sekin-sekin bir nechta do‘xtirlarga ko‘rsataverdik. O‘tkir buyrak yetishmovchiligi tashxisi qo‘yishdi.

Advokat: Simptomlar sezilganda dorini ichirishdan oldin do‘xtirga ko‘rsatib ko‘rmadingiz-a? Rafiqangiz vrachmi, oilangizda vrach bormi?

Jabrlanuvchi: Vrach yo‘q.

Sud ishini 13-noyabr, dushanba kuni davom ettiradi.