Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 2023-yilning 9-noyabr kuni Italiya Respublikasi prezidenti Serjo Mattarella farzandi Laura Mattarella hamrohligida rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov xabar qildi.

Toshkent xalqaro aeroportida ularni bosh vazir Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi. Shundan so‘ng, Oliy martabali mehmon o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga jo‘nab ketdi.

Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, tashrif doirasida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi.

Kun tartibidan O‘zbekiston bilan Italiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.

O‘zbekiston prezidentining 2023-yil iyun oyidagi Italiyaga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashiladi. Sammit yakunida qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

Shuningdek, prezident Serjo Mattarella Samarqand va Xiva shaharlariga tashrif buyurib, O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosi bilan tanishadi.