9-noyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ostonaga rasmiy tashrifi doirasida Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan tor va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkazdi, shuningdek, har ikki davlatning XIX mintaqalararo hamkorlik forumida ishtirok etdi.

Qozog‘iston rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muzokaralar yakunida Toqayev va Putin mamlakatlar o‘rtasida XXI asrda yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik to‘g‘risidagi shartnoma qabul qilinganining o‘n yilligiga bag‘ishlangan qo‘shma bayonot hamda 2024−2026-yillar uchun hamkorlik rejasini imzoladilar.

Tomonlar tadbirlar rejasini kelishib oldilar:

  • 2024−2026-yillarda jismoniy tarbiya va sport sohasida hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida;
  • Qozog‘iston Moliya vazirligining Davlat daromadlari qo‘mitasi va Rossiya Federal bojxona xizmati o‘rtasidagi 2024−2025-yillarga mo‘ljallangan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida.

Bundan tashqari, Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasida quyidagi memorandumlar imzolandi:

  • Energetika vazirliklari o‘rtasida uchta: “Kokshetau”, “Semey” va “Ust-Kamenogorsk” issiqlik elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida;
  • Qozog‘iston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish qo‘mitasi hamda Rossiya Mehnat va bandlik federal xizmati o‘rtasida mehnat inspeksiyasi masalalari bo‘yicha o‘zaro tushunish va hamkorlik to‘g‘risida.

Qozog‘iston prezidenti teleradiomajmuasi va ITAR-TASS o‘rtasida axborot hamkorligi to‘g‘risidagi bitim prezidentlar imzolagan yana bir hujjat bo‘ldi.

Mintaqalararo hamkorlik forumidagi nutqida Toqayev Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash bugungi kunda rekord darajadagi 27 mlrd dollarga yetganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda 20 ming rus kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Rossiyadan mamlakat iqtisodiyotiga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya 20 mlrd dollarni tashkil etadi.

Toqayev ikki davlat o‘rtasidagi energetika sohasidagi hamkorlikning “o‘sib borayotgan darajasini” qayd etdi. “Yaqinda Rossiya gazining Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga tranzitini boshlagani muhim voqea bo‘ldi. Bu loyiha Markaziy Osiyoda mintaqaviy barqarorlik va energetika xavfsizligini mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi”, — dedi u.

владимир пuтин, россия - қозоғистон, қасим-жомарт тоқаев

Qozog‘iston rahbari, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishi saqlash infratuzilmasini, jumladan, liftlar, sabzavot va meva saqlash omborlarini rivojlantirish bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston va Rossiyada logistika va saqlash tizimlaridagi kamchiliklar tufayli o‘z qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yo‘qotilishi 40 foizni tashkil etadi.

“Qozog‘iston yaqin kelajakda iqlim nazorati ostidagi mahsulotlarni saqlash quvvatini 1 mln tonnaga oshirishni rejalashtirmoqda. Bizning istiqbolli bozorlarimiz bor: Xitoy, Hindiston va Yaqin Sharq. Ularning oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojini hisobga olgan holda, „Shimol-Janub“ transport koridorining roli ham ortadi. O‘zaro hamkorligimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri Markaziy Osiyo orqali yangi logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish va Xitoyga mavjud yo‘nalishlar o‘tkazish imkoniyatini oshirish bo‘lishi mumkin”, — dedi Toqayev.

Prezidentlar muzokaralar chog‘ida, Akordaning ta’kidlashicha, neft-gaz sanoati, mashinasozlik, energetika, transport-logistika, sog‘liqni saqlash va madaniy-gumanitar aloqalar kabi sohalardagi hamkorlikni ham muhokama qildilar.

“Rossiya Qozog‘istonning strategik hamkori va ittifoqchisi. Umumiy tarix, mustahkam do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonchning buzilmas qadriyatlariga asoslanib, biz ko‘plab sohalarda o‘zaro manfaatlarni amalga oshirishning yorqin namunasi bo‘lgan davlatlararo munosabatlarni qurdik”, — dedi Toqayev matbuot anjumanida.

“Bugungi muzokaralar haqiqatan ham ishchanlik va konstruktiv ruhda o‘tdi hamda juda samarali bo‘ldi. Biz ikki tomonlama aloqalarning butun majmuasini batafsil muhokama qildik… Tashrif davomidagi birgalikdagi ishlarimiz natijalari, shubhasiz, xalqlarimiz farovonligi yo‘lida ko‘p qirrali Rossiya-Qozog‘iston munosabatlarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi”, — dedi Rossiya prezidenti.