O‘zbekiston Professional futbol ligasi (O‘zPFL) 12-noyabr kuni Qarshi shahrida bo‘lib o‘tadigan 2023-yilgi O‘zbekiston Kubogi finali uchun maxsus videorolik tayyorladi. Rolikda final uchrashuvida to‘qnash keladigan ikki jamoa — Qarshining “Nasaf” va Olmaliqning OKMK jamoalarining murabbiylari va futbolchilari ham suratga tushgan.

OKMK bosh murabbiyi Mirjalol QosimovOKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov

Nike kompaniyasining 1990-yillar oxiri — 2000-yillar boshidagi jahonning mashhur futbolchilari ishtirokida suratga olingan mumtoz reklama roliklarini (ayniqsa, “Joga Bonito — The Mission"ni) yodga soluvchi video boshida qora furgon rulida o‘tirgan haydovchi (OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov) O‘zbekiston Kubogining suratiga qarab, mashina ichidagi sheriklari (OKMK futbolchilari)ga tezlashish kerakligini uqtiradi.

OKMK futbolchilari (chapdan) Botirali Ergashev, Siyovush Haqnazariy, Anzur Ismoilov, Ruben Sanches.OKMK futbolchilari (chapdan) Botirali Ergashev, Siyovush Haqnazariy, Anzur Ismoilov, Ruben Sanches.

Yo‘lda ularni boshqa bir mashina ta’qib qiladi, ammo yeta olmaydi. Furgon kerakli manzilga kelganidan so‘ng, haydovchi sheriklariga qarab: “Qani, bolalar boshladik”, deb ko‘rsatma beradi.

O‘zPFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev.O‘zPFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev.

Shundan so‘ng haydovchining qora kiyingan, yuzlariga qora niqob taqqan sheriklari mashinadan shoishilib tushib, binodan o‘zlariga kerakli narsani qidira boshlaydi. Ularning xatti-harakatlarini bino qo‘riqlash xizmati xodimi (O‘zPFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev) kameralar orqali ko‘rib qolib, signalizatsiyani bosadi. Shu vaqt vertolyot ovozi eshitiladi.

“Nasaf” futbolchilari (chapdan) Javohir Siddiqov va Alibek Davronov.“Nasaf” futbolchilari (chapdan) Javohir Siddiqov va Alibek Davronov.

Rolikning oxirgi qismida qora furgon haydovchisining sheriklaridan biri (OKMK futbolchisi Sanjar Tursunov) qidirganini — shohsupada turgan O‘zbekiston Kubogini topadi.

“Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev.“Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev.

Shu vaqt qarshisidan qora kiyingan boshqa bir guruh shaxslar a’zosi (“Nasaf"ning braziliyalik futbolchisi Lima Kruz) chiqib keladi, ularni esa boya yo‘lda qora furgonni ta’qib qilgan mashina haydovchisi (“Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev) kuzatib turgan bo‘ladi.

OKMK futbolchisi Sanjar Tursunov va “Nasaf” futbolchisi Mateus Lima Kruz.OKMK futbolchisi Sanjar Tursunov va “Nasaf” futbolchisi Mateus Lima Kruz.

Ikki tomon Kubokni talashishga tayyor turgan vaqtda xonaga qo‘lida to‘p bilan hozirgina vertolyotdan tushgan hakamlar brigadasi kirib keladi. Rolik O‘zbekiston Kubogi final uchrashuvi qachon va qayerda o‘tishi haqidagi eslatma bilan yakuniga yetadi.

Munosabat

Ayni vaqtda, aksariyat kuzatuvchilar, internet foydalanuvchilarining aksariyati rolikda murabbiylar Mirjalol Qosimov va Ro‘ziqul Berdiyev, shuningdek, O‘zPFL rahbari Diyor Imomxo‘jayevning shaxsan o‘zi ham qatnashganini alohida e’tirof etgan.

“Mirjalol akani ko‘ndirishganiga qoyil. Ro‘ziqul akani gapirtirishga baribir ko‘ndirisholmagan (balki rol shunday bo‘lgandir) shekilli”, — deb yozgan Shahboz Beg‘amov videoni “top darajadagi promo-rolik” deya ta’riflagan. “Jilla qursa nimalardadir o‘sish borligidan odam xursand bo‘ladi”, — deb yozgan “Futgol” kanali muallifi.

“Yaxshi video ishlanibdi. Finalga bo‘lgan qiziqishni oshiradi. CHLdagi natijalar o‘z yo‘liga, o‘zimizning futbol boshqa masala ekaniga zo‘r targ‘ib”, — deya munosabat bildirgan taniqli jurnalist va futbol sharhlovchisi Xayrulla Hamidov.

Rejissyor Sarvar Karimov rolikni ulasharkan, uni do‘sti Dilmurod Agzamov suratga olganini ma’lum qilgan. Karimovning tvitiga javoban, internet foydalanuvchilardan biri bu rolikni ko‘rib endi O‘zbekiston Kubogi finalini ko‘rishga qaror qilganini yozgan.

Yana bir foydalanuvchi esa rolikdan 15 soniya kesib olib, Toshkentni Termiz bilan bog‘lovchi xalqaro M-39 yo‘lidagi videoreklama inshootiga chiqarishini aytgan. Rolikni maqtagan, u haqda ilik fikr bildirgan faollar, foydalanuvchilar ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Bir qator kuzatuvchilar O‘zPFLning videosi “chala ekani"ni aytib, “to‘lig‘ini bu yerda ko‘rib oling” deb Nike’ning “Joga Bonito — The Miission” reklamasiga havola qoldirgan. O‘zPFL vakillari “Gazeta.uz” bilan suhbatda bunday o‘ziga xos tanqidlarga tayyor ekanliklarini, haqiqatan ham “Nike reklamalaridan ilhomlanilgani"ni tan oldi, o‘z navbatida, rolik “muxlislarga manzur bo‘lgani holda tarixda qolishiga” umid bildirdi.

Trenddan qolmaydigan O‘zPFLning roliklari

O‘zPFLning matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda faol va trendlardan qolishmaslikka harakat qiladi. Trenddan kelib chiqib qilingan ishlarning so‘nggisi sifatida O‘zbekiston Superligasi klublari murabbiylari va futbolchilarining Photolab’da ishlangan hazil suratlarini ko‘rsatish mumkin.

Tashkilot o‘zi o‘tkazayotgan musobaqalar targ‘iboti uchun mo‘ljallangan anons, intro va hisobot videolarini tayyorlashga alohida e’tibor qaratadi. Xususan, Superliganing 2022 va 2023-yilgi mavsumlari uchun tayyorlangan introlar, futzal chempionati uchun ishlangan roliklar alohida e’tiborga molik.

Ular orasida Angliya Premer-ligasining roliklarini eslatadigan videolar ham bor. O‘zPFL vakillari bunday roliklarni tayyorlashda Yevropaning eng kuchli chempionatlari uchun chiqarilgan shu kabi media mahsulotlardan o‘rganishlarini yashirmaydi.

Liga so‘nggi yillarda O‘zbekiston Kubogini media e’tibori nuqtai nazaridan o‘zining eng qiziqarli musobaqalaridan biriga aylantira oldi. Masalan, 2022-yili Buxoroda bo‘lib o‘tgan final uchrashuvi oldidan Kubokning Toshkentdan Buxoroga safari, jumladan, Buxorodagi sayyohlar bilan tanishuvi haqida rolik e’lon qilingan edi.

Shuningdek, 2022-yilgi finalga O‘zPFLning o‘zi qanday tayyorgarik ko‘rgani va ushbu o‘yinda VAR tizimi qanday ishlagani haqidagi roliklar ham alohida e’tiborga molik.

2023-yilgi final

O‘zPFL 2020-yilgi mavsumdan beri Kubok finaliga mezbonlik qiluvchi shaharni qur’a yordamida aniqlamoqda. Shunday qur’a natijasiga ko‘ra, 2020-yilgi final Namanganda, 2021-yili Samarqandda, 2022-yili esa Buxoroda o‘tkazilgan edi. 2023-yilgi final mezbonligiga Toshkentdagi “Bunyodkor” va “Jar”, Farg‘onadagi “Istiqlol” va Qarshidagi “Markaziy” stadionlari da’vogar edi. Yakunda qur’a Qarshini tanladi.

O‘zbekiston Kubogi finali o‘tkazilgan stadionlar. Illyustratsiya: O‘zPFLO‘zbekiston Kubogi finali o‘tkazilgan stadionlar. Illyustratsiya: O‘zPFL

“Nasaf” va OKMK o‘rtasidagi final uchrashuvi 12-noyabr, yakshanba kuni soat 17:00 da boshlanadi. O‘yinni Aziz Asimov boshliq hakamlar brigadasi boshqarib boradi. O‘yin uchun elektron chiptalar sotuvi 8-noyabrdan boshlangan, 10-noyabrdan stadionning o‘zida sotib olish mumkin bo‘ladi. Chiptalar 30 mingdan 100 ming so‘mgacha bo‘lgan narxda sotuvga chiqarilgan.

Ma’lumot uchun, OKMK finalgacha asosan quyi liga vakillari bilan bahs olib borgan, faqat yarim finalda 2022-yilgi finalchi — Namanganning “Navbahor” jamoasiga to‘qnash kelib, penaltilar seriyasidagi g‘alaba evaziga finalga chiqqan edi. “Nasaf” esa yarim finalda Samarqand “Dinamo"sini 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi (qayd etish joiz, “dinamochilar” chorak finalda “Paxtakor"ni musobaqadan chiqarib yuborgandi).

“Nasaf” va OKMKning O‘zbekiston Kubogi-2023 finaliga qadar bosib o‘tgan yo‘li. Illyustratsiya: O‘zPFL“Nasaf” va OKMKning O‘zbekiston Kubogi-2023 finaliga qadar bosib o‘tgan yo‘li. Illyustratsiya: O‘zPFL

“Nasaf” ketma-ket uchinchi mavsum Kubok finaliga chiqmoqda. O‘tgan ikki safargi final qarshiliklar bir xil — 2:1 hisobidagi g‘alabalari bilan yakuniga yetgan edi: 2021-yili “Paxtakor”, 2022-yilda esa “Navbahor” mag‘lub etilgandi. OKMK esa ikki yillik tanaffusdan so‘ng yana finalda — olmaliqliklar bungacha 2018−2020-yillarda ketma-ket finalga chiqqan, g‘oliblik uchun har safar “Paxtakor” bilan o‘ynagan, lekin faqat bir safar — 2018-yili Kubokni qo‘lga kirita olgandi, xolos.