Shuhrat Abdusharifovich Vafayev O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi (SIA) bosh direktori lavozimidan ozod etildi, deya xabar berdi “Gazeta.uz”ga hukumatdagi manbasi.

Uning o‘rnini Prezident administratsiyasi xodimi Bahodir Rahmatov egallashi kutilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-noyabr kuni SIA faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi (“Gazeta.uz”da hujjat nusxasi mavjud). Xususan, endilikda agentlik bosh direktori bir vaqtning o‘zida Prezident administratsiyasining Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil departamenti boshlig‘ining o‘rinbosari (e’lon e’lon qilinayotgan vaqtda ushbu lavozimni Bekzot Mavlonov egallab kelayotgan edi). Agentlik rahbari bundan keyin ham prezident tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

SIA rahbari o‘rinbosarlari maqomi bo‘yicha Prezident administratsiyasi sektori mudiriga tenglashtirilib, prezident yordamchisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.

Yangi tuzilmaga ko‘ra, agentlik bosh direktorining bir o‘rinbosari bo‘ladi (hozirda bir nafar birinchi o‘rinbosar va o‘rinbosar mavjud). Shuningdek, qariyb barcha boshqarma va bo‘limlar, jumladan, Strategik tashabbuslarni ilgari surish boshqarmasi, Davlat dasturlari monitoringi boshqarmasi, Xalqaro moliya institutlari va xalqaro tashkilotlar bilan ishlash boshqarmasi, Soha va tarmoqlarda islohotlarni muvofiqlashtirish boshqarmasi, Islohotlarni baholash va tizimli muammolarni aniqlash boshqarmasi, Davlat boshqaruvini takomillashtirish boshqarmasi va boshqalar ham qisqartirilmoqda.

Ular o‘rniga ilg‘or xorijiy tajriba va reytinglarni o‘rganish asosida muhim tashabbuslarni ishlab chiqish guruhi, amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini baholash va monitoring qilish guruhi, xalqaro va xorijiy tashkilot hamda institutlar bilan o‘zaro hamkorlikka asoslangan muhim tashabbuslarni ishlab chiqish guruhi, xorijiy ekspertlar va maslahatchilar bilan o‘zaro hamkorlik guruhi, ilmiy tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik asosida muhim tashabbuslarni ishlab chiqish guruhi, loyihalarni boshqarish guruhlari tashkil etilmoqda.

Agentlik Amir Temur shoh ko‘chasi, 107B-uydan Islom Karimov ko‘chasi, 43-uyda joylashgan Prezident administratsiyasi binosiga ko‘chadi.

Shtatlar soni 50 dan 20 kishiga qisqartirildi.

Strategik rivojlanish agentligi 2021-yil iyul oyida tashkil etilgan edi. Uning vazifalari qatoriga investitsiyalarni jalb qilish, tarmoqlar va hududlar bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish kiritildi. 2022-yil sentabr oyida mazkur organ Strategik islohotlar agentligi etib qayta tashkil etildi va unga Shuhrat Vafoyev rahbar bo‘ldi.