Buxoro aeroporti orqali tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan 96 dona numizmatika ashyosiini olib chiqishga bo‘lgan urinishning oldi olindi, deya xabar bermoqda viloyat bojxona boshqarmasi matbuot xizmati.

Buxoro-Vnukovo aviareysi orqali harakatlanayotgan fuqaro aeroportning bojxona nazorati zonasidan o‘tish davomida uning kuzatib boriladigan yuki inspeksion ko‘rik majmuasi yordamida skanerdan o‘tkazilgan.

Natijada hech qanday tegishli hujjatlarda ko‘rsatilmagan va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida ma’lum qilmagan jami 96 dona tarixiy tanga borligi aniqlangan.

Hozirda mazkur tangalarning qadimiylik darajasini aniqlash maqsadida Buxoro viloyati madaniy meros boshqarmasi tomonidan badiiy ekspertiza tayinlangan. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi qonun hamda “Madaniy boyliklarni olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi nizom talablariga muvofiq, ellik yil muqaddam va undan ham oldin yaratilgan madaniy boyliklarni O‘zbekiston hududidan olib chiqish ta’qiqlanadi.