Taftish.uz internet nashri sobiq rahbari G‘ayrat Aberayevga nisbatan sirtdan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi. Bu haqda Buxoro viloyati prokuraturasi axborot xizmati xabariga tayanib, Telegram`dagi GENERALISSIMUS kanali ma’lum qildi.

Mazkur xabar viloyat prokuraturasining Telegram`dagi sahifasidan olib tashlangan. “Gazeta.uz” muxbiri tashkilot matbuot xizmati bilan bog‘langanda buning texnik nosozlik tufayli yuz bergani va yaqin orada xabar qayta joylashtirilishi aytildi.

Xabarga ko‘ra, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Shofirkon tumani bo‘limi tomonidan Aberayevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ayblov

Prokuraturaning qayd etishicha, G‘ayrat Aberayev Shofirkon tumani hududida yashovchi fuqarolarni aldab, Taftish.uz saytining ijtimoiy tarmoqlardagi kanali orqali ularning muammolarini hal qilib berish evaziga juda ko‘p miqdordagi pullarini olib, shaxsiy extiyojlariga ishlatib yuborgan.

U, xususan,

  • 2020-yil oktabrda muqaddam Konimex tumanidagi “Alibek Islom” MCHJ rahbari A.I.ga qarashli bo‘lib, keyinchalik tuman Qorako‘lchilik shirkati balansiga o‘tkazib yuborilgan 1400 gektar yaylov yerlarni fermer xo‘jaligi nomiga qayta rasmiylashtirib berish evaziga A.I.dan 5000 dollar va boshqa moddiy qimmatliklarni olib, shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflagani;
  • fuqaro Q.Xdan tuman hokimligi zaxirasiga olingan 1800 gektar yaylov yerlarni uning o‘ziga qaytarib olishda yordam berishini aytib, evaziga 22 ming dollarni olib, talon-toroj qilgani;
  • fuqaro M.S.ga Jinoyat kodeksining 105-moddasi (Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) bilan sodir etgan jinoyati uchun qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan vaqtda (2022-yil noyabr) uning otasi I.S.ga o‘g‘lini qamoqdan chiqarishga yordam berishini aytib, undan 5000 dollarni firibgarlik yo‘li bilan olgani (tergovga qadar tekshiruvda M.S.ning apellyatsiya sudlov bosqichida jabrlanuvchi bilan yarashgani sababli qamoqdan ozod etilgani aniqlangan);
  • 2022-yil aprel oyida fuqaro A.H.ning Andijon viloyatida Milliy gvardiyada ishlovchi ukasi A.H.ning ishini Buxoro viloyatiga ko‘chirib berish evaziga undan firibgarlik yo‘li bilan 800 dollar olgani;
  • 2021-yil bahorida J.U.dan 10−15 kunda qaytarib berish sharti bilan 500 dollar olib, hozirga qadar qaytarmasdan, aldab kelgani aytilmoqda.

“Qayd qilingan holatlarda Aberayev fuqarolarni aldash orqali ularning jami 33,3 ming dollarini o‘zlashtirib, talon-toroj qilib yuborgan”, — deyiladi prokuratura xabarida.

2023-yil 6-noyabr kuni u Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan firibgarlik), 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdordagi firibgarlik) hamda 25, 211-moddasi 2-qismi “a” bandi (Takroran, xavfli retsidivist yoki ilgari ushbu kodeksning 210 yoki 212-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan pora berish) bilan ishda ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Hozirda Peshku tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Viloyat prokuraturasining qo‘shimcha qilishicha, ayblanuvchi ushbu ehtiyot chorasi qo‘llanganidan boshlab 10 kun ichida o‘z xohishi bilan tegishli tashkilotga kelmasa, unga nisbatan qidiruv e’lon qilinadi.

G‘ayrat Aberayev o‘zining Facebook sahifasiga oxirgi marta 4-noyabr kuni post joylagan. Shu yilning 20-oktabrida yozgan postida esa Taftish.uz rahbarligidan, umuman, ushbu ommaviy axborot vositasi jamoasidan butunlay ketganini e’lon qilgan.

“Hozirgi kunda mustaqil ravishda ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yuritmoqdaman. Kelajakda biror-bir ommaviy axborot vositasida faoliyat yuritish yoki yuritmaslik haqida hali o‘ylab ham ko‘rganim yo‘q. 3-oktabr kuni mazkur axborot agenligiga O‘lmas To‘layev rahbar etib tayinlangan”, — deya ta’kidlagan Aberayev.

Taftish.uz saytidagi ma’lumotga ko‘ra, nashr axboriy yangiliklarni yoritish bilan bir paytda, jurnalistik surishtiruvlarni ham olib boradi. Rahbar sifatida G‘ayrat Aberayev ko‘rsatilgan. Nashrning aniqlik kiritishicha, sayt rahbari haqiqat ham o‘zgargan, ammo ma’lumot hali yangilanmagan.