3-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Sport sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi [583-sonli] qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Qaror bilan davlat sport ta’lim muassasalariga hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi futbol akademiyalariga o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilish, ularning o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlari tasdiqlandi.

Reglamentga ko‘ra, davlat sport ta’lim muassasalariga o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilish uchun ariza beruvchilar har yili quyidagi muddatlarda Davlat xizmatlari markaziga yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali murojaat qiladi:

  • Olimpia va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari uchun 20-iyundan 20-iyulgacha (shu kuni ham);
  • Sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport maktablari, Olimpia va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari uchun 1-avgustdan 21-avgustgacha (shu kuni ham).

So‘rovnoma to‘ldirilib, 3 ish kunida ko‘rib chiqiladi.

Ariza beruvchining yashash manzili bo‘yicha sport ta’lim muassasasida tanlagan sport turi bo‘lmagan taqdirda, yaqin hududda joylashgan boshqa sport ta’lim muassasasi biriktiriladi.

Ariza beruvchi murojaati bo‘yicha yuborilgan sport ta’lim muassasasiga onlayn navbat bo‘yicha boradi va tegishli hujjatlarni taqdim etadi. Shunga ko‘ra, qabul komissiyasi 1 ish kunida hujjatlarni imtihon topshirish uchun qabul qilish yoki sababini aniq ko‘rsatgan holda uni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Murojaat rad etilganda ariza beruvchi 5 ish kunida avvalgi ariza raqamini ko‘rsatib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etgan holda qayta murojaat qilishi mumkin. Davlat xizmati ko‘rsatilganligi uchun ariza beruvchidan yig‘im undirilmaydi.

Mazkur davlat xizmati 2023-yil 1-dekabrdan boshlab ko‘rsatilishi belgilangan.

Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan har yili 1-yanvargacha davlat xizmati ko‘rsatiladigan hududlar ro‘yxati, qabul muddatlari tasdiqlanib, o‘z rasmiy saytida e’lon qilinadi.

Ushbu tartib boshqa vazirlik va idoralar tizimidagi sport ta’lim muassasalari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.