O‘zbekistonda 2024-yilgi davlat budjetidan Madaniyat vazirligiga 1 trln 100 mlrd 445 mln 300 ming so‘m ajratilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan “2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilariga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlari bo‘yicha ilovada ma’lumot berilgan.

Ajratilgan mablag‘ning 820 mlrd so‘mdan ko‘prog‘i joriy xarajatlarga yo‘naltirilishi kutilmoqda. Bunday xarajatlarga quyidagi bandlar kiradi:

  • rivojlantirish dasturlari uchun xarajatlar — 149 mlrd 500 mln so‘m;
  • davlat buyurtmasiga asosan milliy kino mahsulotlarini yaratish uchun xarajatlar — 105 mlrd so‘m;
  • milliy seriallar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish uchun respublika miqyosida faoliyat yurituvchi telekanallarga ajratiladigan subsidiyalar — 12 mlrd so‘m;
  • “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalini o‘tkazish uchun xarajatlar — 10 mlrd so‘m;
  • bolalar musiqa va san’at maktablari hamda madaniyat markazlarini milliy cholg‘u asboblari bilan ta’minlash uchun xarajatlar — 7 mlrd 500 mln so‘m;
  • xorijiy kinokompaniyalar tomonidan O‘zbekiston hududida kino ishlab chiqarish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun xarajatlar — 5 mlrd so‘m.

Vazirlik xarajatlari tarkibida, shu jumladan, qayta taqsimlanadigan mablag‘lar ham nazarda tutilgan. Ularga obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalar (280 mlrd so‘m) hamda Samarqand viloyatida ommaviy-madaniy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar kiradi (10 mlrd so‘m).

Skrinshot: “2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasiSkrinshot: “2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi