Bundan 46 yil muqaddam — 1977-yilning 6-noyabr kuni Toshkent metropolitenining “Olmazor"dan “Amir Temur xiyoboni"gacha bo‘lgan dastlabki 9 ta stansiyasi foydalanishga topshirilgan edi. O‘tgan davr mobaynida metro stansiyalari soni 48 taga, metro yo‘llarining uzunligi esa salkam 70 kilometrga yetdi.

2016-yildan buyon Toshkent metrosi o‘z taraqqiyotining yangi bir davrini boshdan kechirmoqda. So‘nggi uch yildan beri muntazam yangi bekatlar foydalanishga topshirilmoqda, yangi harakatlanuvchi tarkiblar olib kelinmoqda. Ammo metro faoliyati har doim ham bir tekisda kechmagan. Har sohada bo‘lganidek, turli davrlarda turfa o‘zgarishlar kuzatilgan.

Metro bekatlariga yangi nom qo‘yilishini ham ana shunday o‘zgarishlardan biri deya e’tirof etish mumkin (2023-yil avgustida yerusti metrosining birdaniga 19 ta bekatiga nom berilishi bu toifaga tushmaydi — nomi yo‘q, faqat raqamlangan bekatlarga “ism qo‘yildi”, bor “ismi” o‘zgartirilgani yo‘q).

1991-yildan beri Toshkent metrosining 13 ta bekati nomi o‘zgartirilgan, ulardan ba’zilarining nomi esa bir necha bor almashgan. “Gazeta.uz” Toshkent metrosining “tug‘ilgan kuni” munosabati bilan aynan shu — nomi o‘zgargan bekatlar mavzusida test tayyorladi: Toshkent metrosi haqidagi bilimlaringizni sinab ko‘ring va siz metro bilimdonimi, gid yo oddiy yo‘lovchi — bilib oling.