2023-yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonga mobil telefonlarning rasmiy importi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18,1 foizga oshdi. Bu haqda prezident huzuridagi Statistika agentligi xabar bermoqda.

Yil boshidan buyon 2,58 mln dona qurilma yetkazib berildi, bu 2022-yilning mos davri (2,18 mln dona) bilan solishtirilganda 398 361 taga ko‘p (2021-yilning shu davrida esa 133,2 mln dollarlik 1,9 mln dona telefon import qilingan). Yetkazib berish hajmi 23,3 foizga o‘sdi — 144,5 mlndan 178,2 mlngacha.

Agar o‘tgan yili bitta telefon narxi o‘rtacha 66,3 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, bu yil 69,2 dollarni tashkil etadi.

Qurilmalarning asosiy qismi (89,2 foiz) hali ham Xitoydan import qilinadi — 2,3 mln. Xitoydan yetkazib berish hajmi 600 mingtaga (+43,7 foiz) oshgan.

Agar o‘tgan yili BAA yetkazib berish bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa (247,4 ming), endi ular to‘rtinchi o‘ringa tushib ketdi — bu mamlakatdan import 7,7 mingta qurilmaga kamaydi. Hindistondan esa 153,8 mingdan 32,5 mingga, Qozog‘istondan 25,4 mingdan 2,5 mingga tushgan.

Vetnam yetkazib berishni 156,5 mingdan 223,1 mingtaga oshirgan.

Taqqoslash uchun: 2019-yilning yanvar-oktabr oylarida O‘zbekistonga rasman bor-yo‘g‘i 79,9 mingta telefon import qilingan.

2020-yilning sentabr oyida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini pulli ro‘yxatga olishni joriy qilish sababli mahsulotlarning rasmiy importi hajmi bir necha barobarga o‘sganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq hukumat O‘zbekistonga telefonlar olib kirishdagi cheklovlarni yumshatgan edi. Shu paytgacha jismoniy shaxslar har 6 oyda faqat bitta telefon olib kirgan bo‘lsa, 2024-yilning 28-yanvaridan har safar chegaradan o‘tishda 2 ta olib kirishlari mumkin, lekin ularni majburiy deklaratsiyalash lozim.